16:26 / 21.04.2020
10034

Koronavirus tarqalishini to‘xtata olgan Hongkong karantin muddatini uzaytirdi

Koronavirus epidemiyasi sababli Hongkong hukumati tomonidan kiritilgan cheklov choralari yana ikki haftaga uzaytirildi. Bu haqda Hongkong ma'muriyati rahbari Kerri Lam ma'lum qildi.

Foto: Felix Wong

Lam 23 aprel kuni tugashi lozim bo‘lgan karantin kamida 7 maygacha uzaytirilishini e'lon qildi. 

«Hozir quvonishning vaqti emas. Agar bo‘shashsak, barcha qilgan ishlarimiz chippakka chiqadi», dedi u.

Ammo uning aytishicha, ayrim choralar yumshatiladi.

Kecha Hongkongda mart oyidan buyon ilk marta koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq birortayam holat qayd etilmadi. Yanvardan beri bu yerda 1025 kishi koronavirusga chalingan va to‘rt kishi vafot etgan. 

Hongkong bunga nazorat choralari orqali erishdi: barcha aholi tibbiy niqobda yuribdi, hamma joyda qo‘llarni dezinfeksiyalovchi suyuqliklar mavjud, idoralar va savdo markazlarida tashrif buyuruvchilarning harorati o‘lchanmoqda.

Hukumat qat'iy karantin joriy etmadi, ammo ko‘pchilik uyidan turib ishlamoqda. Hozirda maktablar, sport zallari va ko‘ngilochar muassasalar yopiq bo‘lib, xorijdan kirish taqiqlangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top