18:05 / 20.04.2020
11086

Putinning murojaatlari ortidan rossiyaliklarda naqd pulga talab keskin oshgani ma'lum bo‘ldi

​​​​​​​Rossiya prezidenti Vladimir Putinning televizion murojaatlaridan so‘ng rossiyaliklar banklardan naqd pullarni yanada faolroq yechib ola boshlashgan, deb yozadi Bloomberg. Mart oyi boshidan boshlab rossiyaliklar 1 trillion rubl naqd pul olishgan. Bu esa butun 2019 yilgidan ko‘proq.

Foto: Bloomberg

Rossiyaliklar o‘rtasida naqd pulga bo‘lgan talab Vladimir Putinning aholiga televizon murojaatlaridan so‘ng keskin oshgan, deb yozmoqda Bloomberg Rossiya Markaziy banki ma'lumotlariga asoslanib. Agentlikning qayd etishicha, naqd pullarni hisob-raqamlardan yechib olish bo‘yicha ilk sakrash prezident tomonidan omonatlarning foiziga soliq joriy etilishi e'lon qilinganidan so‘ng ro‘y bergan, ikkinchisi esa — ishlanmaydigan kunlar aprel oyining oxiriga qadar cho‘zilishi e'lon qilingach.

Mart oyi boshidan buyon bankomatlar va bank bo‘limlaridan 1 trillion rublga yaqin pul yechib olingan — bu esa 2019 yil davomidagi natijadan ham ko‘proq degani, deya yozadi Bloomberg regulyator ma'lumotlariga asoslanib.

«Odamlar banklar karantin chog‘ida ishlamay qolishi mumkinligidan cho‘chishgan. Ular pullarni ham oziq-ovqat zaxirasini g‘amlaganlariga o‘xshash sabab bilan yechib olishgan», degan agentlikka Rayffayzenbank tahlilchisi Denis Porivay.

Rossiyaliklarning bankomatlarga yopirilishi Putin tomonidan omonat foizlarga soliqlar hamda uzun ta'tillar bilan bog‘liqligini sobiq iqtisodiyot vaziri Andrey Nechayev «Exo Moskvi» radiostansiyasi efirida ham ta'kidlab o‘tgan.

«Omonatlarning chiqib ketish jarayoni bo‘lib o‘tgani — fakt… banklar ishlash-ishlamasligi noma'lum bo‘lib turgan edi, odamlarga esa pul kerak, tahlikali kunlarda ular o‘zlarida pul zaxirasi bo‘lishini istashgani tushunarli», degan Nechayev.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top