22:47 / 24.04.2020
15058

AQShda koronavirusning biologik qurol sifatida qo‘llanishi ehtimoli o‘rganilmoqda

Amerikalik harbiylar kelgusida terrorchilar koronavirusni qurol sifatida qo‘llay olishi ehtimolini o‘rganmoqdalar.

Foto: WHO

AQSh harbiy razvedkasi koronavirusning biologik qurol sifatida qo‘llanishi mumkinligini o‘rganmoqda. Bu haqda Politico nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Shu bilan birga Pentagonda bu ular virus laboratoriyada yaratilgani haqidagi taxminga ishonishlarini anglatmasligi, biroq razvedka koronavirus biologik qurol bo‘lishi mumkinligini bilmoqchiligi ta'kidlab o‘tilgan.

“Virus o‘z tabiiy holatida texnik jihatdan kamroq rivojlangan guruhlar tomonidan qo‘llanishi yoki biologik qurol bo‘yicha ilg‘or dasturlarga ega davlatlar uning ko‘rsatkichlarini o‘zgartirishi mumkin”, deb aytgan AQSh mudofaa vazirining yadroviy, kimyoviy va biologik himoya dasturlari bo‘yicha sobiq yordamchisi Endi Veber.

Boshqa manbaning ta'kidlashicha, dushman tabiiy yo‘l bilan kimnidir virus bilan zararlashi, bu odam esa uni “kerakli joyda” tarqatishi mumkin.

“Bioterrorchilik nuqtai nazaridan koronavirus juda ochiq. Uning namunalari butun dunyoda mavjud”, deb aytgan Veber.

Biohimoya bo‘yicha mutaxassislar esa koronavirus o‘ta yuquvchanligi sababli uni tarqatishga urinadigan har qanday guruhga salbiy oqibatlar olib kelishi tufayli qurolga aylanishi dargumonligini aytishmoqda. Biroq Federal qidiruvlar byurosi ekstremistik guruhlar a'zolari bir-birlarini virusga chalingudek bo‘lsalar, uni tarqatishga chaqirayotgan holatlarni qayd qilmoqda.

Avvalroq Fox News telekanali koronavirus Uhandagi laboratoriyada yaratilganini ma'lum qilgandi. Telekanalning ta'kidlashicha, go‘yoki Xitoy virusni yaratib, “o‘zining virusga qarshi kurashdagi imkoniyatlari AQSh va boshqa davlatlarnikidan qanchalik ustunligini qo‘rsatmoqchi bo‘lgan”.  

Bungacha olimlar xalqaro guruhi koronavirus laboratoriyada yaratilgan virus emasligi, balki tabiiy yo‘l bilan vujudga kelgani haqidagi xulosaga kelishgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top