00:56 / 14.04.2020
47504

Ispaniya va Italiya karantinni yumshatmoqda, JSST shoshilmaslikka chaqirmoqda. So‘nggi ma'lumotlar

Butun dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1,9 milliondan oshdi, qurbonlar soni 119 minga yaqinlashgan. Ko‘plab davlatlarda karantinni yumshatish masalasi muhokama qilinayotgan bir vaqtda Yevropadagi koronavirus epidemiyasidan eng ko‘p jabrlangan davlatlar bosqichma-bosqich cheklovlarni bekor qilib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti karantindan chiqishga shoshilmaslikni so‘ramoqda.

Foto: Getty Images

Dushanba kunidan Ispaniyada zavodlar faoliyati tiklandi. Seshanba kunidan Italiyada do‘konlar ochiladi.

Avvalroq Yevropaning yana bir davlati Daniya maktablar ochilishi va fuqarolarning harakatlanishi bo‘yicha ayrim cheklovlar olib tashlanishi haqida e'lon qilgandi.

Germaniyada hukumat cheklov choralarini yumshatish masalasini ko‘rib chiqmoqda, Fransiyada karantin muddati uzaytirildi. Buyuk Britaniya ham hozircha barcha cheklovlar o‘z kuchida qolishini ma'lum qilib bo‘lgan.

Foto: AFP

JSST esa virus tez tarqalishi, lekin sekinlik bilan yo‘qolishini inobatga olgan holda karantindan voz kechishga shoshilishdan tiyilishga chaqirib, bu yangi holatlar ortishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Tashkilot eksperti Mariya Van Kerkxove shunday qo‘shimcha qilgan: «Butun Yevropa bir vaqtda karantindan chiqmasligi juda muhimdir».

Bosqichma-bosqich karantin choralarini bekor qilayotgan Italiya va Ispaniyada so‘nggi haftada kunlik zararlanish holatlari kamaya boshladi. Ispaniyada dushanba kuni 3 477ta yangi holat qayd etilgan - bu bir kun oldingidan (5 mingga yaqin) kamroqdir. O‘limlar soni ham kamayishda davom etmoqda - dushanba kuni Ispaniya sog‘liqni saqlash vazirligi 517ta o‘lim holatini tasdiqladi, bu yakshanba kungi ko‘rsatkichdan 102taga kam.

«G‘alabaga va odatiy hayot tarziga qaytishga hali erta. Biz barchamiz yana ko‘chalarga chiqib yurishni istaymiz, ammo biz bu urushda g‘alaba qozonish va bu holat qaytalanishining oldini olishni yanada kuchliroq istaymiz», - deya ogohlantirdi mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches.

AQShda epidemiya shu haftada ko‘tarilish nuqtasidan o‘tishi kutilmoqda. «Hozirda biz pikka yaqinlashmoqdamiz. Buni o‘limlar soni avvalgi kunlardagidan kamroq bo‘la boshlaganidan keyin sezamiz», degan AQSh Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi rahbari, ekspert, Robert Redfild.

13 aprel kuni Amerikada koronavirus yana 1147 kishini hayotdan olib ketdi va jami qurbonlar soni 23 mingdan oshdi. So‘nggi 24 soatda yana 19186ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi va jami holatlar soni 579 mingdan oshdi.

Dushanba kuni Ispaniya hukumati karantin vaqtida joriy etilgan cheklovlarning bir qismini bekor qildi, ammo kataloniyaliklar bu qarorni ijro etishdan bosh tortishmoqda.

Madrid shimolidagi Shimoliy Ochoa shifoxonasida ispaniyalik shifokorlar koronavirus oqibatida halok bo‘lgan hamkasblari uchun aza tutishmoqda
Foto: AP/TASS

Kataloniya hududiy ma'muriyati rahbari Kim Torra virus tarqalishi yana avj olishi xavfi tufayli ikkinchi karantin muddati boshlanishi mumkinligini aytgan. Bu hududda aholining katta qismi o‘z uyida karantinda qoladi, jamoat joylari, barlar va ko‘plab do‘konlar kamida 26 aprelgacha yopiq bo‘ladi.

Ammo mamlakatning boshqa hududlarida ikki haftalik to‘xtashdan keyin qurilish kompaniyalari, zavodlar va ba'zi xizmatlarning xodimlari ishga qaytdi. Bunda ular qat'iy xavfsizlik choralariga amal qilishi kerak. Quruvchilar aholidan uzoq bo‘lgan hududlarda ishlay oladi.

Ispaniya koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlardan biri - bu yerda qurbonlar soni 17 mingdan oshiq, 170 mingga yaqin zararlanish holatlari qayd etilgan. Ammo so‘nggi kunlarda yangi holatlar qayd etilishi kamaydi.

