20:04 / 12.04.2020
35390

«Buyuk kelajakni xohlasak, ayollarga munosib bilim berishimiz kerak» - Chikago universitetining o‘zbek magistranti bilan suhbat

«Xorijdagi o‘zbeklar» ruknining navbatdagi qahramoni – AQShning Chikago universiteti magistratura bosqichi talabasi Nigoraxon Sodiqova.

Nigoraxon xalqaro tijorat huquqi va davlat boshqaruvi yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Ma'lumot uchun, Chikago universiteti – qator nufuzli reytinglarda dunyoning TOP-10 universitetlari qatoriga kiritilgan, USNEWS reytingi bo‘yicha AQShda 3-o‘rinda turadi. Oliygoh bitiruvchilari orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, taniqli davlat va fan arboblari hamda mashhur biznes asoschilari talaygina.

– Sizningcha, huquqiy jihatdan OAVning erkinligi nima? AQSh va O‘zbekiston qonunchiligida OAV erkinligining kafolatlarini ta'minlanishida qanday asosiy farqlar bor?

– Avvalambor, har bir bildirilgan fikr yashashga haqli, deb hisoblayman. Inson muayyan masala yuzasidan o‘z fikriga ega bo‘lishi va uni bildirishga qo‘rqishi kerak emas, chunki bitta masalani har kim har xil qirralardan ko‘ra oladi va har bir insonning fikriga hurmat bilan qaray olish kerak. Hattoki u fikr sizning fikringizga mutlaqo qarshi bo‘lsa ham. AQSh jamiyati va xususan OAV ham shunday falsafaga asoslanadi.

AQShda OAV huquqiy jihatdan erkin bo‘lsa ham, bularda ham dezinformatsiya qilish, trolling qilish, o‘z g‘oyasini ommaga majburlab bog‘lashga urinish, manipulyatsiya qilish kabi salbiy ta'sirlar ham talaygina. Lekin AQSh OAV O‘zbekiston OAVdan juda katta farq qiladi, ularda OAV – haqiqatdan ham erkin, kuchli va mustaqil institut. OAV o‘zining reputatsiyasini o‘ylaydi, shuning uchun ular insonlar ishonchini yo‘qotishdan qo‘rqadi, ular uchun eng muhimi – insonlarning ishonchi.

OAV ko‘p jihatlardan qonunchilik shakllanishiga, muayyan muammoni yechishga ko‘makdosh bo‘ladi.

AQSh jurnalistikasining O‘zbekistonnikidan yana bir katta farqi – OAV mansabdor shaxslarni suhbatga tutishga, istalgan savoli bilan murojaat qilishga qo‘rqmaydi. Hattoki davlat rahbarini ham omma oldida so‘roqqa tutib, tanqid qilishadi. Davlat xizmatchisi bo‘lishni bo‘yniga oldimi, har qanday tanqidga va pressa tarafdan berilgan savollarga tayyor bo‘lishi kerak, degan g‘oya bor amerikaliklarda.

Amerikada siyosatchi bo‘lishning bahosi katta, OAV siyosatchilarni juda katta bosim va tanqid ostida ushlab turadi.

Shuni tan olish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston OAV ham juda katta shiddat bilan rivojlanib kelmoqda. Bu, albatta, juda katta yutuq, deb hisoblayman. Chunki muammoni gapirmasdan, tan olmasdan turib, uni yechib bo‘lmaydi. Bizda muammolar ko‘tarilyapti, ular gapirilib, OAV orqali yoritilyapti, demak bu degani masala yechimini izlash ham bo‘ladi.

Amerikada ham bunday kuchli institut bir kunda shakllanmagan, ularda bunday o‘zgarishga xususiy OAVlar sababchi bo‘lgan, deb o‘ylayman. Misol uchun SNN, Fox News kabi mashhur OAVni shaxsiy tadbirkorlar tashkil qilgan. O‘ylaymanki, biz ham xususiy OAVlarni rivojlantirishimiz kerak, chunki davlat tomonidan boshqarilgan OAVdan ko‘ra, xususiy boshqarilgan OAV oddiy odamlar uchun  ishonchliroq va shaffofroq bo‘ladi.

– Korrupsiyaning asosiy sabablari nimada? Davlat xizmatchilarining oylik maoshlari yuqori bo‘lishi korrupsiya bo‘lmasligining kafolati bo‘la oladimi?

– Korrupsiyaning asosiy sababi bu – davlat xizmatchilarining olgan maoshi bilan yashash xarajatlariga ketkazadigan mablag‘i bir-biriga to‘g‘ri kelmasligida va siyosiy institutlarning kuchsizligida, deb bilaman.

