21:56 / 01.05.2020
28163

Xitoy AQShning koronavirus uchun jazolashi borasidagi tahdidlariga javob qaytardi

AQSh uning dushmani Xitoy emas, koronavirus ekanligini anglab yetishi lozim. Bunday bayonot bilan Xitoy tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Gen Shuan chiqdi.

Gen Shuan / Foto: AFP

U AQSh prezidenti Donald Trampning Vashington koronavirus pandemiyasi sababli Xitoyni jazolash variantlarini ko‘rib chiqayotgani haqidagi so‘zlariga shunday izoh bergan.

Xitoylik diplomatning ta'kidlashicha, koronavirus butun insoniyatning umumiy dushmanidir va Xitoy koronavirus “sherigi” bo‘lmay, balki u ham jabrlangan tomon hisoblanadi. Uning aytishicha, sog‘liqni saqlash sohasidagi jahon inqirozi oldida xalqaro hamjamiyat birlashishi va muammoni birgalikda yengib o‘tishi lozim.

Avvalroq CNN telekanali AQSh prezidenti ma'muriyati Xitoyni koronavirus haqida haqiqatni yashirgani uchun iqtisodiy usullar bilan jazolash rejasini tuzayotganini ma'lum qilgandi.

Koronavirus pandemiyasi Xitoy va AQShning shundoq ham murakkab munosabatlariga yanada salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Tramp Xitoydan Uhanda birinchi marta qayd qilingan koronavirus iqtisodiyotga yetkazgan zarar uchun kompensatsiya talab qilmoqchiligini bildirgan. Pekin bu ayblovlarga javoban AQShni “ochiqcha yolg‘onchilik”da ayblagan. Xitoy tashqi ishlar vazirligining ta'kidlashicha, amerikalik siyosatchilarda faqat bir maqsad bor bo‘lib, ular epidemiyani to‘xtatishda yo‘l qo‘ygan o‘z xatolari uchun javobgarlikni o‘zlaridan soqit qilmoqchilar va omma e'tiborini chalg‘itishga urinmoqdalar. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top