18:20 / 24.04.2020
25687

«Toshkent propiskasi» va o‘zgarayotgan tartib. Tizim mas'uli bilan intervyu

21 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Unda 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolarini propiska qilish va hisobga olishda bir qator yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda.

To‘g‘ri, o‘zbekistonliklar uchun uzoq yillardan beri og‘riqli yara kabi bo‘lib qolayotgan «propiska» masalasi ushbu farmon bilan to‘la bekor qilinmadi, ammo uni oldinga tashlangan katta qadam sifatida baholash mumkin.

Xo‘sh, endilikda bu qadamni o‘zbekistonliklar nimalarda sezishlari mumkin? «Propiska» tizimi mamlakatda qanday sabab bilan paydo bo‘lgan edi? Bu yo‘nalishda keyingi qadam sifatida baholanayotgan xabardor qilish tizimi qanday bo‘ladi?

Kun.uz muxbiri Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhammedov bilan shu mavzularda suhbatlashdi.

– Propiska tizimini yengillashtirish haqida prezident parlamentga murojaatida gapirdi. Bungacha bu muammo gapirilmasdi, gapirilsa ham javobsiz savol sifatida qoldirilardi. Prezident Mirziyoyev topshirig‘idan keyin siyosiy doira vakillari bu tartibni ochiq tanqid qilishga o‘tdi. Xo‘sh, prezidentgacha tizimda yangilik yaratishga nima xalal berayotgan edi?

– 2020 yilda tasdiqlangan dastur doirasida propiska tizimini isloh qilish kerakligi ta'kidlab o‘tilgan edi. Nega prezident shu savolni ko‘tarmaguncha hech kim yangilik qilish masalasini ko‘tarmadi? Harakatlar bo‘lgan. Bir narsaga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiska bo‘yicha alohida qonun qabul qilingan. 1999 yilgi mudhish voqealardan keyin alohida komissiya tuzildi. Propiska bo‘yicha komissiya o‘z ishini to‘g‘ri tashkillashtira olmagandan keyin uning faoliyati qonunan tasdiqlandi. Yillar o‘tib propiska ruxsat berish jarayoni tusini oldi. Shu bilan birga, ijtimoiy sohalarda ham o‘z ildizini otdi. Maktabgacha ta'lim, maktab ta'limi, tibbiyot va boshqa sohalar ichigacha kirib ketdi. Barcha sohalar propiska tizimiga bog‘liq bo‘lib qolgani sababli masala yechimini topishda to‘siqlar yuzaga keldi. Hozir raqamlashtirish yilidamiz. Ijtimoiy sohadagi barcha vazirlik va idoralar o‘zining ma'lumotlar bazasini boshqa idora va vazirliklar bilan integratsiya qilish masalasi qo‘yildi. Hozirgacha qo‘yilgan muammolar raqamlashtirish yo‘li bilan hal etilishi belgilab berildi.

– Farmon va uning asosida qabul qilinadigan qonun bo‘yicha bo‘ladigan o‘zgarishlarga qisqacha tushuntirish bersangiz.

Ulug‘bek Muhammedov

– Farmonga ko‘ra, ruxsat berish tizimidan ogohlantirish tizimiga yaqinroq masala qo‘yildi. Hozirgi islohot ruxsat berish tizimi keyinchalik bosqichma-bosqich ogohlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan tizimga o‘tishga qaratilgan. Farmonning asosiy masalalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, doimiy yashash joyi bo‘yicha propiska qilish atamasi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tushunchasi vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tushunchalariga o‘zgartirildi.

Fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini o‘zi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzil bilan bir qatorda o‘z nomida bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish imkoniyati yaratiladi.

Toshkent shahrida turgan shaxs bilan boshqa viloyatdan bo‘lgan shaxs nikohdan o‘tsa, nikoh muddatidan 1 yil o‘tgandan keyingina Toshkent propiskasiga qo‘yilardi. Endi nikoh qayd etilgan kuniyoq Toshkent propiskasiga qo‘yish imkoni berildi. Nikoh bekor bo‘lgan taqdirda ham propiska saqlab qolinadi.

Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolar ma'lum muddat boshqa hududda yashab, o‘zlari yashagan joyga qaytib kelganda, ular hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi ko‘zda tutilmoqda. Ilgari esa qaytib kelganida propiskasini yo‘qotgan bo‘lardi.

Shuningdek, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Eski tizimda bunday toifadagi shaxslarni ro‘yxatga qo‘yish umuman nazarda tutilmagan edi.