Davlat xizmatchilarining oylik maoshlari yuqori bo‘lishi korrupsiya bo‘lmasligini kafolati bo‘lmaydi, lekin uning minimum ko‘rsatkichga yetkazishga yordam beradi. Misol uchun, AQShda oylik maoshlar juda katta va shunga yarasha ishga kirish jarayoni ham juda murakkab va talabgirlar kuchli raqobat bilan imtihonlar asosida tanlab olinadi. Katta lavozimda ishlaydiganlarning ko‘p qismi saylov asosida ishga qo‘yiladi. Misol uchun, shahar hokimlari shahar saylovlarida o‘sha shaharda yashovchi aholining to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berishi orqali saylanadi.

Saylangan hokim har chorakda aholisiga qilingan ishlar bo‘yicha hisobot berib boradi va bu orqali shaffoflikni ta'minlab boradi. Shu bois, davlat xizmatchilari ishlab turgan lavozimini suiiste'mol qilishni xohlamaydi.

Lekin, qizig‘i shundaki AQShda ham xususiy sektorga ishga tanish-bilish orqali kirish keng tarqalgan. Bularda bu ochiqchasiga ham qilinadi, universitetlarning karera qilishga oid sessiyalarida mashhur kompaniyalarga ishga joylashish uchun ko‘proq tanish orttirish kerak, deb maslahat beriladi.

Albatta, bizdagi kabi, falonchining jiyani bo‘lganingiz uchungina lavozimga tayinlashmaydi. TOP-universitetlarga mashhur kompaniyalardan vakillar kelib, talabalar bilan axborot almashishadi va ularga kontaktlarini beradi va shu orqali ular tanishlarga aylanishadi, bu esa o‘sha kompaniyaga ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarga ko‘proq imkoniyat beradi.

Prezident Klinton nomidagi mukofot bilan takdirlangan studentlarni tabriklash uchun UChicago Harris School rektori tomonidan uyushtirilgan uchrashuvda

– O‘zbekiston huquq tizimida AQSh tajribasidan foydalanish mumkinmi?

– AQShning huquq tizimidan albatta ko‘p sohalarda o‘rnak olsak bo‘ladi, lekin hamma sohada emas. Xususan, Amerikaning tibbiyot tizimi va fuqarolarning qurolga ega bo‘lish huquqi juda ko‘p salbiy oqibatlarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Tibbiyot tizimida doktorlar qabuliga kirish uchun bemorlar 6 oylab kutishi, ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi haddan tashqari yuqoriligi, sug‘urta tizimi murakkabligi va boshqa bir qator omillar Amerikada tibbiyot tizimini o‘ta samarasiz qilib qo‘ygan.

Amerikaliklarning qurolga ega bo‘lish huquqi AQSh konstitutsiyasida kafolatlangan. Qurolga ega bo‘lish, sotib olish, ishlatish va sotib yuborish qoidalari har bir shtat uchun alohida tartibga solingan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, Amerikaning 40 foiz aholisida qurol bor, davlatda sodir bo‘ladigan suitsidlarning 60 foizi qurol ishlatilishi orqali sodir bo‘lgan va har yili 40 mingdan ortiq kishi quroldan halok bo‘ladi. Shu sababli AQSh dunyodagi yashash uchun eng xavfli davlatlar qatoridan joy olgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan ikki masala yuzasidan AQSh necha yillardirki qonunchilikka o‘zgartirish kiritishga choralar ko‘radi, lekin shu kunga qadar bu ikki sohani hal qilishda ijobiy natijaga erishilmay qolmoqda.

–  Amerikaning rivojlanish tarixi va bugungi taraqqiyotiga qarab nima deya olasiz, O‘zbekiston o‘z huquq tizimini yaratishda to‘g‘ri yo‘ldami? Yoki bu bo‘yicha biror tavsiyalaringiz bormi?

– Albatta, Amerika ham bir kunda Amerika bo‘lib qolmagan. Rivojlanish tarixiga nazar solsangiz, huquqiy tizimida kiritilgan har bir o‘zgartirish ortida tarixiy sabablar yotgan bo‘ladi. Bu o‘zgarishlarga oddiy halqning o‘zi sababchi bo‘lgan bo‘ladi.

Amerika bilimli insonlarga katta imkoniyatlar yaratadi, ularning rivojlanishi uchun hamma resurslarni ta'minlaydi, dunyo bo‘ylab talantlarni o‘zida yig‘adi. Shu sabab ham amerikaliklarda o‘qishga, izlanishga intilish yuqori.

