09:00 / 18.04.2020
71525

Quyi Chirchiqdagi namunaviy uyda ro‘y bergan mudhish portlash voqeasi bo‘yicha tergov yakunlandi

2019 yil 11 noyabr kuni Quyi Chirchiq tumanining «Surum» mahallasidagi namunali uy portlashi oqibatida bir oilaning 3 a'zosi vafot etdi va 3 kishi butun umrga majruh bo‘lib qoldi. Kun.uz`ga ma'lum bo‘lishicha, fojia mas'ul idoralarning beparvoligi oqibatida sodir bo‘lgan.

Foto: Tergov departamenti

Tergov natijasida jami olti nafar shaxs jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan.

Ish tafsilotlariga ko‘ra, 2019 yil 11 noyabr kuni soat 08:30larda Quyi Chirchiq tumani «Surum» mahallasida joylashgan fuqaro R.Karimovga tegishli bo‘lgan 1-sonli namunaviy uydan 47,5 metr masofada yer ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuri teshilib, undan sizib chiqayotgan tabiiy gaz yer osti bo‘ylab R.Karimovning xonadoniga tarqalib, X.Pirnazarova gaz plitasini yoqish uchun gugurt yoqqanda gaz chaqnashi oqibatida kuchli portlash yuz bergan.

Portlash oqibatida uyning devorlari va tom qismi (beton plitalar) qulab tushgan.

Foto: Tergov departamenti

Oqibatda xonadon egasi R.Karimov va uning onasi M.Qilichovalar og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etishgan. Oilaning 10 yoshli farzandi B.Karimov kuyish tan jarohatlari bilan 49 kundan so‘ng kasalxonada jon bergan.

Bir vaqtning o‘zida turmush o‘rtog‘i, qaynonasi va farzandidan ayrilgan X.Pirnazarovaning o‘zi, 4 va 1 yashar qizlari butun umrga majruh bo‘lib qoldi.

Hodisa yuzasidan 13 noyabr kuni Quyi Chirchiq tuman prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qurilish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Toshkent viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan ish bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari 6 nafar shaxsni ayblash to‘g‘risidagi xulosa bilan nihoyasiga yetdi.

Ayblanayotganlarning ikki nafari – ichki ishlar organlari xodimlaridir.

Aniqlanishicha, mudhish hodisadan bir kun avval, 10 noyabr kuni soat 07:00larda fuqaro Q.M. fuqaro X.Pirnazarovaga tegishli savdo do‘konining hojatxonasiga kirib, tamaki chekishga yondirgich yoqqan vaqtida sizib chiqqan tabiiy gazdan gaz chaqnashi sodir bo‘lib, oqibatda Q.M. kuyish tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Bu holat yuzasidan tuman IIB navbatchilik qismiga xabar berilgan bo‘lib, hodisa joyiga tuman IIB HPB profilaktika inspektori (ayblanuvchi) N.N. chiqishi lozim bo‘lgan. Biroq u hodisa joyiga bormagan. Q.M. tan jarohatlari olgani sabablari tezkor aniqlanmasdan va bartaraf etish choralari ko‘rilmasdan qolishi natijasida 11 noyabr kungi fojia yuz bergan.

Ish bo‘yicha tergovga tortilgan va ayblanayotganlardan yana biri «Global Trans Qurilish Montaj» MChJ rahbari G‘.T. bo‘lib, u rahbarlik qilgan qurilish korxonasi «Mega Oil Biznes» MChJning avtomobillarga siqilgan tabiiy gaz sotish shohobchasiga yer ostidan gaz tarmog‘ini o‘tkazish ishlarini bajargan. U gaz sohasiga oid munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlariga rioya etmasdan, buyurtmachining gaz tarmog‘i qurilishini 2017 yil aprel oyida boshlab, qurilishning texnik nazoratini olib borishga gaz sohasi bo‘yicha maxsus bilim va malakaga ega bo‘lgan mutaxassisni biriktirmasdan, aksincha gaz sohasi va gaz tarmoqlari qurilishi yuzasidan savodga ega bo‘lmagan o‘zining jiyanini biriktirib, keyinchalik yer ostiga polietilen gaz quvurlarini joylashtirish va ularni ko‘mish jarayonida «Shaharsozlik normalari va qoidalarining Gaz ta'minoti, Loyiha me'yorlari» talablarini bajarmagan.

Ya'ni, yer osti gaz quvurlarini ko‘mishdan oldin ushbu gaz quvurining ostiga 10 sm. qalinlikdagi yumshoq qumdan to‘shama, keyin quvurning ustidan yo‘ldosh izolyatsiyalik sim (gaz quvurining joylashishi va chuqurligini maxsus pribor yordamida aniqlash maqsadida), uning ustidan 15-20 sm. qalinlikdagi yumshoq qum bilan atroflari to‘liq ko‘milishi, shu bilan birga quvurning ko‘milgan qismidan 30 sm. boshqa turdagi tuproq aralashmalari bilan ko‘milganidan so‘ng, ustidan «gaz xavfli» deb yozilgan lenta tashlab ko‘milishi shart, deb ko‘rsatilgan talablar bajarilmagan.

Shuningdek, mazkur gaz tarmog‘i xavfli ishlab chiqarish sanoat obekti bo‘lgani holda kelgusida insonlar hayoti yoki salomatligi uchun xavf solishi mumkinligini hisobga olmasdan turib, uni qabul qilish va foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzilishiga erishgan.

