17:00 / 27.04.2020
22588

Kirish-chiqish cheklangan Toyloqda biologik zararlanishga qarshi qanday kurashilmoqda? Fotoreportaj

Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi chora sifatida 24 apreldan Samarqand viloyatining Toyloq tumaniga kirish va chiqish cheklandi.

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidovning ko‘rsatmasiga asosan kuch ishlatar tuzilmalar bilan hamkorlikda yana bir maxsus ishlov berish yig‘ma otryadi ushbu tumanga yo‘naltirildi. Bu haqda Kun.uz’ga harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov ma'lum qildi. 

Qisqa fursatda “Biologik zararlanish vaziyatida dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar” rejasi ishlab chiqilib, yig‘ma otryad zimmasiga izolyatsiya qilingan hududni xavfli infeksiyadan batamom tozalash vazifasi yuklandi.

Bundan tashqari tumanda tashkil etilgan 35 ga yaqin blok-postlar aholi va texnikalar harakatini vaqtincha cheklab, bu orqali xavfli infeksiyaga qarshi samarali kurashishga imkon yaratilmoqda.

Tuman markaziga olib kiradigan barcha ko‘chalar va dala yo‘llariga avtomobil harakatini cheklash uchun beton to‘siqlar o‘rnatilgan. Asosiy yo‘llar va ko‘priklarda harbiy xizmatchilar o‘ziga biriktirilgan qurol-aslaha hamda jangovar texnikalarda patrullik xizmatini olib bormoqda.

Toyloq tumanidagi blok-postlarga jalb qilingan qo‘riqlash bo‘linmasi shaxsiy tarkibi 14 kundan so‘ng Samarqand harbiy gospitaliga karantinga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

27 aprel kuni dezinfeksiya ishlarida faollik ko‘rsatgan Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari hamda blok-postlarda xizmat o‘tayotgan harbiylar harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan rag‘batlantirildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top