15:52 / 15.04.2020
41629

Loqaydlik tufayli koronavirusga chalinganlarni kechikib aniqlash holatlari ham kuzatilmoqda – Bosh prokuratura

Toshkent shahridagi 51-sonli Oilaviy poliklinikaga va 7-sonli shahar klinik shifoxonasiga murojaat qilgan bemorda koronavirusdan zararlanish alomatlari borligiga qaramay, undan test olinmagan va u uyiga qaytarib yuborilgan. Natijada, bemordagi kasallik juda kech aniqlangan, o‘tgan vaqt ichida undan boshqalarga virus yuqqan.

Foto: Zuma/TASS

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Berdialiyev tizim tomonidan karantin kunlarida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Shifokorlarimiz tun-u kun olib borilgan sa'y-harakatlari tufayli shu kunga qadar 99 nafar bemor shifo topdi. Lekin afsuski ayrim shifokorlarimizda ham loqaydlik va beparvolikka berilish holatlari ham kuzatilmoqda.

Misol uchun, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro Kildiyevaning 19 mart kunidan 4 aprel kuniga qadar, ya'ni 16 kun mobaynida tana harorati yuqori bo‘lgan, u o‘zida holsizlik sezgani bois 4 marta Yunusobod tumanidagi 51-sonli Oilaviy poliklinikaga va 7-sonli shahar klinik shifoxonasiga murojaat qilgan. Shifokorlar unga tibbiy yordam va muolajalar ko‘rsatib, uyiga ketishiga ruxsat berishgan.

Kildiyevaning sog‘lig‘i og‘irlashib, beshinchi marta shifoxonaga murojaat qilganidan so‘nggina undan virusologik tekshiruv uchun namuna olingan. Tekshiruv natijasida unda koronavirus aniqlanib, u va u bilan muloqotda bo‘lgan 30dan ortiq fuqaro karantinga olindi.

Ming afsuski, hozirda u bilan muloqotda bo‘lgan hamshira va boshqalarda ham koronavirus aniqlanmoqda», deya Berdialiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Brifingda O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzish bo‘yicha statistik ma'lumotlar keltirilgan.

«Karantin holatida fuqarolarimizga bir qancha cheklovlar belgilangan bo‘lib, ularga qat'iy rioya qilinishi barchamiz uchun juda muhim. Afsuski, hali ham o‘rnatilgan tartibga rioya qilmaydigan, o‘zining va o‘zgalarning hayoti uchun bepisand bo‘lgan fuqarolarimiz  juda  ko‘p  uchramoqda.

Huquqbuzarlik holatlarining 40 ming 360tasi tibbiy niqob taqmasdan yurish, 395tasi karantin hududini tashlab ketish, 201tasi vaqtinchalik to‘xtatilgan savdo faoliyatini davom ettirish, 24tasi marosim yoki yig‘inlar o‘tkazish, 10tasi ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz ma'lumotlar tarqatish va 1792tasi boshqa  huquqbuzarliklar hisoblanadi.

Huquqbuzarliklarning 6785tasi Toshkent shahrida, 4465tasi Samarqand viloyatida, 5341tasi Toshkent viloyatida, 5430tasi Farg‘ona viloyatida sodir etilgan.

Keksa yoshdagi fuqarolarimizning uyda qolishlari va tashqariga chiqmasliklari talab qilinayotgan bir paytda ular yoshlarga ijobiy tomondan o‘rnak bo‘lish o‘rniga, 3261 nafar keksa yoshdagi fuqaro tomonidan ham karantin qoidalarini buzish holatlari qayd etildi. Ushbu shaxslarning 1 nafari karantin vaqtida to‘y o‘tkazish, 4 nafari avtomashinada harakatlanishga ruxsat beruvchi stikerni soxtalashtirish, 3 nafari karantin zonalaridan qochib ketish, 2 nafari karantin qoidalarini buzgan shaxslar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatish, 3 nafari ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz ma'lumotlar tarqatish va 3 nafari boshqa holatlardagi  jinoyatlarni  sodir  etishgan», degan prokuratura vakili. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top