19:03 / 01.05.2020
89968

Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilishiga kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onidan suv chiqishiga, mutaxassislarning fikricha, kechasi yog‘gan kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalidagi yangiliklar dasturida ma'lum qilindi.

Videodan kadr

Dasturda voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyevning aholi bilan muloqoti ham ko‘rsatildi.

«Bu ham bir sinov. Hech kim kutmagan sinov», degan davlat rahbari.

«Hozir odamlarni yig‘ib, vaqtinchalikka hamma sharoitini yaratib beramiz. Vaqtincha yashaydigan joy qilishimiz kerak. Hamma kuch va vositalarni shunga safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha mening boshchiligimda birorta rahbar hech qayerga qimirlamaymiz», – deya qayd etgan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident 2020 yil sinovli yil bo‘layotganini ta'kidlagan.

«Eng katta narsa – o‘zlaringni qo‘lga olishlaring kerak. Bu – hech kim kutmagan falokat. 2020 yil og‘ir keldi. Bu pandemiya ham bir balo bo‘ldi. Mana shu og‘irlikni yelkamizga olib, sabr bilan chidashimiz kerak. Hozir xato qilishga haqqimiz yo‘q», – degan Mirziyoyev.

Davlat rahbari favqulodda vaziyat ro‘y bergan hududda hech kim e'tibordan chetda qolmasligini ta'kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev vertolyotda borib, «Sardoba» to‘g‘onining suv chiqqan qismini ko‘zdan kechirgan. Hukumat komissiyasi va mutasaddi rahbarlarga to‘g‘onning mazkur qismini tiklash va uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar bergan.

  • Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni soat 5:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga keldi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Ushbu hodisadan asosan ekin maydonlariga jiddiy zarar yetgan.
  • Hodisa oqibatida minglab kishilar qo‘shni hududlarga, jumladan, Jizzax viloyatiga evakuatsiya qilindi.
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top