Italiyada ko‘plab cheklov choralari 3 maygacha amalda bo‘ladi, ammo 14 apreldan boshlab kompaniyalarning bir qismi o‘z ishini qayta tiklashi mumkin. Shu kundan boshlab ba'zi kompaniyalar, shuningdek, kitoblar, kanselyariya mahsulotlari va bolalar kiyimlarini sotadigan do‘konlar ochiladi. Lekin zavodlar yopiqligicha qoladi. Appenin yarim oroli davlatida epidemiya 20 mingdan ortiq kishi hayotiga zomin bo‘lgan, 160 mingga yaqin zararlanish holati qayd etilgan.

Germaniyada kansler Angela Merkel Fanlar akademiyasi bilan cheklov choralarini yumshatish masalasini muhokama qiladi, u chorshanba kuni hududlar rahbarlari bilan ham videoaloqa orqali shu masala bo‘yicha muloqot qilishni rejalashtirgan. Germaniyada so‘nggi bir kunda 354ta yangi zararlanish holati qayd etildi va jami holatlar soni128 mingdan oshdi, 21ta o‘lim holati qayd etildi, epidemiya boshlanganidan buyon mamlakatda 3043 kishi virus qurboniga aylangan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dushanba kuni kechqurun koronavirus masalasida uchinchi marta millatga murojaat qildi. Respublika rahbari karantin muddati uzaytirilgani haqida e'lon qildi.

«Umid qaytmoqda, ammo Grad-Est hamda Il-de-Frans regionida kasalxonalar to‘lib ketgan. Shu bois sa'y-harakatlarimiz va qoidalarni davom ettirishimiz shart. Qat'iy izolyatsiya tartibi 11 may kunigacha saqlanib turadi», dedi Makron. U «kelgusi to‘rt hafta davomida hukumat tomonidan joriy etilgan choralar saqlanib qolishini, kuchaytirilmasligi va bo‘shashtirilmasligi»ni qo‘shimcha qilgan.

Mamlakatda zararlanish holatlari bugun 4188ta o‘sib, jami holatlar soni 136 mingdan oshdi. So‘nggi bir kunda 574 kishi vafot etib, jami qurbonlar soni 15 mingga yaqinlashdi.

Britaniyada hukumat payshanba kunigacha umummilliy ihotalanishning samaradorligini baholashi kerak, shundan keyin qat'iy karantin choralarini uzaytirish masalasida qaror qabul qilinadi. Hukumat a'zolari bunday murakkab qarorni bosh vazir ishtirokisiz qabul qilishlariga to‘g‘ri keladi - koronavirusga chalingan Boris Jonson shifoxonadan chiqarilganidan keyin tiklanish jarayonini o‘tamoqda.

Uinston Cherchillning nabirasi, konservatorlar partiyasidan sobiq deputat, o‘tgan yil sentyabrida bosh vazir bilan kelishmovchiligi tufayli fraksiyadan haydalgan ser Nikolas Soms BBC nashriga bergan intervyusida Jonsonning kasallikni yengishi uni partiya siyosatchisidan milliy yetakchiga aylantirishi haqida aytib o‘tgan.

Buyuk Britaniyada pandemik vaziyat so‘nggi kunlarda og‘irlasha boshladi. 13 aprel kuni mamlakatda 737 kishi koronavirsga chalinish oqibatida vafot etdi va qurbonlar soni 10 mingdan oshdi. 14 aprel kuni ham vaziyat deyarli o‘zgarmadi - 717 qurbon. Shu bilan birgalikda, yangi zararlanish holatlari o‘sishi kamaygan - bir kun oldin 5,2 mingdan ortiq kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, 14 aprel kuni kasallik aniqlangan bemorlar soni 4,3 mingdan ortiqroqni tashkil etdi. Ayni vaqtga kelib jami holatlar soni 88 mingdan oshgan, o‘limlar soni 11329taga yetgan.

Xitoy hukumati Rossiyada koronavirusdan zararlanish holatlari soni keskin o‘sayotgani (so‘nggi bir kunda Rossiyada 2558 kishida kasallik aniqlandi va jami holatlar 18 mingdan oshdi) tufayli ushbu davlat bilan chegaralaridagi kuzatuvni kuchaytirgan. Xitoyda ayni vaqtda yangi zararlanish holatlari asosan xorijdan, xususan Uzoq Sharqdan kirib kelayotganlarda aniqlanmoqda. Xorijdan keluvchilar to‘rt hafta mobaynida karantinda qolishi belgilangan.

Rim papasi Fransisk dushanba kuni karantin davrida maishiy zo‘ravonlikdan aziyat chekayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Ayni vaqtda butun dunyo bo‘ylab ayollarga kuch ishlatish holatlari oshib ketgani kuzatilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top