21:05 / 02.05.2020
22531

Koronavirus yuqtirgan tojikistonlik siyosatchi mamlakatda vaziyatni o‘nglash uchun «temir qo‘l» kerakligini aytdi

Tojikiston demokratik partiyasi rahbari Saidja'far Usmonzoda mamlakatda harbiy holat va umummilliy karantin joriy etishni taklif qildi.

Foto: Asia-Plus

Bu haqda. «Aziya Plyus» nashri ma'lum qilgan.

Koronavirus yuqtirgan Saidja'far Usmonzoda hozir Dushanbe shahridagi kasalxonalardan birida davolanmoqda. Siyosatchiga dastlab o‘tkir respirator virus infeksiyasi tashxisi qo‘yilgandi, ammo keyinchalik olingan tahlillar u koronavirus yuqtirganini ko‘rsatadi.

Usmonzoda hukumatni ommadan va xalqaro hamjamiyatdan koronavirus bilan bog‘liq hozirgi vaziyat haqidagi haqiqatni yashirmaslikka chaqiradi: «Birgina mening atrofimda bir necha qarindoshim koronavirus yuqtirgan bo‘lsa, Tojikistonda jami kasallanganlar soni 32 nafar ekaniga qanday ishonish mumkin?», degan bu xususda Usmonzoda.

Demokratik partiya yetakchisi pandemiyaga qarshi kurashish uchun respublika shtab boshlig‘ini o‘zgartirish kerak deb hisoblaydi. Uning fikriga ko‘ra, hozirgi og‘ir vaziyatda barchasini tezroq o‘nglash uchun Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining «temir qo‘l»i kerak.

«Men mamlakat bosh vaziri Kahhor Rasulzodaning o‘rniga Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘i Saymumin Yatimovni koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha respublika shtab boshlig‘i vazifasiga, Rustam Imomalini esa uning o‘rinbosari etib tayinlashni taklif qilaman. Ishonchim komil, vaziyatni aynan ular yaxshi nazorat qila oladi», degan koronavirusdan davolanayotgan siyosatchi.

Usmonzodaning so‘zlariga ko‘ra, bugun mamlakatda nafaqat epidemiologik vaziyatni, balki  iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni ham qat'iy nazoratga olib, oziq-ovqat va dori-darmon narxi oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Siyosatchi Tojikistonda koronavirus asoratlarini yengib chiqish uchun mamlakatdagi boylarning yordami kerakligini alohida ta'kidlagan.

2 may holatiga ko‘ra Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni rasman 32 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 17 nafari poytaxt Dushanbeda, 10 nafari Sug‘d viloyatida, 5 nafari markazga bo‘ysunuvchi tumanlarda aniqlangan.

Garchi Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 32 nafar deb ma'lumot berayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik tojikistonliklar xuddi Saidja'far Usmonzoda kabi bu raqamga ishonmayotgani aytilmoqda. Oldinroq Jahon banki kerakli choralar ko‘rilmasa, Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni keskin ko‘payib ketishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top