23:39 / 19.04.2020
91411

Namanganda shahar kengashi deputatni himoya qildi. Endi ichki ishlar xodimlariga qonuniy chora ko‘rilishi mumkin

15 aprel kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati va IIB xodimlari o‘rtasida mojaro yuzaga kelgandi. Ichki ishlar vazirligi avtomashinasini majburiy sug‘urta qilishni unutgani uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati profilaktika inspektorining telefonini sindirgani, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olgani haqida ma'lum qilgandi.

16 aprel kuni Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Shu kuni Namangan shahar prokurori Xalq deputatlari Namangan shahar kengashiga taqdimnoma kiritib, deputat T.Muxammadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik so‘ragan.

Mazkur taqdimnoma 16 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar kengashida ko‘rib chiqilib, 25-Dambog‘ saylov okrugidan saylangan deputat T.Muxammadiyevni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish masalasi rad etilib, uni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.

Joriy yilning 19 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan yig‘ilishida kengashning 16 apreldagi qarori va shahar prokurorining T.Muxamadaliyevga oid taqdimnomasi ko‘rib chiqilgan.

Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining 19 apreldagi qarori bilan kengashning 16 apreldagi qarori bekor qilingan.

Shuningdek, shahar prokurorining T.Muxamadaliyevni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb etish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga rozilik berish to‘g‘risidagi taqdimnomasi ham rad etilgan.

Bundan tashqari, Kengash qarori bilan Namangan shahar prokuroriga shahar IIOV FMB-sonli profilaktika katta inspektori I.I. Abduraxmonov, IIB YHXB ispektori X.I. Ziyoviddinov va voqeada ishtirok etgan boshqa xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish va belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish vazifasi topshirilgan.

Ma'lumot uchun, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Top