07:37 / 19.04.2020
65646

Tramp Xitoy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy hukumati koronavirus haqidagi real ma'lumotlarni yashirgani aniqlansa, unda javobgarlikka tortilishi kerakligini aytdi.

Foto: REUTERS/Al Drago

U bunga Oq uydagi brifingda to‘xtalib o‘tgan. 

“Biz tergov o‘tkazmoqdamiz, ko‘ramiz, u qanday boradi. Agar ular [Xitoy hukumati] ataylab dalillarni yashirgani aniqlansa, unda buning oqibatlari bo‘lishi lozim. Masala shundaki, bu nazorat ostidan chiqib ketgan xato bo‘lganmi yoki ular buni ataylab qilganlarmi?”, deb aytgan Tramp.

AQSh prezidentining ta'kidlashicha, yuz bergan voqealargacha Vashington va Pekinning munosabatlari sermahsul bo‘lgan.

Shu bilan birga AQSh prezidenti Pekin ataylab xatoga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. “Xatolar yuz berib turadi”, deb aytgan Tramp va bu ma'lumotlarni yashirish kabi qo‘rqinchli emasligini ta'kidlab o‘tgan.

AQSh ma'muriyatida koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha koordinator Debora Birk brifingda AQSh hukumati Xitoyning koronavirusdan kasallanish, o‘lim va uning tarqalishi haqida bergan ma'lumotlarini haqiqatdan yiroq deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan. 

“Siz ular qanchalik haqiqatdan yiroqligini ko‘rishingiz mumkin”, deb aytgan Birk.

18 aprelda Tramp Xitoyning koronavirus haqida berayotgan ma'lumotlari rostligiga shubha bildirgandi. Uning fikricha, Xitoyda koronavirusdan AQShdan ko‘ra ko‘proq odam vafot etgan.

AQSh prezidentining ta'kidlashicha, koronavirus paydo bo‘lishi atrofida “ko‘plab g‘alati narsalar yuz bermoqda” va AQSh mutasaddi idoralari hozir buni tergov qilmoqda.

Bundan avvalroq Fox News telekanali Xitoyda koronavirusga chalingan ilk bemor viruslarni aniqlash va ularga qarshi kurashish bo‘yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi mahalliy laboratoriyalardan birida virusni yuqtirib olganini ma'lum qilgan. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus biologik qurol bo‘lmagan va xodim uni bexosdan yuqtirib olgan. 

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan Fox News’ning bu ma'lumotlariga javoban Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning sun'iy yo‘l bilan yuzaga kelganining tasdig‘ini topa olmaganini eslatib qo‘ygan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top