09:23 / 30.04.2020
18458

Endi davlat bojini hamma teng to‘laydi

Loyiha bilan bir qator notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlarining stavkalari optimallashtirilmoqda.

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Masalaning bir necha yillardan beri qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotgan propiska va ichki migratsiyaga taalluqli ekanligi ko‘pchilikda qiziqishni kuchaytirdi.

Taklif etilayotgan loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan mamlakat fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylardan uy sotib olgani uchun to‘lanadigan davlat bojining alohida yuqori stavkasi bekor qilinmoqda.

Hozirgi vaqtda notarial amaliyotda, xususan, bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishda yoki davlat bojini to‘lashdan ozod qilishda ayrim tafovutlar mavjud.

Xalq vakillarining fikricha, ushbu loyiha bilan davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlariga aniqlashtiruvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani e'tiborga molik.

Notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan ayrim to‘lovlar miqdorining differensial tarzda hisoblab chiqarish tartibi ularni undirishda tafovutlar kelib chiqishiga sabab bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

Shu bois, mazkur loyiha bilan bir qator notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlarining stavkalari optimallashtirilmoqda.

Deputatlar qayd etishganidek, ushbu loyihaning qabul qilinishi bilan davlat boji stavkalari optimallashtiriladi, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari aniqlashtiriladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Top