12:21 / 12.04.2020
28945

Futbol tarixiga sayr. «Buyuk mag‘lubiyat yoxud Istanbul finalining motam tomoni»

Foto: acmilan.hu

Futbol tarixida buyuk g‘alabalar ko‘p – masalan, 2005 yilgi Chempionlar Ligasidagi «Liverpul»ning g‘alabasi va bu haqidagi chiroyli hikoyalarni ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz. Lekin o‘z navbatida, mag‘lub taraf ham borki, inglizlar uchun o‘sha onlar qanchalik unutilmas bo‘lsa, «Milan» uchun shu qadar og‘ir edi. Qaysidir ma'noda, har qanday buyuk g‘alabalar o‘zi bilan birga buyuk mag‘lubiyat hikoyalarini ham yaratadi. Asosiysi, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish, yana va yana, o‘sha qoqilgan nuqtaga, erishilmagan orzuga talpinish, yetib borish... «Milan» xuddi shuning uddasidan chiqqandi. 

UYeFA prezidenti Lennart Yuxansson «Milan» futbolchilariga medallarni tarqatib bo‘lgandan keyin ham, Ernan Krespo yechinish xonasiga ham qaytmadi. U maydonda qoldi va nima bo‘lishini tomosha qilib o‘tiraverdi.

«O‘sha daqiqalargacha biz yutqazganimizni anglab yetmayotgandim» – deydi Ernan, - «qachonki, Jyerard boshi uzra kubokni ko‘targandan keyingina, men hammasi chindan ro‘y berayotganini his qildim».

«Jamoadagi muhit shu darajada ediki,biz xuddi ta'ziya marosimida uchrashib turgandek. Hech kim, yechinish xonasida bo‘ladimi, avtobusdami, mehmonxonadami, bir-biri bilan gaplashmadi. Kimdir yig‘lar, kimdir jim holatda farzandi yoki rafiqasini quchib o‘tirardi», – eslaydi o‘sha final uchrashuvidagi dubl sohibi.

Anchelottining aytishicha, Krespoga hammadan qiyin bo‘lgan: «U hech qachon Chempionlar Ligasini yutmagandi va aynan o‘sha kuni bu orzusiga yetishishi mumkinligini o‘ylayotgandi. Birinchi bo‘limda ayniqsa, Ernanning ishonchi oshib borgandi. Ajoyib o‘yinchi, u g‘alaba qozonishi adolatdan bo‘lardi. Hammadan ko‘ra, aynan u kubok uchun xaqliroqdek tuyulgandi».

Pirlo faoliyatini yakunlash haqida o‘ylagandi

Andrea Pirlo o‘zining «Fikr qilyapman, demak o‘ynayapman» deb nomlangan avtobiografik kitobida ham o‘sha oqshom haqida atroflicha to‘xtalib o‘tgan.

«O‘sha kuni faoliyatimni tugatishim ham mumkin edi. Istanbuldan keyin hech narsaning ma'nosi qolmagandi. Eng qiyini, barchasiga o‘zimiz sababchi ekanimizni his qilishimiz edi. Bu xuddi birgalikda o‘z jonimizga qasd qilgan bilan barobar.

Kiyim almashtirish xonasi xuddi o‘z boshini axtarayotgan zombilardan iborat bo‘lib qolgandi. Biz gaplashmas, harakat qilmas, shunchaki, o‘chib qolgandik. Faqat bir necha soat o‘tgach, qanday dahshatli hodisa ro‘y berganini tushundik. Uyqusizlik, g‘azab, tushkunlik, bo‘shliq. Biz juda ko‘p simptomlarga ega bo‘lgan yangi kasallikka chalingandik – Istanbul sindromi.

Men o‘zimni futbolchi deb his qilmayotgandim, bu meni tamom qilardi. Men o‘zimni inson deb ham his qilmayapman – bu undan ham badtar. Men faqat futbol haqida o‘ylar, ayni pallada, futbolga tupurib ham qo‘ygandim. Oynaga qarasam, go‘yoki, aksim menga tupurayotgandek tuyulardi.

Eng to‘g‘ri qaror, futboldan ketish. Mana shunday, omadsizlarcha hammasidan voz kechish. Tarix tugadi, yo‘lning oxiri keldi, men ham tugadim, hammasi tamom.

Taqdir hukmi oldidagi ojizligimiz umrbod meni ta'qib qiladi. Men hech qachon o‘sha o‘yinni qayta tomosha qilmadim. Bu xuddi hech qachon duch kelishni istamaydigan dushmanim edi».

Galliani Gattuzoni qamab qo‘ydi

«Rinoning qalbida katta qora tuynuk hosil bo‘lgan, bu uni so‘rib bitirayotgandi» – deya shogirdi Jyennaro Gattuzoning finaldan keyingi holatini tasvirlaydi Karlo Anchelotti.

Gattuzo o‘zining «»To‘rtburchak tug‘ilgan dumaloq shaklida o‘lmaydi» (o‘zbekchasi «Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi» mazmunida) kitobida 2005 yilgi finalga ham qisqa to‘xtalib o‘tgan.

