23:11 / 18.04.2020
27951

Timur Ishmetov: «Aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatishda oila tamoyili bo‘yicha yondashish kerak»

Taniqli iqtisodchi Behzod Hoshimov Youtube portalidagi o‘zining «Hoshimov iqtisodiyoti» loyihasida iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va moliya vaziri Timur Ishmetov bilan onlayn intervyu uyushtirdi.

Behzod Hoshimov, Timur Ishmetov va Jamshid Qo‘chqorov.
Foto: Hoshimov Iqtisodiyoti / YouTube

Intervyuda koronavirus infeksiyasi tarqalgan sharoitlarda paydo bo‘ladigan moliya va iqtisodiyotga doir muammolar, ularni yechish yo‘llari muhokama etildi. Jumladan, karantin vaqtida aholi bandligi va ishsizlikka qarshi kurash masalalariga ham urg‘u berildi.

Jamshid Qo‘chqorov, bosh vazir o‘rinbosari:

— Birinchidan, maktablarimiz, bog‘chalarimiz, shuningdek, madaniyat, sport bilan bog‘liq tashkilotlar ishlamayapti. Lekin ularning ish haqi berib kelinmoqda.

Ikkinchi masala — ish o‘rnini yo‘qotgan va ishsizlarga imkon doirasida ma'lum bir yengilliklar yaratishga harakat qilyapmiz. 19 martda prezident farmoni qabul qilinib, imtiyozlar belgilandi, inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tuzildi.

Farmonga ko‘ra, jamg‘arma ichidagi xarajatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, jamoat ishlarini tashkil qilishga qo‘shimcha 400 mlrd so‘m ajratilmoqda. Biz yaqinda jamoat ishlarining tashkil qilinishini o‘rgandik. Haqiqatan ham, shu sohada juda ko‘p ishlar qilishimiz mumkin.

Farg‘ona vodiysining bir tumanida turli tibbiyot birlashmalarida, QVPlarda ko‘plab singillarimiz, qizlarimiz, pensiyaga chiqqan opalarimiz 0,25 stavkada ishlaydi. Ularni qishloqlarda odamlarga sanitariya-gigiyena qoidalari, pandemiyadan qanday saqlanish yo‘llarini tushuntirishga jalb qilib, ularga ma'lum bir miqdordagi ish haqi to‘lashgan.

Bu — bevosita odamlarni qandaydir ish bilan band qilish. Yana biri — yaqinda, o‘tgan haftada prezidentimiz banklar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda bir jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. Banklarimiz endi yirik loyihalarni moliyalashtirishi emas, qandaydir ish o‘rni yaratadigan, kambag‘allikka qarshi yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishi bo‘yicha kelishib olindi.

Bir kator topshiriqlar berilgan, tijorat banklari bo‘yicha ishlayapmiz. Joylarda kichik, lekin ko‘proq odamlarni ish bilan band qiladigan loyihalarga e'tibor qaratmoqchimiz.

Shu yo‘nalishni asoslantirish, ishlab chiqish ham kerak. Shunday taklif bor: 100 gektar suv chiqmaydigan joyga budjet hisobidan foizsiz ssuda ajratib, kooperatsiya tashkil qilib, o‘sha joyga suv chiqarib, yarim gektardan sabzavot, poliz mahsulotlari ekish uchun ishlayman degan, birinchi navbatda muhtoj va kambag‘al oilalarga bo‘lib berilsa, 200 ta oila ishli bo‘ladi. Shunga o‘xshash ko‘plab loyihalarni nazarda tutmoqdamiz.

Yana bir yo‘nalish — kichik sanoat zonalari. Bizda tadbirkorlarga yer, mulk yoki bir binoni ajratish mexanizmlari ko‘ngildagidek tashkil qilinmagan. Ular birinchi navbatda yer, infratuzilmaga ulanish masalalarini qo‘yishmoqda. Kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalasi oldinga chiqmoqda. Shuning uchun bu masalalarni ishlab chiqishda davom etyapmiz. Qo‘shimcha qilishim mumkinki, ertaga shu masalalar bo‘yicha banklar va hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari bilan telekonferensiya shaklida muhokama o‘tkazamiz.

