19:27 / 28.04.2020
37348

«Uzoq davr uchun, ehtimol butun boshli avlod uchun qaror qabul qilayotganimizni anglashimiz kerak» - Aziza Umarova YeOII haqida

​​​​​​​6 mart kuni O‘zbekiston hukumati, 28 aprelda esa parlament deputatlari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi-davlat sifatida qo‘shilishga qaror berdi. Masala Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, ma'qullangan taqdirda, yozda prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi davomida YeOII bilan hamkorlik boshlangani haqida rasman e'lon qilinishi taxmin etilyapti.

Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va elektron hukumat masalalari bo‘yicha mutaxassis, Smartgov.consulting kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova bir muddat avval Kun.uz`ga bergan intervyusida qator mavzular singari YeOII masalasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.

«Ijobiy o‘zgarishlar ham bo‘lishi tayin. Chunki bizda bojxona stavkalari yuqori. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirsa, davlat bojxona to‘lovlarini kamaytirishga majbur bo‘ladi. Ammo Rossiyaning xalq iste'mol tovarlari bizga bostirib keladi, natijada davlat ancha yillardan beri qo‘llab-quvvatlayotgan mahalliylashtirish dasturi katta ehtimol bilan xavf ostida qoladi. Kichik sex, zavod va fabrikalar yopilishga majbur bo‘ladi.

Bu mehnat migrantlariga yordam berishi mumkinligi aytilyapti. Boshqa tomondan, Rossiyada qirg‘iz fuqarolari duch kelayotgan muammolarga qaraganda, migrantlarga oson bo‘lishini aytish qiyin. Patent to‘loviga hojat qolmaydi, lekin boshqa bir qator muammolar bor. Ya'ni ma'lum ma'noda millatchilik, shovinizm, skinhed bilan bog‘liq muammolar ochiq qoladi. Ular pasportingizga qarashmaydi, har qanday holatda ham sizga zarar yetkazishlari ehtimoli yo‘q emas.

Ehtimol, avval Jahon savdo tashkilotiga kirish, keyingina Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida o‘ylab ko‘rish to‘g‘riroq bo‘lar.

Bilishimcha, ittifoqqa kirgach, undan chiqib bo‘lmaydi – davlat ittifoqda qolishni istamagan taqdirda chiqib ketishining aniq yozilgan tartiboti yo‘q. Uzoq davr uchun, ehtimol butun boshli avlod uchun qaror qabul qilayotganimizni anglashimiz kerak. Chiqib ketish mumkin emasligi haqida o‘ylab, barcha ehtimoliy yutuq va zararni hisoblab chiqish kerak.

O‘zbekistonning hozirgi xalqaro obro‘si yaxshi. Oxirgi 3 yilda bizga mo‘jizadek qarashyapti. O‘zbekiston haqida xorijiy nashrlarda ko‘plab ijobiy fikrlar bildiriladi. Ittifoqqa kirish orqali biz bularning hammasini yo‘qotishimiz mumkin. Iqtisodiyotga ko‘proq investorlarni jalb qilish imkoniyati qo‘ldan boy beriladi.

Biz ittifoqning muhim ishtirokchilaridan biriga aylanishimiz amrimahol, katta ehtimol bilan boshqa davlatlarning qarorlariga bo‘ysunishga majbur bo‘lamiz. Bunga tayyormizmi? Savol ochiq.

Nazarimda, 90-yillar avlodini, undan keyin tug‘ilganlarni ham mustaqillikning naqadar muhimligini uqtirgan holda tarbiyalashdi. Hatto murosaga borib bo‘lsa-da, mustaqilligimizning ma'lum bir qismini berganda ham, odamlarimizning xafsalasini pir qilib qo‘yishimiz mumkin. Ayniqsa, yosh avlodning. Bunday bo‘lishini istamasdim.

Bu borada o‘ta ehtiyotkor bo‘lish, har bir qadamni strategik jihatdan puxta o‘ylash, kalkulyator bilan foyda-zararni hisoblash kerak, agar bu foydaga bo‘lsagina qo‘shilaylik. Lekin agar hisob-kitob salbiy bo‘lsa, bunday qarorlarni qabul qilmagan ma'qul», – deydi Aziza Umarova.

Umarova intervyuda ta'lim sifatini oshirish, monopoliyalarning iqtisodiyotga zarari, muhim lavozimlarda faoliyat yurituvchi ayol siyosatchilarning kamligi, Singapurning taraqqiyot yo‘li kabi mavzularda ham fikr bildirib o‘tdi.

To‘liq intervyuni Kun.uz`ning YouTube`dagi kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top