Toshkent shahar bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialining Boshqaruv apparati «Mukammal qurilish va mukammal ta'mirlash» xizmati yetakchi muhandisi hamda filialning Tabiiy gaz bilan ta'minlash va foydalanish bo‘yicha boshliq o‘rinbosari-bosh muhandisi lavozimida mansabdor shaxs sifatida ishlab kelgan M.S. bevosita kasbiga oid munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlarga rioya etmasdan, yer ostiga polietilen gaz quvurlarini joylashtirish va ularni ko‘mish jarayonida tegishli qoidalar talabi bajarilganini amalda tekshirish choralarini ko‘rmasdan, «Global Trans Qurilish Montaj» tomonidan «Mega Oil Biznes» MChJning avtomobillarga siqilgan tabiiy gaz sotish shohobchasiga yer ostidan yotqizilgan polietilen gaz quvurlarini sinovdan o‘tkazish jarayonida bevosita ishtirok etmagani holda tegishli sinov dalolatnomasini imzolab bergan.

«Sanoatkontexnazorat» Davlat inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy inspeksiyasi bosh mutaxassisi Sh.B. yer ostiga polietilen gaz quvurlarini joylashtirish va ularni ko‘mish jarayonida ShNQ 2.04.08-13 qoidalari talabi qo‘pol ravishda buzilganini nazorat tartibida tekshirmasdan turib, mazkur gaz tarmog‘ini qabul qilish va foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi 09.08.2017 yildagi dalolatnomani imzolab bergan.

Toshkent viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi M.A. kasbiga oid vazifa hamda majburiyatlarini vijdonan bajarmasdan, «Mega Oil Biznes» MChJning gaz tarmog‘iga «Trans Gaz Loyiha» MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari 11.09.2017 yilda Toshkent viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta'minoti filialidan 4151-raqami bilan qayd etilib, keyingi o‘rinda gaz tarmog‘ining qurilishiga ruxsat berilishi mumkinligi haqidagi tartiblarga amal qilinishini tekshirmagan.

M.A., shuningdek, qoidaga ko‘ra, 10 kunlik muddatda iste'molchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning gaz sohasiga oid qonunosti normalari talablariga to‘g‘riligini tekshirish, shu bilan birga, gaz tarmog‘ining qurilishi yakunlangani bo‘yicha qurilish obektida texnik nazorat to‘g‘ri o‘tkazilganini tekshirish choralarini ko‘rmasdan, aslida qurilishi endi boshlanishi lozim bo‘lgan gaz tarmog‘ining «Binokor» GTS sanoat tarmog‘iga ulanib, sinov-sozlash ishlarini bajarish uchun 12.09.2017 yildagi 001-sonli ruxsatnomani asossiz berib yuborgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra tergov organi tomonidan:

1) Quyi Chirchiq tuman IIB HPB profilaktika inspektori N.N. Jinoyat kodeksining 230-1-moddasi 2-qismi «a» bandi, 241-1-moddasi 2-qismi «b» bandi va 207-moddasi 3-qismi «a» bilan ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan;

2) Quyi Chirchiq tuman IIB 35-sonli ichki ishlar bo‘linmasi Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili J.M. Jinoyat kodeksining 230-1-moddasi 2-qismi «a» bandi, 241-1-moddasi 2-qismi «b» bandi va 207-moddasi 3-qismi «a» bilan ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan;

3) «Global Trans Qurilish Montaj» MChJ rahbari G‘.T. Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan ayblanib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan;

4) Toshkent shahar bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali xodimi M.S. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi «a,b» bandlari bilan ayblanib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan;

5) «Sanoatkontexnazorat» Davlat inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy inspeksiyasining bosh mutaxassisi Sh.B. Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblanib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan;

6) Toshkent viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialining boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi M.A. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a,b» bandlari bilan ayblanib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, X.Pirnazarovaning uyida sodir bo‘lgan gaz chaqnashi oqibatida, 1-sonli namunaviy uyning qurilish konstruksiyalariga shikast yetib 579 009 555 so‘mlik zarar, shuningdek uyning ichida bo‘lgan tovar moddiy boyliklar yonib ketishi natijasida 4 199 133 so‘m hamda fuqaro B.Yunusovga tegishli 1977 yilda ishlab chiqarilgan «Vaz-2103» rusumli avtomashinaga 6 767 480 so‘mlik, jami 589 976 168 so‘mlik juda ko‘p miqdordagi moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Jinoyat ishi doirasida hisoblangan zarar summasiga jabrlanuvchi X.Pirnazarova va uning ikki nafar farzandlari sog‘ligiga yetgan zarar, ularning davolanishi uchun sarflangan va kelgusida sarflanishi lozim bo‘lgan harajatlar kiritilmagan.

Birlamchi tibbiy xulosalarga ko‘ra, ayol va farzandlarining jismoniy holatini qisman tiklash uchun taxminan 300 ming yevro miqdorida mablag‘ talab qilinar ekan. Bir nechta jarrohlik amaliyotini nazarda tutuvchi bu muolajalar Moskva va Yevropaning ayrim shaharlaridagina amalga oshirilishi mumkin ekan.

Top