17:20 / 01.05.2020
35564

O‘zbekistonda AI-80 markali benzin narxi arzonlashishi kutilmoqda - manba

Joriy yilning 3 may kunidan O‘zbekistonda AI-80 markali benzinning bir litri uchun narx tushiriladi.

Kun.uz’ning «O‘zbekneftgaz» kompaniyasidagi manbasi xabar berishicha, 3 may soat 00:00dan AI-80 markali benzin narxi 1 litri uchun 4500 so‘mdan 4000 so‘mga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinishi va e'lon qilinishi kutilyapti.

Aprel oy boshida Ai-80 benzini narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishi ma'lum bo‘ldi. Prezident qaroriga muvofiq, 1 maydan Ai-80 markali benzin va dizel yonilg‘isi birja savdolari orqali sotila boshlanadi.

O‘zbekistonda 2019 yilning 15 avgust kuni AI-80 markali benzinning bir litri uchun 4 500 so‘m narxi belgilangan. O‘shanda bu markadagi yoqilg‘i 500 so‘mga oshirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 26 mart kunidan O‘zbekistonda Ai-92 markali benzinning narxi 6200 so‘mdan 6000 so‘mga pasaytirilgan edi. 29 aprel kunidan boshlab bu mahsulotning narxi 5500 so‘m qilib belgilandi.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» yonilg‘i quyish shoxobchalarida 13 apreldan boshlab AI-91 markali benzinning 1 litri 200 so‘mga arzonlashib, 5600 so‘mdan sotila boshlanishi xabar qilingandi.

Top