07:23 / 02.05.2020
6122

Rolls-Royce 8 ming xodimini ishdan bo‘shatmoqchi. Bu oxirgi 30 yildagi eng katta qisqartirish

Foto: Reuters

Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyasi oxirgi 30 yildagi eng yirik qisqartirishga qo‘l urmoqchi. Ma'lum bo‘lishicha, 52 mingdan ko‘proq odam ishlaydigan korxona 8 ming ishchisini bo‘shatishi kutilmoqda. Bu haqda Financial Times xabar bergan.

Samolyotlar uchun aerodvigatellar ishlab chiqaruvchi Rolls-Royce yirik ishlab chiqaruvchilar Airbus va Boeing tomonidan buyurtmalar soni keskin kamayib ketgani sabab shunday qarorga kelishga majbur bo‘lgan. Airbus va Boeing oxirgi ikki haftada ishlab chiqarish hajmini mos ravishda 35 va 50 foizga qisqartirgan. Koronavirus pandemiyasi sabab aviakompaniyalar moliyaviy qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda va ular xarajatlarini qisqartirish maqsadida yangi samolyotlar sotib olishni kamaytirgan. Talabning keskin kamayishi aviasanoatning barcha sohalariga jiddiy zarar keltirdi.

Aviakompaniyalar ham yoppasiga ishchilarini bo‘shatishi kutilmoqda. Masalan, Ryanair 15 foiz ishchilarini (3 ming nafar) ishdan bo‘shatmoqchi. Shuningdek, British Airways`ning 12 ming xodimi ishsiz qolishi mumkin.

Financial Times`ning Rolls-Royce`dagi manbalariga ko‘ra, korxonaning kasaba uyushmasi qisqartirish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan. Britaniyaning yirik aviadvigatellar ishlab chiqaruvchi korxonasida oxirgi marta 2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng bu qadar yirik qisqartirishga qo‘l urilgan. Nyu-Yorkdagi teraktlardan so‘ng korxona 5 ming xodimini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lgan. Bu galgi qisqartirish esa kattaroq bo‘lishi kutilmoqda.

Rolls-Royce iqtisodiy direktori Stiven Deyt allaqachon ishchilarga qisqartirish haqida xabar berib bo‘lgan. Korxona 30 yil davomida ilk marta dividendlar berishni to‘xtatdi va kapital xarajatlarni kamaytirdi. Shuningdek, Rolls-Royce yil oxirida erkin kapital miqdorini 1 milliard funtga yetkazish rejasini ham bekor qildi.

Ma'lumot uchun, erkin kapital deb yil oxirida barcha xarajatlar va soliqlardan ortgan pul miqdoriga aytiladi. U qanchalik ko‘p bo‘lsa, korxona aksiyalari qiymati shunchalik mustahkam bo‘ladi va yangi rejalarni amalga oshirishda tavakkal qilish imkonini beradi. Shu bois Rolls-Royce yangi avlod dvigatellari ishlab chiqarish bo‘yicha UltraFan loyihasini kechiktirishga majbur bo‘lgan.

Rolls-Royce 2001 yilda amalga oshirgan qisqartirishda asosan menejyer va injyenerlar bo‘shatilgan bo‘lsa, bu gal asosan zavodlardagi ishchilar jabr ko‘rishi kutilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top