12:30 / 24.04.2020
10557

Hindistonda yuragida ikki operatsiya o‘tkazgan murg‘ak Bahoraga yana yurtdoshlarimizning ko‘magi zarur

Tug‘ma yurak porogi bilan dunyoga kelgan kattaqo‘rg‘onlik 9 yoshli Bahora Saidova haqida xayriya aksiyasi e'lon qilganimizdan so‘ng hamyurtlarimizning yordami bilan mo‘ljaldagi mablag‘ yig‘ilib, u onasi bilan Hindistonga yo‘l olgan edi.

Ammo koronavirus pandemiyasi ularning ham rejalarini o‘zgartirib yubordi. Avvalo ular belgilangan muddatdan kechikib, Hindistonda ham 14 kunlik karantinni o‘tashdi. So‘ngra Bahoraning yuragidagi teshik hamon katta bo‘lgani uchun uni bir marta emas, ikki marta operatsiya qilinishi kerakligi oydinlashdi.

Ona va uning qizi ayni paytda Hindistonda. Operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tgan. O‘sha yerda 5000 AQSh dollaridan ziyodroq qarz olishgan. Bahora tiklanish jarayonida.

Koronavirus infeksiyasi tufayli yo‘llar yopilgan. Hali Bahoraning sog‘ayishiga dori-darmon va yashashlar uchun ularga yana mablag‘ kerak bo‘ladi. Bahoraning onasi Marhabo Tojiyeva Hindistondan turib, hamyurtlarimizdan yordam so‘rab murojaat yo‘lladi.

Biz saxovatpesha yurtdoshlarimizdan Bahoraning batamom darddan forig‘ bo‘lishida o‘z ko‘maklarini ayamaslikka chorlab qolamiz. Keling, ko‘pchilik bo‘lib bir murg‘ak qiz to‘liq tuzalishi uchun yordam beraylik!

Xayriya aksiyalarimizga befarq bo‘lmagan vatandoshlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildiramiz. Savob va xayrli ishlar qilishdan charchamang. Qilgan yaxshiliklaringiz sabab rizqingizga rizq, umringizga umr qo‘shilsin azizlar!

Xayriya aksiyasida ishtirok etmoqchi bo‘lganlar uchun Bahora Sayidovaning onasi Marhabo Tojiyeva nomiga ochilgan plastik kartochkalar:

UZCARD: 8600 0423 8352 9657

HUMO: 9860 0301 0106 6675

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top