23:14 / 22.04.2020
44547

OAV Shimoliy Koreya yetakchisi o‘rniga uning singlisi tayyorlanayotganini ma'lum qildi 

Shimoliy Koreya 2019 yil oxiridan boshlab favqulodda vaziyat holatiga Kim Chen In o‘rniga uning singlisi Kim Yo Chjonni tayyorlamoqda. 

Kim Yo Chjon. Foto: The Korea Times

Bu haqda Janubiy Koreya va AQShdagi manbalarga tayanib “Iomiuri” yapon nashri xabar berdi

Manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining 2019 yil oxiridagi majlisida Kim Chen Inning to‘satdan o‘limi yoki biror sababga ko‘ra mamlakatni boshqara olmaslik holatida mamlakatdagi barcha hokimiyat uning singlisiga topshirilishi haqida qaror qabul qilingan. Manbalarning ta'kidlashicha, shundan keyin “Kim Yo Chjon nomidan partiya va harbiy liniyalar bo‘yicha ko‘plab ko‘rsatmalar berilgan”. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, yanvarda Pxenyanga yuqori qon bosimi, yurakda muammolar va qand kasalligidan aziyat chekuvchi Kim Chen Inning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli fransiyalik shifokorlar guruhi kelgan. Shundan keyin uning o‘rniga singlisini tayyorlash bo‘yicha ishlar jadallashib, Kim Yo Chjon Shimoliy Koreyada deyarli “ikkinchi raqamli odam”ga aylangan.

Hozirda Kim Yo Chjon 31 yoshda bo‘lib, Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi direktori birinchi o‘rinbosari lavozimini egallaydi. U yoshligida Kim Chen In bilan birga Shveytsariyada ta'lim olgan. 

21 aprelda AQShning CNN telekanali razvedka vakillariga tayanib Shimoliy Koreya yetakchisi jarrohlik amaliyotidan keyin og‘ir ahvoldaligini ma'lum qilgan. Kim Chen Inning sog‘lig‘i haqidagi gaplar u 15 aprelda bobosi Kim Ir Senning tavallud kuni nishonlanishini o‘tkazib yuborgandan keyin urchigan. Bundan 4 kun avval u hukumat yig‘ilishida ishtirok etgan, biroq shundan keyin ko‘rinish bermagan.   

Mavzuga oid
Top