«Men bu haqida ko‘p yozmayman, men uchun og‘riqli. O‘sha mag‘lubiyat katta zarba bo‘lgandi. Muxlislar oldida shunchalik uyatli edimki, «Milan»ni tark etmoqchi bo‘lganman. Omadsizlik qalbimni chilparchin qilgandi. Ammo muxlislar, jamoadoshlarim, agentlar, qarindoshlarim yoshligimdan muxlislik qilgan jamoamda qolishim kerakligiga ishontirgan», deydi u.

Adriano Galliani esa Gattuzoning yana yetti yilga Milanda qolishiga sababchi bo‘lganini aytadi: «Men uni sovrinlar saqlanadigan xonaga olib kirib qo‘ydim. Bir necha soatga ustidan qulflab qo‘ydim, faqat yordamchi ba'zida kofe va yegulik olib kirib turardi. Aslida o‘zimga ham qiyin bo‘lgan, haftalab uxlay olmaganman. Ammo o‘shanda Rinoga aytdimki, biz albatta, bu sovrinni yana yutamiz, balki aynan «Liverpul» bilan o‘yinda». 

Gattuzoning so‘zlariga qaraganda, u hech qachon o‘sha uchrashuvni tomosha qilmagan, faqat lavhalarni ko‘rgan: «Dudekning harakatlari tushlarimga kirib chiqardi. Ko‘zimni yumishim bilan, xuddi dahshatli tush kabi, uning so‘nggi daqiqalarda Shevchenkoning ikki zarbasini qaytarayotgani jonlanaverardi».

Nesta Anchelottini aybladi

Alessandro Nesta esa, jamoaning xatosini tan oladi.

«Biz tarixdagi eng zo‘r bir bo‘limni o‘tkazdik. «Liverpul»ga 120 daqiqa ichida faqat 10 daqiqa o‘ynashga imkon berib qo‘ydik va yutqazdik. Karlo bir xatoga yo‘l qo‘ygandi – meni penalti tepadiganlar ro‘yxatiga kiritmadi. Manchesterda, «Yuventus»ga qarshi finalda men penaltilar seriyasida gol urgandim. Istanbulda esa u meni tanlamadi. Menimcha, bu uning, biz birga o‘tkazgan sakkiz yildagi yagona xatosi edi», – deydi Nesta.

Karlo Anchelotti uchala kitobida ham o‘sha finalni yodga oladi. Murabbiyning ishonishicha, hammasi nazoratda edi.

«Men necha kecha-yu kunduz qayerda aynan xato qilganimni, qaysi vaziyat muhim bo‘lganini qidirdim» – yozadi u, - «bizni xuddi tanaffusda o‘zimizga katta ishonib yuborganimizni aytib, qattiq tanqid ostiga olishgandi. Go‘yoki biz o‘shanda sal boshqacharoq o‘ynashimiz lozim bo‘lgan. Ammo futbolchilarning munosabati joyida edi, biz ko‘rsatgan o‘yin sifati o‘zim qatnashgan barcha finallar ichida ham eng yaxshisi edi. Bu futboldagi shunday o‘rnakki, murabbiy o‘yinning barcha jihatlarini nazorat qilishi mumkin – strategiyani, taktikani, motivatsiyani, raqibni, shogirdlarining harakatlarini – hammasini, lekin tablodagi hisobni emas.  

Futbolda, umuman hayotda ham, doim tasodifning ulushi bo‘ladi va har qanday tahlilda buni e'tiborga olish lozim. Vaqt o‘tib, o‘zingga bog‘liq barchasini to‘g‘ri amalga oshirishni o‘rganasan va omadsizlikning senga bo‘lgan ta'siri kamayib boradi».

Sirli 15 daqiqa

«Liverpul» himoyachisi Jimmi Traorening aytishicha, ikkinchi bo‘lim boshlanmasidan oldin, «Milan»ning kiyim almashtirish xonasi yonidan o‘tayotib, ichkaridan xursandchilik va qo‘shiq ovozlarini eshitgan. «Ular allaqachon g‘alabani nishonlayotgandilar», – deydi u. Umuman, o‘sha o‘n besh daqiqa qanday kechgani finalning eng buyuk sirlaridan biri bo‘lib qoldi va futbolchilarda turli talqinlar bor.

Anchelotti: «Futbolchilar tabiiyki, hayajonada edi, o‘zaro «qani olg‘a, biz yutamiz», «xuddi shunday davom etamiz», «biz eng kuchlimiz» qabilida baqirishgan, bir-birlarini olqishlashgan. Biz oldindan hech nimani nishonlamadik, shunchaki, pozitiv hissiyotlar bizni chulg‘ab olgandi. Men bir ikki daqiqa xayajonning chiqib ketishini kutdim, keyin hammani xotirjamlikka chorladim. «Inglizlarga qarshi o‘yin hech qachon erta tugamaydi, buni unutmanglar. Diqqatni oshiringlar. Bo‘lim boshida ularga tashabbusni topshirib qo‘ymaylik. Biror muammo paydo bo‘lmasligi kerak. Hammasini nazorat qilishda davom etishimiz kerak. Olg‘a! Olg‘a, Milan!». Mana shunday dedim.  