O‘qib shahar olib berarmiding, degan ayrimlarga shuni aytgan bo‘lardimki, Amerika buyukligining eng asosiy manbayi – bu o‘qishga va o‘qiganlarga qaratilgan e'tibordir. Dunyo taraqqiyoti asosida o‘qish va izlanish yotibdi. Bizda shunday tor fikrlaydigan odamlargina mamlakatimiz rivojlanishimizga katta to‘siq bo‘lib kelmoqda.

Aslida ilm-fan rivojlanishida bizning ajdodlarimizning hissasi juda katta. Ular yozib qoldirgan qo‘llanmalardan hozirgacha nafaqat Amerika, balki butun dunyo foydalanmoqda. Amerikaning qaysi kutubxonasiga bormang, ajdodlarimiz to‘g‘risida ma'lumotlar topasiz, ular yozib qoldirgan qo‘llanmalarni har xil tillarda ko‘rasiz.

Chikago universitetining qadimiy kutubxonasi

Biz qachon, qaysi payt bilim olishdan, rivojlanishdan to‘xtadik, buni aytishga mening bilimim yetmaydi, lekin shunga ishonamanki, xalqimizni to‘g‘ri yo‘naltirsak, bilim bersak, katta potensialimiz bor. Bizda ham yashirin iste'dodlar talaygina, ularga imkoniyatlar berilishi kerak, rivojlanishi uchun sharoit qilinishi kerak deb o‘ylayman.

Shundagina O‘zbekiston nafaqat o‘z huquqiy tizimini, balki boshqa tizimlarni ham rivojlantirishda to‘g‘ri yo‘lda bo‘ladi, deb hisoblayman.

– AQSh safarida bo‘lganimda nogironlar harakatlanishi uchun har bir jamoat transportida shart-sharoit borligiga guvoh bo‘lgandim. AQShda nogironlarga berilgan preferensiyalar kanday?

– Avvalambor, AQSh va O‘zbekistonda nogironlar uchun yaratilgan sharoit va tartib umuman solishtirib bo‘lmaydigan darajada, chunki bu borada Amerika juda oldinlab ketgan.

Amerikada imkoniyati cheklanmagan insonlar qanday yashasa, imkoniyati cheklangan, ya'ni nogironlar ham huddi shunday, hech qanday cheklovlarsiz bir xil sharoitda yashay olishadi.

O‘zbekistonda nogironlar uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhda ishlaganimda, birinchi marta Amerika tajribasini o‘rgangandim. O‘shanda nogironlar uchun barcha sohadagi masalalarni o‘z ichiga olgan yagona hujjat – American Disabilities Act`ni o‘rganib hayratlanganman.

Bu amaliyotda qanday ishlashini ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘ldim. Shuning guvohi bo‘ldimki, hech bir ovqatlanish joylari, jamoat joylari, transportlar, mashina turar joylari, sport komplekslar,  maktab, universitetlarning auditoriyalari, xullas hech bir bino yoki jamoat joyi yo‘qki, har turdagi imkoniyati cheklangan insonlar foydalanishiga noqulaylik tug‘diradigan sharoit yaratilmagan yoki ular qo‘shimcha yordamsiz harakatlana olmaydigan bo‘lsa.

Ko‘chalarda yurib shunga amin bo‘lasizki, Amerikadagi imkoniyati cheklangan odamlar jamiyatning har bir sohasida imkoniyati cheklanmagan insonlar bilan barobar aktiv hayot tarzi olib boradi.

Chikago shahri Adminstratsiya rahbari, Illinoys shtati senatori Alma Anaya bilan

– Qonunchilikda nogironligi bor shaxslarni himoya qilishni yangi darajaga ko‘tarish katta mablag‘lar talab qiladi. Davlat, jamiyat, tadbirkorlar sinfi bunga moliyaviy jihatdan tayyormikin?

Menimcha, biz moliyaviy jihatdan tayyorlikni kutsak, hech kim hech qachon biz tayyormiz, deb tashabbus bilan chiqishiga hech qachon ishonmagan bo‘lardim. Bu masalani hal qilishda moliyaviy jihatdan ko‘ra, ko‘proq ma'naviy jihatdan tayyor bo‘lishimiz zarurroq, deb hisoblayman.

Misol tariqasida, oddiy bir tadbirkorning oshxonasini olsangiz ham, u uchun bitta pandus qurib yoki bitta stolini nogironligi bor shaxs uchun mo‘ljallab, ajratib qo‘yishi undan katta xarajat talab qilmaydi. Lekin afsus, aksariyat tadbirkorlarimiz hatto shuni o‘ylab ham ko‘rmagan.

