09:15 / 01.05.2020
7831

“Trastbank” – saxiylik yetuk fazilat

Foto: “Trastbank” matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta'minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgani juda katta tarixiy voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, o‘zbek xalqi mehr-oqibat va ezgulik kabi tushunchalarni doimo o‘zida mujassam etib, bag‘rikeng o‘zbek deya nom taratgani ham bejiz emas.

Hozirgi pandemiya davrida butun dunyoda kuzatilayotgani kabi yurtimizda ham ishsizlar, ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi qayd etilgan. Biroq, bag‘rikeng o‘zbek xalqi bunday sinovli kunlarda ezgu-amallar va o‘zining saxovatpeshaligi bilan muhtojlar dardiga darmon bo‘lmoqda.

Ma'lumki, saxovatli yurtdoshlarimiz xayru ehsonni savob uchun odatda yashirin tarzda amalga oshirishga harakat qilib kelgan. Ammo hozirgi qiyin kunlarda odamlarga dalda bo‘lish yoki ibrat ko‘rsatish orqali boshqalarni ham shunga da'vat qilish ma'nosida bunday ishlar ko‘proq oshkora amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.

Darhaqiqat, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham ana shu qadriyatni doimo qadrlaydi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish borasidagi qadriyatlarni amalga oshirishga e'tibor qaratib keladi.

Xususan, “Trastbank” va Shayxontohur tumani hokimiyati hamkorligida Bankning Amaliyot boshqarmasida tuman aholisini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq xarakatining “Mahalla” hayriya jamoat fondi hisobraqami ochilganiga juda qisqa muddat bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, bugungi kungacha bank va tuman tadbirkorlari tomonidan 1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushdi.

Bankning Amaliyot boshqarmasi va Shayxontohur tuman hokimligi hamkorligida tumandagi 51 ta mahalla qamrab olinib, 3500 mingdan ziyod kam ta'minlangan, ehtiyojmand, qarovchisiz qolgan qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan va vaqtincha ishsiz qolgan oilalarga dalda bo‘lish va yetimlar boshini silashda barchaga ibrat bo‘lish maqsadida har bir oila a'zosiga 1 mln. so‘mdan pul mablag‘lari bilan to‘ldirilgan maxsus bank plastik kartalari ochildi hamda sanitariya qoidalariga amal qilgan holda aholiga yetkazib berilishi ta'minlandi.

- Ezgulik, mehr-shafqat va sabr-qanoat oyi bo‘lgan fazilatli Ramazon oyi bu yil dunyoda koronavirus kasalligi keng tarqalgan og‘ir davrga to‘g‘ri keldi, - deydi mahalla faoli.

Albatta, hadisi shariflarimizda ham “Ehtiyojmand miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi kishi Alloh taolo yo‘lida sa'y-harakat qiluvchi yoki kechalari bilan toat ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutuvchi kishi kabidir, - deyilgan. Yurtboshimizning “Saxovat va ko‘mak” fondini tashkil etish tashabbuslari bilan bugun tuman hokimligi, tadbirkorlar va Trastbank rahbariyati tomonidan mahallamiz fuqarolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilgan xayr-ehsonlaridan juda minnatdormiz, bu mablag‘ hozirgi pandemiya sharoitida albatta xalqimizga katta ko‘mak bo‘ldi, - deya so‘zini yakunladi mahalla faoli. 

“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Shayxontohur tuman hokimligi jamoasi “Saxovat va ko‘mak” umumxalq xarakatining “Mahalla” hayriya jamoat fondi tomonidan ushbu xayrli ishlarni tashkil etishida yaqindan yordam berayotgan barcha homiy tashkilotlar, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi hamda homiylik istagida ushbu aksiyaga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan saxovatpesha fuqarolar hamda tadbirkorlarimizni hamkorlikka chorlaydi.

“Trastbank” matbuot xizmati

Top