17:49 / 27.04.2020
4159

Buyuk Britaniya karantin choralarini yumshatishni rejalashtirmoqda

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ushbu haftada koronavirus tarqalishi sababli joriy etilgan karantin choralari yumshatilishini e'lon qilishi mumkin, deb yozmoqda The Telegraph nashri.

Foto: AFP

Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir 7 maygacha joriy etilgan karantin choralarini yumshatishni tezlashtirishi mumkin. 

Gazetaning yozishicha, 27 aprel kuni Jonson koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab bilan yig‘ilish o‘tkazadi. Bosh vazir ayrim cheklovlarni muddatidan oldin bekor qilish niyatida, ammo yakuniy qaror mutaxassislar bilan uchrashuvdan so‘ng qabul qilinadi, deb ta'kidlaydi nashr.

Buyuk Britaniyada koronavirus pandemiyasi sababli 23 martda karantin e'lon qilingandi. Aholiga ko‘chada ikki kishidan ortiq holda to‘planish taqiqlandi, barcha nooziq-ovqat do‘konlari, kutubxonalar, diniy muassasalar va boshqa jamoat joylari yopildi.

27 mart kuni Jonsonning o‘zi ham koronavirusga chalingani ma'lum bo‘ldi. Hukumat rahbari ikki hafta kasalxonada yotdi va 26 aprel kuni ishga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Uning vazifasini mamlakat tashqi ishlar vaziri Dominik Raab vaqtincha bajarib turdi.

Jons Hopkins universitetining ma'lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 154 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalingan, 20 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 778 kishi sog‘aygan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top