16:53 / 24.04.2020
8976

Tergov sudyasi: u kim va uning himoyachi protsessual maqomini oshirishdagi o‘rni qanday?

O‘zbekistonda advokatura institutini rivojlantirish va advokat nufuzini oshirishga sud-huquq islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Bunda jinoyat ishlarini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda himoyachining protsessual maqomini mustahkamlash ham diqqat markazida turibdi.

Foto: 123RF

Zero, taraflarning tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov bosqichidayoq teng huquqiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi – mazkur ish yuzasidan adolatli sud hukmiga erishishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Jinoyat protsessida tortishuv bu – turli (ayblov va himoya) pozitsiyadagi taraflarning jinoyat ishlarini yuritish jarayonidagi o‘zaro to‘qnashuvi bo‘lib, ular qonun tomonidan o‘zlariga berilgan vakolat va huquqlardan foydalangan holda harakat qiladilar. Tortishuv prinsipining amalga oshirilishi ish to‘liq, xolis va beg‘araz ko‘rib chiqilishining kafolati hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, haqiqatni aniqlashga va ish bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishga imkon beradi.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat protsessual kodeksi 25-moddasiga ko‘ra, birinchi instansiya sudining sud majlisida, shuningdek ishlar yuqori sudlarda ko‘rilayotganda ish yuritish taraflarning o‘zaro tortishuvi asosida amalga oshirilishi belgilangan. Ishni sudga qadar yuritishda esa ayblov tarafi, ya'ni surishtiruvchi, tergovchi va prokuror ish yuzasidan hal etuvchi ahamiyatga ega shaxslar hisoblanadi va bu jarayonda himoyachining protsessual maqomi zaifligi va ish taqdirini hal etishga bo‘lgan protsessual vakolati va imkoniyati yo‘qligi kuzatiladi. Biroq bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar himoyachining aynan ishni sudga qadar yuritish bosqichidayoq ayblov tarafi bilan teng imkoniyatda o‘z faoliyatini amalga oshirishini talab etmoqda.

Bunga qanday erishish mumkin? Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi JPKda dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish yo‘li bilan to‘planishi belgilangan. Biroq tergov va sud harakatlarining hech birini himoyachi mustaqil ravishda amalga oshira olmaydi. Himoyachiga dalillar to‘plash yuzasidan berilgan huquqlar esa himoyachining o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishida yetarlicha imkoniyat yaratib bera olmaydi.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, hozirda mavjud sud-tergov amaliyotiga muvofiq, tergovchi dalil yig‘ish maqsadida xohlagan shaxsni hattoki o‘sha shaxs tergov hibsxonasi yoki jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan bo‘lsa ham, guvoh sifatida so‘roq qilish huquqiga ega. Biroq himoyachi ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazishi va yozma tushuntirishlar olishi uchun ularning roziligi talab etiladi.

Bundan tashqari, advokatning samarali faoliyat yuritishi va ish yuzasidan yetarlicha dalillar to‘plashidan tergovchi va prokuror ko‘p hollarda o‘z kasbiy faoliyati nuqtayi nazaridan kelib chiqib manfaatdor bo‘lmaydi. Masalan, ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorda himoyachini qiziqtirgan va ish yuzasidan holatni yanada aniqlashtirishga qaratilgan savollarning aks ettirilishi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning xohishiga bog‘liq ekanligi himoyachi faoliyatini qiyinlashtirishga olib keladi, ayblov tarafiga esa ushbu holat ustunlik beradi. Natijada esa himoyachining muvaffaqqiyatli faoliyat olib borishida sun'iy to‘siqlar yuzaga keladi.

Bu holatni nemis huquqshunosi Ferdinand Lassal ta'biri bilan ifodalaydigan bo‘lsak, «qonuniy, asoslangan va adolatli sud hukmiga erishish uchun prokuror yuzdan oshiq politsiyachidan iborat butun boshli komanda bilan harakat qilsa, advokat esa bu yo‘lda yolg‘iz o‘zi harakat qiladi va kurashadi».