Behzod Hoshimov, boshlovchi:

— O‘zbekistonda rasmiy bandlar 5,6 million, mehnatga layoqatlilar soni 19 million nafar. Mehnat vazirligiga ko‘ra, 5,5 million kishi norasmiy sektorda band. Kunbay ishlaydigan mardikorlardan tortib, taksi haydovchilarigacha norasmiy sektorda band bo‘lganlar iqtisodiy faoliyat to‘xtagani sababli hozir ancha qiynalib qolishgan. Ya'ni rasman davlatdan maosh oladiganlar va norasmiy sektorda ishlaydiganlar soni teng. Lekin keyingilari daromadsiz qolishdi. Boz ustiga, xorijdan mehnat muhojirlarimiz yuborayotgan pullar ham kamayyapti. Chunki boshqa davlatlarda ham iqtisodiy inqiroz ro‘y bermoqda.

Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar va rivojlanayotgan mamlakatlar inqirozdan chiqib ketish uchun aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul ajratmoqda. Masalan, AQSh 1200 dollardan, Hindiston, masalan, har bir fuqaro uchun 2 haftada 7 dollar ajratish choralarini o‘ylashmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri pul berib, iqtisodiyot zanjirlarini qayta tiklash borasida iqtisodchi sifatida fikrlaringiz qanday?

Jamshid Qo‘chqorov, bosh vazir o‘rinborsari:

— Bu masala media resurslarda juda ko‘p ko‘tarilmoqda. Bu haqida mart oyining o‘rtalarida ham o‘ylab ko‘rganmiz. Turli variantlarni ko‘rib chiqqanmiz. Shu kungacha biz bir xatoga yo‘l qo‘ydik: jurnalistlar bilan deyarli muloqot qilmadik.

Pul tarqatish masalasiga kelsak, aytganimdek, bu narsani o‘ylab ko‘rganmiz. Iqtisodchi sifatida sizga javob beradigan bo‘lsam, bu taklifga ijobiy qarayman. Faqat bu yerda bir murakkab savol o‘rtaga chiqadi: qanday qilib va kimga? Pandemiya emas, boshqacha holat bo‘lganida edi, naqd pulni uyma-uy yurib tarqatsak. Lekin boshqa mamlakatlar tajribasi ko‘rsatmoqdaki, qog‘oz pulning o‘zi ham virus tashuvchi ekan. Biz buni biroz kech tushunib qoldik.

Xullas, kimga va qanday qilib tarqatish mumkin, degan masala bor. Hozir siz legal ishlab, soliq va to‘lovlarni to‘laganlar nima bo‘ladi, degan savolni berasiz.

Siz keltirgan toifadagi odamlarning asosiy qismi, deylik, 80 foizi legal sektorda ishlaganida edi, ularga pul tarqatish borasida biror muammo bo‘lmas edi. Kimdir ko‘proq maosh olgan, kimdir kamroq. Bunga qarab o‘tirmasdan shartta belgilangan ma'lum bir miqdordagi mablag‘ni barcha ishlovchilarga tarqatib chiqilardi.

Avvalo kimlarga, degan savolga gipotetik javob: 14 yo 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga. Yana hali farzand ko‘rmagan, mustaqil oila qurib yashayotgan yoshlarga. Qaniydi imkoniyat bo‘lsa, shularni birinchi navbatda qo‘llab-quvvatlasak. Hozir legal ishlab turganlarga to‘lasak, buni berkitishning hojati yo‘q, bozorlar yo do‘konlarda ishlayotgan yigit-qizlar, restoran yo kafelarda ishlayotgan oshpaz yo uning yordamchisi, ofitsiant bo‘lib, umuman, iqtisodiyotning ko‘plab sektorlarida nolegal tarzda ishlab yurgan yigit-qizlar nima bo‘ladi, degan savol yuzaga chiqadi va bunga birinchi yo‘limiz javob bermaydi.