Ilgari fuqaro davlat organidagi faoliyati davrida propiskaga kirgan, ishdan bo‘shatilganda yoki shartnomada belgilangan muddati yakuniga yetganda propiskadan chiqarib yuborilgan bo‘lsa, endi bunday bo‘lmaydi. Uning propiskasi saqlab qolinadi.

Yana bir yangilik. Bundan buyon Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan mutaxassislar mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Misol uchun, fuqaro poytaxtda yoki Toshkent viloyatidagi umumta'lim maktabida o‘qituvchilik qilsa, maktab direktorining; poliklinikada ishlasa, poliklinika mudirining ma'lumotnomasi bilan propiskaga kirishi mumkin. Bunda asosiy shart shuki, fuqaroning bitta tashkilotda ishlagan davri besh yildan kam bo‘lmasligi kerak.

Boshqa viloyatda yashovchi shaxslardan Toshkent shahridan uy olganda va uyni sotganda oshirilgan qiymatdagi 5 foizdan 10 foizgacha davlat bojini undirish tartibi ham bekor qilinmoqda.

Yana bir yangilik: Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan uy-joy sotib olish uchun endi hech qanday to‘siq yo‘q. Birlamchi yoki ikkilamchi bozor bo‘lishidan qat'i nazar propiska talabisiz uy xarid qilaveradi.

– Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga uzaytirilyapti. Bu muddat bo‘yicha ko‘p takliflar tushayotgani aytilgan edi. Muddatning aynan 15 kun etib belgilanishiga nima asos bo‘ldi?

– Bu muddat ko‘p muhokama qilindi. 15 kun etib belgilash uchun ko‘p o‘rgandik. Nima uchun 15 kun? Yaponiya, Janubiy Koreya, Latviya davlatlari tajribasida ham 15 kunlik muddat qo‘yilgan. Bu muddatga kelguncha ham bir qancha bosqichlar o‘tildi. Avval 3 kun edi, keyin 5 kun, 7 kun, 10 kun qilindi. Va hozirda 15 kun etib belgilandi.

Muddatlar va boshqa jihatlar bo‘yicha takliflar olinib, ishchi guruh tomonidan o‘rganilyapti. Keyinchalik ham tizimga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan.

Yana bir yangilikka to‘xtalmoqchiman. Farmon bilan 2020 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda «yagona darcha» tamoyili asosida propiska tizimini raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Ya'ni fuqarolarni doimiy ro‘yxatga olish bilan bog‘liq harakatlarni idoralararo elektron hamkorlik orqali «Yagona darcha» tamoyili asosida «Manzil» avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshirish belgilanmoqda. Bu ham bir qator qulaylik va yengilliklar beradi.

– Nima uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyati propiskasi haqidagi amaldagi qonun tag-tugi bilan olib tashlanmadi? Yangi tizim, xabardor qilish tizimi qanday bo‘ladi?

– Amaldagi tizim bizda ruxsat berish xarakteriga ega edi. Fuqarolarning xatti-harakatlari juda chegaralangan edi.

Xabar berish tizimi qanday bo‘ladi? Dunyo davlatlarida propiska, ro‘yxatga qo‘yish tizimi mutlaqo tag-tugi bilan yo‘q degan fikr bo‘lishi kerak emas. Keyingi qadamlarda ruxsat berishdan ogohlantirishga o‘tganimizda fuqaro ma'lum bir hududga borganda men shu hududda yashayapman, degan ma'lumotni elektron shaklda yoki boshqa yo‘l bilan DXA yoki migratsiya tizimi orqali xabardor qilishi kerak bo‘ladi.

Nega amaldagi propiska tizimi to‘liq bekor qilinmadi? Ishchi guruh holatni o‘rgandi. Loyihani tayyorlashda idoralar, hokimlik va vazirliklarning munosabatlari o‘rganildi. Aniq bir sabab bilan bu qonun tagi bilan olib tashlanmadi, degan javob noto‘g‘ri bo‘ladi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida infratuzilma yaxshiligi bois fuqarolarning bu yerga intilishi tabiiy hol. Bu yerda fuqarolarning yig‘ilishi bor. Propiska sohasi ijtimoiy sohalarga – maktabgacha ta'lim, maktab, tibbiyot tizimi bilan bog‘liq bo‘lyapti. Tagi bilan qonunni bekor qilish boshqa sohalarning bunga tayyorligiga taqalib qoldi. Shuning uchun bosqichma-bosqich joriy etish ma'qul ko‘rildi.

Hozirgi yangiliklardan keyin ham fuqarolarning takliflarini o‘rganib chiqishda davom etiladi. Keyingi bosqichlarda yanada ijobiy o‘zgarishlar tatbiq etiladi.

Top