Nesta: «Anchelotti bizga hammasi hali tugamaganini tushuntirdi. Manzilga hali uzoqligini aytdi. Maydonga qaytib, yana bitta gol ursak, ana o‘shanda barchasi hal bo‘lishi haqida gapirdi».

Maldini: «Biz g‘alabani nishonlamagandik. Aksincha, tortishib ham qoldik. Biz hatto qandaydir noaniq paslar tufayli ham bir-birimizni aybladik ham. Anchelotti hammamizga tinchlanishimizni so‘radi va keyin xotirjam gaplashib oldik».

Gattuzo: «Ahmoqona mish-mishlar, biz tanaffusda bayram qilmagandik. Traore qanaqadir bo‘lmagan gapni ichidan to‘qigan shekilli».

Krespo: «Bo‘lmagan gap. Umuman. Bu jamoa tarkibida juda ko‘p professionallar bor edi, ular ko‘p sovrinlarni yutishgan. Ayniqsa ular, hisobdan qat'i nazar ikkinchi bo‘lim qiyin bo‘lishini tushunib turishardi. Hech kim g‘alabani cho‘ntagimizda, deb o‘ylamagan».

Faqat braziliyalik himoyachi Kafu 2019 yilning may oyida FourFourTwo nashriga bergan intervyusida jamoa talqinini rad qildi.

«Biz nishonlagandikmi? Ha, bu rost. Biz «Liverpul»ga, o‘sha paytlar men qarshi to‘p surgan eng taktik kuchli jamoalardan biriga uchta gol urgandik. Biz bugun bizning kunimiz ekaniga ishona boshladik va biroz bo‘shashdik. Ularning ikkinchi golidan keyingina, o‘zimizga keldik. Bu ko‘proq bizning aybimiz emas – «Liverpul» kambekka haqli edi.

Qaytish

Foto: ASSOCIATED PRESS/East News

«Mendan ko‘p so‘rashadi, o‘shanda, «Liverpul» hisobni tenglashtirganida, nimalarni his qilganman? Hech narsani. Fikr yo‘q», – deb yozadi Karlo Anchelotti kitobida – «men falajlanib qolgandim, biror qarshilik berishga vaqt ham yo‘q edi. Nima bo‘layotganini tushunmayotgandim ham».

Anchelottining so‘zlariga qaraganda, u hech qachon o‘sha o‘yinni takroran tomosha qilmagan. «Shunchaki, bundan ma'no yo‘q. Shart emas, deb hisoblayman. Istanbuldagi mag‘lubiyat men uchun boshqa ko‘p mag‘lubiyatlarim qatorida edi. Depressiya o‘tib ketdi».

«Eng qiyini jamoani oyoqqa turg‘azish bo‘lgan. Mayda mayda bo‘laklardan uy qurishim lozim edi – faoliyatimdagi eng og‘ir vazifa. Men Koverchanoda o‘zim himoya qilgan diplom ishimni esladim. Psixologiyaga bog‘liq bobini ochdim: «.. natijalarning yo‘qligi ishtiyoqning pasayishiga olib keladi. Bunday pallalarda futbolchi qilinayotgan mehnatning samarasidan shubhalana boshlaydi. Bunday holatda, murabbiy o‘zida shunday kuch topa olishi kerakki, o‘z uslubiga, yo‘nalishiga boshqalar ishonsin, yo‘ldan og‘ishmasin, qarorlarning barchasi to‘g‘ri bo‘layotganini futbolchilarga his qildirsin. Qachonki, jamoa yana ishona boshlaganini sezgan hamono, qilinishi kerak bo‘lgan ishga urg‘u beriladi».

Va yana «... shunday qilish kerakki, jamoa natijalar tufayli xafa bo‘lmasligi kerak. Agar jamoa qiyinchiliklarni yenga olsa, yanada kuchliroq va jipsroq bo‘ladi. Ana shundagina murabbiy kerakli ishtiyoq va ishonchga ega bo‘lgan futbolchilarga ega bo‘ladi. Birga ishlash osonlashadi, natijalar esa, shubhasiz, yaxshilanib boradi».

Tanazzuldan chiqish retsepti tushunarli edi. Har qanday vaziyatning yaxshi tomonidan foydalanish lozim. Yo hammasi sen aytgandek bo‘lib, hamma bir maqsad uchun harakatlanishni boshlaydi, yoki hammasi tamom».

Keyingi mavsumda, 2005/06 yilgi mavsumda «Milan» chempionatda uchinchi o‘rinni olib, Chempionlar Ligasida yarim finalga yetib bordi. Birinchi marta Anchelotti qo‘l ostida jamoa birorta ham sovrin yuta olmadi. 2001/02 yilgi mavsumda ham shunday bo‘lgan, lekin o‘shanda mavsumni «Milan» Fotih Terim bilan boshlagandi.

2007 yilning mayida esa «Milan» Chempionlar Ligasi finalida yana «Liverpul»ga duch keldi va g‘alaba qozondi.

Top