Bu haqda biror qaror yo‘q, hozircha. Siz mendan iqtisodchi sifatida fikrimni so‘radingiz. Albatta, bu birinchidan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, talabni kengaytirish bo‘lsa, ikkinchidan, ma'lum bir cheklangan miqdorda pulni tarqatish talabni judayam yaxshi rag‘batlantiradi. Ham ijtimoiy, ham iqtisodiy ijobiy tomonlari bor. Lekin puli masalasi-chi, deyilsa sobiq moliya vaziri sifatida buning juda murakkab tomonlari borligini ham juda yaxshi tushunaman. Shu sababli mikrofonni mamnuniyat bilan Timur Olimjonovich Ishmetovga beraman.

Timur Ishmetov, moliya vaziri:

— Javob berishdan avval bir narsaga e'tiboringizni qarataman. Ko‘proq birinchi savolga tegishli. Iqtisodiy inqiroz haqida iqtisodchi sifatida gaplashmoqdamiz. Butun jahon hamjamiyatida iqtisodiy inqiroz boshlanib bo‘lgani tan olingan. Boshqa, an'anaviy, klassik inqirozlardan farqli o‘laroq, bu inqirozga butun jahon hamjamiyatining o‘zi ongli ravishda asos solgan. Bu inqiroz kimdir yoki qaysidir davlatning noto‘g‘ri xatti-harakati, qaysidir sohada noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat oqibatida kelib chiqmagan. Butun dunyoda hukumatlarning o‘zlari iqtisodiyotlarini to‘xtatishga qaror qilishdi. Maqsad — o‘z xalqining hayotini saqlab qolish.

Iqtisodchi sifatida iqtisodiy asoratlarni hisobga olishimiz kerak, to‘g‘ri, lekin bosayotgan qadamlarimiz birlamchi sababni yo‘q qiladimi-yo‘qmi, buni ham hisobga olishimiz kerak.

Aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatish masalasida iqtisodchi sifatida Jamshid Anvarovich kabi to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Hattoki 15 martda ilk yig‘ilish bo‘lganida ham bu masala o‘rtaga tashlangan. Lekin o‘shanda bu savolga aniq javob bera olmaganman, chunki o‘sha paytda iqtisodiyotni qancha muddatga to‘xtatib qo‘yishimizdan bexabar bo‘lganman.

Mana, oradan bir oy vaqt o‘tdi, harakatlarni cheklovchi ko‘plab qarorlar qabul qilingan, hozir tushunib yetdikki, ahvol qanchalik jiddiy. Hozir bu borada prezidentning ikkita qarori qabul qilingan bo‘lsa, har ikki qarorda bu masala aks etib o‘tgan.

Birinchisi, nafaqa oluvchi oilalar 595 mingta bo‘lib kelgan bo‘lsa, qamrov 10 foizga oshirilishi ko‘rsatilgan. Bu yana salkam 60 mingta oila degani. Prezidentning ikkinchi qarorida nafaqat olayotganlarning nafaqasi avtomatik tarzda uzaytirib berilishi belgilangan. Bu degani — olib turganlar olishda davom etaverishadi, yangi qo‘shilganlariga ham beriladi. Hisob kitoblarga ko‘ra, nafaqa olayotgan oilalar 60 mingtaga emas, 120 mingtaga oshadi.

Banklarga ham xodimlariga oylik maoshlar berib turish uchun xususiy sektorga qisqa muddatli kreditlar berish borasida topshiriq berildi.

Masalaga administratsiya nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, shak-shubhasiz, odamlarning bank hisob raqamiga yoki plastik raqami balansiga mablag‘ tushirib berish yo‘li bilangina amalga oshiriladi. Pul tarqatishda oila tamoyili bo‘yicha yondashish kerak. Ya'ni har bir oilaga, uning a'zolari soniga qarab pul berish kerak.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top