15:40 / 20.04.2020
22176

«Ko‘chaboshi», «uyboshi» - mahallalar faoliyatiga taalluqli qonun loyihasi bilan yangi atamalar kiritilishi mumkin

Foto: mahalladosh.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

 Ushbu qonun loyihasida bir qator yangiliklar o‘z aksini topgan. Jumladan, fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) besh yil muddatga saylanishi belgilangan. Amaldagi Qonunga ko‘ra, bu muddat uch yilni tashkil qiladi.

 Shuningdek, amaliyotda qo‘llanib kelingan, biroq qonunchilikda aks etmagan bir qator tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda. Masalan, ko‘chaboshi – fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chalarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro sifatida, uyboshi – fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p kvartirali uylarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro sifatida ta'riflangan.

 Prezidentning “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 2 apreldagi PF–5700-son farmonida harakatsiz va huquqni qo‘llashga ta'sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilganligi, shuningdek prezidentning “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 18 fevraldagi PF-5938-son farmonining 16-bandiga asosan mas'ul kotib lavozimi o‘rniga fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilganligi sababli mazkur qonun loyihasida ham ushbu lavozim o‘z aksini topgan. Jumladan, 22-moddada uning vakolatlari, huquqlari va majburiyatlari keltirib o‘tilgan.

 Bundan tashqari, Qonunning amaldagi tahririda fuqarolar yig‘ini deganda fuqarolarning umumiy majlisi tushunilgan, amaliyotda esa fuqarolar yig‘ini tuzilma sifatida faoliyat olib boradi. Shu bois, Qonun loyihasining butun matnida “fuqarolar yig‘ini” tuzilma sifatida, “fuqarolar yig‘ini majlisi” esa fuqarolar yig‘inining kollegial organi sifatida qo‘llanilmoqda.

Top