Sud-huquq tizimida uzoq yillar davomida shakllangan prokurorning va umuman ayblov tarafining jinoyat ishlarini yuritishdagi mutlaq huquq va vakolatlar sohibi ekani, bugungi rivojlangan, inson huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat sifatida ustun mavqega ega bo‘lgan hozirgi kunda zamonaviy prinsiplar va xalqaro standartlar talablariga mutlaqo mos kelmasligini ko‘rsatadi. Bu bilan prokuror va advokat to‘laligicha teng huquqli shaxslarga aylanishi kerak, degan fikrni bildirishdan saqlangan holda, inson taqdiri hal etiladigan bosqichlarda protsess taraflarining teng imkoniyatlarda harakatlanishlariga erishish bugungi kun talabidir, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Shu o‘rinda, himoyachining ayblov tarafi bilan teng imkoniyatlardan foydalanishi uchun uning xolis organ bo‘lgan sudga murojaat qilishi orqali o‘z imkoniyatlarini kengaytirishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Biroq respublikamizda bugungi kunda 4000ga yaqin advokat faoliyat yuritishini hamda sudning asosiy vazifasi odil sudlov faoliyatini olib borish ekanligini nazarda tutadigan bo‘lsak, sudlardagi ish hajmining yuqoriligi sababli, ishni sudga qadar yuritishda advokatlarning har bir murojaatini to‘liq va har tomonlama o‘rganib chiqish imkoniyati sudlarda mavjud emasligini ko‘rishimiz mumkin. Shu sababli, aynan ishni sudga qadar yuritishda taraflar o‘zlariga berilgan huquqlardan to‘laqonli foydalanishlari hamda o‘z protsessual majburiyatlarini bajarishlari uchun bu jarayonda xolislik hamda beg‘arazlikni ta'minlovchi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tarkibida tergov sudyasi lavozimini joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Bu bilan ishni sudga qadar yuritishda ayblov tarafining ustunlik mavqeyiga barham berilib, himoya tarafining protsessual maqomini oshirishga imkoniyat yaratiladi. Bu esa, sud-huquq tizimida yana bir yangi islohotni amalga oshirish zaruriyatini taqozo etadi.

Tergov sudyasi o‘zi kim? Tergov sudyasi – jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar bo‘lgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning o‘z huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi mas'ul mansabdor shaxs hisoblanadi.

Vakolat doirasiga ko‘ra, tergov sudyasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi JPKda ko‘rsatilgan ishni sudga qadar yuritish jarayonida sudning qarori (ajrimi) talab qilinadigan protsessual harakatlar bo‘yicha sud vakolatlarining barchasi o‘tkaziladi.

Eng asosiysi esa, tergov sudyasining ish yuzasidan xolislikni va taraflar tengligini ta'minlashi nuqtayi nazaridan kelib chiqib, unga ayblov tarafining bir qator vakolatlari, jumladan, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini o‘zgartirish, mol-mulkni xatlash va uni ta'qiqdan yechish, ekspertiza, taftish tayinlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchi va tergovchining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qilish kabi vakolatlarining o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, tergov sudyasining advokat so‘rovi yuzasidan mansabdor shaxs tomonidan rad javobi berilgan taqdirda, tegishli yuridik yordam ko‘rsatish va himoyasi ostidagi shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan har qanday ma'lumot, hujjat yoki narsalarni talab qilib olish to‘g‘risidagi himoyachi iltimosnomasini ko‘rib chiqish va tegishli organlarga so‘rov yuborish vakolatiga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, advokat gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishga jalb etilgan hollarda advokatga nisbatan protsessual harakatlarni amalga oshirishga sanksiya berish bilan bog‘liq vakolatlar ham tergov sudyasiga berilishi tergov sudyasi faoliyatining ahamiyatli jihatlaridan biri sifatida belgilanadi.

Shu tariqa, ish yuzasidan xolislik ta'minlanishiga to‘sqinlik qiladigan ko‘plab vakolatlarning boshqa bir mustaqil organ ish yurituviga o‘tkazilishi natijasida sudga qadar yuritishda taraflar tengligining ta'minlanishiga, bu jarayonda taraflar faoliyati ustidan sud nazoratining muvaffaqqiyatli amalga oshirilishiga, shuningdek himoyachining o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratilishiga erishish mumkin.

Bugungi kunda tergov sudyasi instituti dunyoning ko‘plab davlatlarida faoliyat olib bormoqda. Xususan, Belgiya, Gretsiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida, ayniqsa Fransiyada o‘z faoliyatini muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda hamda bir qator sobiq sovet ittifoqi davlatlarida ham tergov sudyasi instituti jadallik bilan joriy etilmoqda.

Jumladan, 2002 yilda Litvada, 2003 yilda Moldaviya va Estoniyada, 2005 yilda Latviyada, 2013 yilda Ukrainada, 2015 yilda esa Qozog‘iston va Gruziyada ushbu institut joriy etildi. Qirg‘iziston va Armaniston Respublikalarida esa tergov sudyasi institutini joriy etish masalasi hozirda ko‘rib chiqilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, respublikamizda ham jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining tarkibida va mavjud shtat birliklari doirasida tergov sudyasi institutining joriy etilishi jinoyat ishini sudga qadar yuritishda ayblov tarafi vakolatlari va himoyachi huquqlarining tengligi ta'minlanishiga imkon berish bilan bir qatorda advokatura institutini rivojlantirish va advokatlar maqomini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgan bo‘lar edi.

Dilbar Choriyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti doktoranti

Mavzuga oid
Top