14:59 / 25.04.2020
8559

«Vatan tarixi» kitobining qayta tayyorlangan nashri chop etildi

“Sharq” nashriyot–matbaa aksiyadorlik kompaniyasida R.Shamsutdinov, Sh.Karimov va S.Hoshimovlar muallifligida yozilgan “Vatan tarixi” kitobining qayta tayyorlangan nashri chop etildi.

Mazkur kitob Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan universitetlar, pedagogika institutlari tarix fakultetlari talabalari uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida tavsiya etilgan.

O‘quv qo‘llanmasi ikki kitobdan iborat bo‘lib, uning birinchi kitobida o‘zbek xalqi tarixining eng qadimgi davrlaridan to XVI asrgacha bo‘lgan davri tarixi bayon etilgan. Ikkinchi kitob esa vatanimizning XVI asrdan to XX asrning boshlariga qadar bo‘lgan davrdagi tarixini aks ettirgan.

Birinchi kitob (qayta tayyorlangan ikkinchi nashr) 10 ta bobdan iborat bo‘lib, ularda O‘rta Osiyo ibtidoiy tarixining davri va bosqichlari keng yoritilgan.

Ikkinchi kitobda (qayta tayyorlangan uchinchi nashr) tariximizning XVI asr va XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo xalqlari, o‘zbek xonliklari, Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi, Turkistonda chorizmning mustamlaka hukmronligi, mustamlaka Turkistonda madaniy hayot, Turkiston XX asr boshlaridagi siyosiy larzalar va bo‘hronlar davrida yuz bergan eng muhim tarixiy voqealari bayon etilgan.

O‘tmishda Markaziy Osiyo va Xuroson zaminida yuz bergan voqea va hodisalarning o‘ta chuqur o‘rganilganligi, tarixiy manba va adabiyotlardan keng foydalanilganligi tariximizni xolis va ishonchli yoritishga xizmat qilgan. Voqea va hodisalarga oid nodir rasmlar kitob mazmunini boyitishga katta hissa qo‘shgan. Salkam 34 bosma taboqli kitob 2000 nusxada chop etilgan.

Mavzuga oid
Top