09:08 / 23.04.2020
14715

O‘zbekistonda qiymati 21,3 mln yevroga teng GES qurilishi boshlandi

Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurilishi boshlandi

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurilishi boshlandi.

Sardoba suv ombori 2009-2017 yillar mobaynida Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i oqib o‘tgan hududda barpo etilgan bo‘lib, suv omborining hajmi 930 mln. kub metrni tashkil etadi. Suv omborining balandligi 28,8 metrga teng.

“Sardoba suv omborida kichik GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy qiymati 21,3 mln. yevroga teng.

Investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan. Investitsiya loyihasi Rossiya Federatsiyasining “Roseksimbanki” tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kreditlar hisobiga moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.

Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosh pudratchi sifatida “Siloviye mashini – ZTL, LMZ, Elektrosila, Energomasheksport” kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilib, 19,2 mln. yevro ekvivalentiga teng shartnoma imzolangan.

Shuningdek, 3,7 mln. yevro ekvivalentidagi o‘z mablag‘lari bilan “O‘zbekgidroenergo” AJ ishtirok etadi.

Loyihaga binoan GESning o‘rnatilgan umumiy quvvati 10,7 MVt.ga teng. GESda 5,35 MVt.dan iborat ikkita gidroagregat o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 41,1 mln. kVt.soatga teng.

“O‘zbekgidroenergo” AJning “1-son qurilish direksiyasi” unitar korxonasi investitsiya loyihasining buyurtmachi va ijro etuvchisi hisoblanadi.

Hozirgi kunda “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimida 41ta gidroelektrostansiya hamda 1ta shamol energetik qurilmasi faoliyat yuritib kelmoqda.

Mavzuga oid
Top