15:04 / 29.04.2020
12011

«Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi va agrosanoat klasteri to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonunning maqsadi qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi va agrosanoat klasterlari munosabatlarini joriy etish va ushbu tizimni asosi hisoblangan qishloq xo‘jaligi kooperativlari, ularning birlashmalari va agrosanoat klasterlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi va agrosanoat klasteri to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Kooperativ va agrosanoat klasteri quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi va faoliyat yuritadi:

a'zolikning ixtiyoriyligi;

ishlab chiqarish va boshqa xo‘jalik faoliyatida ishtirok etayotgan a'zolar uchun o‘zaro yordam va iqtisodiy manfaatning ta'minlanganligi;

foyda va zararning a'zolarning shaxsiy mehnati bilan ishtiroki yoki xo‘jalik faoliyatdagi ishtirokini hisobga olgan holda ular o‘rtasida taqsimlanishi;

xo‘jalik faoliyatda uning a'zosi bo‘lmagan shaxslar ishtirokini cheklash;

a'zolarni qo‘shimcha pay badali va uyushgan a'zolarni pay badali bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar miqdorini cheklash;

faoliyatning oshkoralik asosida boshqarilishi, har bir a'zo, qo‘shgan mulkiy hissasining miqdoridan qat'i nazar, bir ovozga ega bo‘lishi;

faoliyat to‘g‘risidagi axborotlarning, uning barcha a'zolari uchun ochiq bo‘lishi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativi sifatida kooperativ a'zolarining shaxsiy mehnati bilan ishtirokiga asoslangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatlarni bajarish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy pay badallari ko‘rinishidagi pul mablag‘lari, yer uchastkasi, yer va mulkiy ulushlari va boshqa mulklarini ixtiyoriy birlashtirish hamda ularni kooperativning pay fondiga kiritish yo‘li bilan tashkil etilgan kooperativ tan olinadi.

Ishlab chiqarish kooperativi tijorat tashkiloti bo‘lib, belgilangan talablarga muvofiq tashkil etilgan kooperativlar ishlab chiqarish kooperativlarining turlari hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativi a'zolari uchun uning faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishlari majburiydir, bunda a'zolar ularning qanday vazifani bajarishlaridan qat'iy nazar, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bo‘lib hisoblanadilar.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativining firma nomi “qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativi” so‘zlarini o‘z ichiga olishi lozim. Qishloq xo‘jaligi kooperativining firma nomiga bo‘lgan barcha talablar tegishli qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Ishlab chiqarish kooperativining a'zolari soni uchtadan kam bo‘lmasligi lozim.

Qishloq xo‘jaligi matlubot kooperativi sifatida qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va (yoki) shaxsiy tomorqa yer egalari tomonidan ularning matlubot kooperativi xo‘jalik faoliyatida ixtiyoriy ishtirok etish shartlarida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi kooperativi tan olinadi.

Matlubot kooperativi tijorat tashkiloti hisoblanadi va ushbu moddada belgilangan qoidalarga muvofiq bir yoki bir nechta faoliyat turlarini bajarish uchun kooperativ a'zolarining ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilgan qayta ishlash, sotish (savdo), xizmat ko‘rsatish, ta'minot, bog‘dorchilik, tomorqachilik, chorvachilik kooperativlariga bo‘linadi.

Qayta ishlash kooperativiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (go‘sht, baliq, sut, non va non mahsulotlari, sabzavot va meva, rezavorlar, paxta, kanop, zig‘ir mahsulotlari va yarim tayyor mahsulotlar, taxta-yog‘och materiallar ishlab chiqarish) qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi matlubot kooperativlari kiradi.

Sotish (savdo) kooperativi mahsulotlarni sotish, shuningdek, uni saqlash, saralash, quritish, yuvish, qadoqlash, o‘rash va tashishni amalga oshiradi, bitimlar tuzadi, bozorni o‘rganadi, mahsulot reklamasi va o‘z faoliyati bilan bog‘liq boshqa ishlarni tashkil qiladi.

Xizmat ko‘rsatish kooperativi mexanizatsiya, agrokimyo, melioratsiya, transport, ta'mirlash, qurilish ishlari, shuningdek, sug‘urta xizmatlari (sug‘urta kooperativlari), ilmiy-ishlab chiqarish, huquqiy va moliyaviy maslahatlar, elektrlashtirish, telefonlashtirish, sanatoriy va tibbiy xizmatlar hamda boshqa turdagi ish va xizmatlarni amalga oshiradi.

Ta'minot kooperativi ishlab chiqarish vositalari (o‘g‘itlar, neft mahsulotlari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa kimyoviy vositalar, ozuqalar) sotib olish va sotish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday mahsulotlarni sotib olish; sotib olinayotgan mahsulot sifatini sinash va nazorat qilish; urug‘lik, yosh qoramol va parrandalar yetkazib berish; xomashyo va materiallar ishlab chiqarish va ularni mahsulot ishlab chiqaruvchilarga yetkazish; mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun zarur bo‘ladigan matlubot tovarlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, tibbiyot va veterinariya preparatlari, kitoblar) sotib olish va yetkazish maqsadlarida tashkil etiladi.

Bog‘dorchilik, tomorqachilik va chorvachilik kooperativlari o‘simlikchilik va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish uchun tashkil etiladi.

Sug‘urta kooperativining faoliyat yuritish tartibi, uning a'zolari huquq va majburiyatlari ushbu qonun va sug‘urta kooperativlarini tashkil etish va faoliyat yuritish qoidalarini tartibga soluvchi qonunlar bilan belgilanadi.

Matlubot kooperativi, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, uning tarkibiga ikkitadan kam bo‘lmagan yuridik shaxs yoki beshtadan kam bo‘lmagan jismoniy shaxs kirganda tashkil etiladi. Bunda kooperativ a'zosi bo‘lgan yuridik shaxs umumiy yig‘ilishda qarorlar qabul qilishda bitta ovozga ega bo‘ladi.

Xizmat ko‘rsatish, qayta ishlash, sotish (savdo), ta'minot, bog‘dorchilik, tomorqachilik va chorvachilik kooperativlari tomonidan bajarilayotgan ish (xizmat)lar hajmining 50 foizdan kam bo‘lmagan qismi ushbu kooperativlar a'zolari uchun amalga oshirilishi lozim.

Matlubot kooperativining nomlanishi uning asosiy faoliyatini ifoda etishi hamda “qishloq xo‘jaligi matlubot kooperativi” so‘zlarini o‘z ichiga olishi lozim.

Top