01:27 / 18.04.2020
22840

«Davlat manzilli choralar ko‘rishi lozim» - Blogerlar Qobil Xidirov va Otabek Bakirov pandemiya va inqiroz haqida

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy fikri va tanqidiy mulohazalari bilan tanilgan blogerlar Qobil Xidirov (davletovuz) hamda Otabek Bakirov (bakiroo) pandemiya va inqiroz masalasida Kun.uzʼga intervyu berdi.

16 aprel kuni tashkil etilgan onlayn muloqotda pandemiya tufayli aholi turmushida yuzaga kelgan muammo va qiyinchiliklar haqida bordi. Shuningdek, suhbat davomida hukumat tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi kurash chora-tadbirlari ta'sirchanligi muhokama etildi.

Quyida suhbatda bildirilgan fikrlardan ba'zi tezislar keltirib o‘tiladi.

Qobil Xidirov, Davletovuz Telegram kanali asoschisi:

– Karantin tugashi haqida siyosatchi ham, bloger ham gapirmasligi kerak. Bu haqda tibbiyot vakillari xulosasi asosida qaror qabul qilinishi kerak. Shuncha qilingan ishni bir kunda havoga chiqarib yuborish xavotiri birinchi o‘rinda turibdi. Butun O‘zbekiston uchun qaror qabul qilinmasligi kerak, jumladan Toshkent uchun ham.

Davlat manzilli chora-tadbirlarni qo‘llashi zarur. Milliarderning 100 ming dollar yo‘qotishi bilan, oddiy fuqaroning 100 dollar yo‘qotishi o‘rtasida katta farq bor. Bizning amaldorlarga ko‘p savolimiz bor: biz haligacha davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunni qabul qilmadik. Biz amaldorlar cho‘ntagini ko‘ra olmayapmiz.

Har qanday ta'sir chorasining aniq tugash vaqti bo‘lishi kerak. Oxirgi yillarda davlat boshqaruvi apparati shishib ketdi. Hozir kvazi-davlat tashkilotlari juda ko‘p, ularning moliyalash manbalari esa budjetga aloqador. Moliya vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armalarga qo‘l sola olishini qo‘llab-quvvatlayman.

Otabek Bakirov, Bakiroo Telegram kanali asoschisi:

– Insoniyat muammolarga birinchi marta duch kelganda tavakkalchilikka qo‘l uradi. (Pandemiya davrida) birinchi qadam qo‘yuvchi davlatlar ko‘proq ziyon ko‘rish ehtimoli bor, O‘zbekiston esa bu masalada o‘rtada. Bizning kuzatish imkoniyatimiz bor.

Budjetning ko‘p xarajatlarini optimallashtirib, qisqartirish mumkin, lekin buning yakuniy pirovard ma'nosi bo‘lishi kerak. Negadir, Xalqaro valuta jamg‘armasi maslahat bersa, hali rivojlanayotgan yo o‘zini tutib olmagan davlatlarga tavsiya beradi. Yoki ushbu tavsiyalar alaloqibat ziyon keltiruvchi bo‘ladi. XVJ Yevropa davlatlariga talabni qo‘llab-quvvatlash tavsiyasini beryapti, bizga esa g‘irt teskarisi.

Maosh kamayganda talab va xizmatlarga talab kamayadi. Bunda biznes ham o‘z mahsulotlari, oxir-oqibat ishchi o‘rinlarni ham kamaytiradi. Maoshlardan 500 milliard so‘m iqtisod qilaman, deb, makroiqtisodiyotga 1 trillion so‘m ziyon keltirish mumkin.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top