Albatta, men bunda faqat tadbirkorlar sinfini ayblamagan bo‘lardim, bunda jamiyat va davlatning ham o‘rni katta. Agar Amerika misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda nogironligi bor shaxs qaysidir umumiy ovqatlanish joyiga erkin harakatlanib kirolmasa, mashina turar joyida o‘ziga moslashgan joyga mashinasini qo‘ya olmasa yoki kafeda o‘ziga mo‘ljallangan stol bo‘lmasa, u kafega juda katta jarima solinadi va nogironligi bor shaxs bemalol o‘sha ovqatlanish joyini sudga berib, ma'naviy zarar ko‘rgani va unga nisbatan diskriminatsiya qilinganini vaj qilib, katta miqdorda pul undira oladi.

Bunday ishlar bo‘yicha solinadigan jarima miqdori shunday katta bo‘lar ekanki, hattoki, o‘sha kafening yillik daromadining 70-80 foizigachani tashkil qilgan ishlar ham kuzatilgan.

– Nogironligi bor shaxslarga qulayliklar yaratish uchun qurilish, ta'lim, transport yo‘nalishlarida qilinishi lozim ishlar ko‘p. Bu bo‘yicha qanday tavsiyalaringiz bor?

Universitetimiz yaqinda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh ofisi faoliyatini o‘rganish uchun safar uyushtirdi. U yerda bir qancha konferensiyalarda qatnashdik va BMT tarafdan chiqarilgan konvensiyalarni o‘rganganimda, BMTning Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagan davlatlar sanoqligina qolgani e'tiborimni tortdi. Bular qatorida Markaziy Osiyodan faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston ham bor.

Aksariyat mamlakatlar va hatto qo‘shni davlatlarimiz ham allaqachon ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilib, bu sohada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib bo‘lgan.

Bu, albatta, juda achinarli hol. Eng birinchi tavsiyam – shu konvensiyani qo‘llashdan boshlash kerak, deb o‘ylayman. Unda barcha yo‘nalishlarda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar batafsil yoritilgan.

Albatta, bizda hali bu ishlarni olib borish uchun yetarlicha tajriba yoki bu ishlarni amalga oshirish uchun malakali mutaxassis yo‘q, shuning uchun xalqaro tashkilotlar bilan bu masalada chambarchas aloqa o‘rnatmasdan turib, bu sohadagi ishlarni amalga oshirish va biror bir samarali natijaga erishish qiyin, deb o‘ylayman.

– Ayol kishiga zarur bo‘lgan 5ta eng muhim xislat nima deb hisoblaysiz?

– Ayol kishi uchun eng asosiy xislat bu – fidoyilik. Ya'ni turmush o‘rtog‘iga, oilasiga bo‘lgan fidoyiligi. Ayolning ayol bo‘lib dunyoga kelishidan maqsadi – u ona bo‘lishi va kelajak avlodlarga munosib tarbiya berishida, insoniyatga foydasi tegadigan shaxs qilib shakllantirishida deb bilaman.

Buning uchun, albatta, onaning o‘zi shaxs sifatda shakllanishi kerak. Kelajagi buyuk davlat xohlasak, ayollarga munosib bilim berishimiz kerak. Bizning jamiyatda bu narsa erkaklarimizga chambarchas bog‘liq. Yuqorida aytib o‘tganimdek, yuksalishga faqat bilim va chuqur izlanish orqali erishiladi.

Mening misolimda, otam ham, turmush o‘rtog‘im ham bilim olishni, bilim olganlarni qattiq qo‘llab-quvvatlaydiganlardan. Bilim olishga qiziqtirgan, bazasini qurib bergan inson otam bo‘lsa, turmush qurganimdan keyin uni rivojlantirishga imkoniyat yaratib bergan turmush o‘rtog‘im bo‘ladi. Ularning ikkisining qo‘llab-quvvatlashi bo‘lmaganda, men hayotimda hech narsaga erisha olmagan bo‘lardim. Chunki oila biz o‘zbek ayollar uchun so‘zsiz har doim birinchi o‘rinda bo‘lib kelgan. Shuning uchun ushbu oilasiga bo‘lgan fidoyilikni shakllantira olgan ayol boshqa kerakli xislatlarni ham shakllantira oladi, deb o‘ylayman.

–  Amerikaga ko‘chganingizda, birinchi yuzaga kelgan qiyinchiliklar?

– Avvalambor, Amerikaga ko‘chish qaroriga kelishning o‘zi eng katta qiyinchilik bo‘lgan. Men ko‘pchilikka o‘xshab chet elda yashashni yoki karera qilishni orzu qilmaganman. Ammo turmush o‘rtog‘imning hayotdagi rejalari va maqsadlari katta va men ham shu maqsadlarga intilishim kerakligini tushundim.

Chet elda safarlarda ko‘p bo‘lganim uchun, har doim ona yurtimdan uzoqda yashashni va chet eldagi hayotga, odamlar yashash tarziga ko‘p ahamiyat berardim, shuning uchundir balki, men Amerikadan nima kutishni bilib borganman. Qanday qiyinchiliklar bo‘lishi mumkinligini oldindan o‘zimga qabul qilib borganman.

Asosiysi, qiyinchilikdan qochmaslik kerak, chunki maqsad qancha yuksak bo‘lsa, unga bosiladigan yo‘l ham shuncha murakkab bo‘larkan. Dunyoga o‘zgartirish olib kirgan insonlar borki, hayotini o‘rgansangiz, albatta, o‘ta qiyin, murakkab paytlarni boshidan kechirganining guvohi bo‘lasiz va uni bunday buyuk inson bo‘lib yetishishiga aynan o‘sha qiyinchilikdan o‘tgani katta sabab, dars bo‘ladi. Men shunday insonlarning hayotiga yoshligimdan qiziqib kelardim va balki shuning uchun ham men hech qachon qiyinchilikdan cho‘chimaganman.

Hayotimda bu yo‘lni tanlama, bu yo‘ldan ketsang, aniq qiynalasan, deb aytilgan yo‘l meni har doim aniq maqsadimga, orzuyimga olib kelgan.

Kelajak rejalaringiz qanday? O‘zingizni 5 yildan so‘ng qayerda va qanday lavozimda ko‘rasiz?

– Albatta katta maqsadlarimiz, o‘ylagan rejalarimiz oldimizda turibdi hali. Alloh peshonamga ularni amalga oshirishni yozgan bo‘lsa, qisqa muddatlarda, albatta, ularga erishish yo‘lidaman. Hali ularni to‘liq amalga oshirmasdan turib, ular to‘g‘risida gapirishim noo‘rin, deb o‘ylayman. Shuning uchun, inshalloh, ular amalga oshganida, siz meni yana shunday suhbatga chorlab qolasiz, deb yahshi niyat qilib qolaman.

Blits savol-javob

– Kasbingiz?
– Yurist
– Hayotdagi shioringiz?
– Intilganga tole yor.
– Hozirgacha nechta davlatda bo‘lgansiz?
– 9ta (Germaniya, Italiya, Shveytsariya, Fransiya, Turkiya, AQSh va MDH davlatlari)
Nechta tilda so‘zlasha olasiz?
– O‘zbek, rus va ingliz tillari
– AKShda yashash sizga nimani o‘rgatdi?
Inson doimo o‘z kuchiga ishonishi kerakligini o‘rgatadi
– Hobbingiz?
Farzandim bilan kitob o‘qib, muhokama qilish.
– Mashina haydaysizmi?
– 18 yoshimdan beri haydayman.
– O‘qish uchun 5ta kitob tavsiya qila olasizmi?
«Hadis va hayot» (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf), «Urush va tinchlik» (Lev Tolstoy), «Amerikaning yaratilishi» (The Making of Amerika, Robert D.Johnston), «Tanlangan asarlar» (Lev Tolstoy), «Shamol ortidan yugurib» (Xolid Husayniy).

Feruza Avazova suhbatlashdi.

Nigoraxon Sodiqova – 2010 yil Toshkentdagi Vestminster universitetining «Xalkaro tijorat huquqi» fakultetini tamomlagan. O‘qishning oxirgi yilida DAAD granti asosida Germaniyaning bir qancha yuridik universitetlarida almashuv granti asosida («exchange student») tahsil olgan. 2010 yildan boshlab, O‘zbekiston Savdo-Sanoat palatasida yuridik ekspertiza va tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘limida yurist bo‘lib ishlagan. 2017-2018 yillarda Qonunchilik hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash boshqarmasi (SOVAZ)da bosh yurist lavozimida faoliyat olib borgan.

2019 yilda Amerikaning 7ta top universitetlari (Kolumbiya, Chikago, Jorjtaun, Michigan, Tafs, Harvard va Amerika universiteti)ga hujjatlar topshirib, barchasiga qabul qilinadi va bir nechtasidan grant ham oladi.

Nigora – «Rockfeller Business Adminstration» tashkiloti a'zosi. U AQShning 42-prezidenti Bill Klintonning faxriy unvoni «Clinton Global Initiative» bilan mukofotlangan.

Mavzuga oid
Top