17:16 / 02.05.2020
17789

Sirdaryoliklarga yordam berayotgan ko‘ngilli guruhlar ko‘paymoqda

Xususan, «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti, Islom.uz portali, Muslimaat.uz hamda Grand ta’lim NTM jamoasi, Sardor Rahimxon boshliq ko‘ngillilar guruhlari sirdaryolik yurtdoshlarimizga yordam karvoni yuborilishini e'lon qildilar.

Foto: KUN.UZ

“Azizlar, kecha tongda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, minglab yurtdoshlarimiz boshpanasiz qoldi. Ularga imkon qadar tezroq yordam berish, bu og‘ir sinovda yelkadosh bo‘lish – dindosh, millatdosh, yurtdosh sifatidagi insoniy burchimiz.

Azizlar, iltimos, sirdaryoliklarning boshiga kelgan bu ofatni o‘z boshimizga tushgandek his qilib, kattayu kichik har qanday yordam bo‘lsa, darhol yuboraylik!

Yordam berishga hissa qo‘shmoqchi bo‘lganlar Click yoki PayMe orqali quyidagi plastik karta raqamiga mablag‘ o‘tkazishlari mumkin: 8600 3329 4846 7836 (Ixlosiddin Urmanov nomida). 

Naqd puldagi xayriya mablag‘larini ham qabul qilamiz. 

Xayriya shtabi manzili: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, So‘galli ota ko‘chasi, 5-uy. Telefon: +998 93 397 0012”

Yuqoridagi guruhlar faoliyati bilan tanishish maqsadida koordinatorlardan biri, Grand ta’lim NTM xodimi Shahnoza opa bilan bog‘landik:

– Xalqimizdan minnatdorman, shu yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Karantin tufayli ko‘pchilikning ishi to‘xtab qolganligiga qaramay qo‘ng‘iroqlar tinmayapti, ataganlarini olib kelayotganlarni tushirib olishga yigitlarimiz ulgurishmayapti. Kimdir qoplab un, shakar kabi mahsulotlar olib kelsa, yana kimdir uyidagi gilamidan tortib kiyimlarigacha ko‘tarib kelishyapti. “Imkonimiz qisqaroq edi, yopilgan bankalarim, yaxshi idishlarim bor, shularni berib yuboryapman.. ”, yoki “Pulim yo‘q edi, borib xizmatim bilan yordam bersam maylimi?” – deb qilingan qo‘ng‘iroqlarni eshitib qanday qilib ko‘zimiz yoshlanmasin?

Yordam berish istagini bildirganlar juda ko‘pligi uchun hozircha faqat mahsulotlarni to‘playapmiz, Xudo xohlasa bir-ikki kun ichida omonatlarni o‘z manziliga yetkazib beramiz – dedi Shahnoza opa.

Shuningdek Sardor Rahimxon boshchiligidagi yana bir ko‘ngillilar guruhi ham ayni shu yo‘nalishda ishlashmoqda. “Sirdaryo viloyatiga insonparvarlik yordami jo‘natamiz, imkoni borlar bog‘lanishsin: +99890-908-44-46 / Uzcard, Click, Payme 8600 3104 0422 0113” deyilgan e'lon ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalmoqda. Bu guruh dastlabki karvonni manzil sari jo‘natishga ham ulgurgan.

1 may kuni poytaxtdagi ko‘ngillilar tomonidan “Sirdaryoliklar yordam” guruhi ham suv toshqinidan jabr ko‘rganlarga yordam aksiyasi tashkil qilgan edi. 2 may kuni yo‘lga chiqishi kerak bo‘lgan karvonda yordam berish istagini bildirganlar juda ko‘payib ketganligi bois Toshkent shahri hokimligi taklifi ko‘ra hamda xavfsizlik qoidalariga rioya etish maqsadida mahsulotlar maxsus yuk mashinalarida, ko‘ngillilarning vakillari esa maxsus avtobusda Sirdaryoga jo‘nab ketishdi. 

Kimdir bu aksiyaga qo‘shilish niyatida bo‘lsa, +998909999960 raqami orqali tashkilotchilar bilan bog‘lanishlari yoki 8600112982868846 raqamli plastik kartaga mablag‘ tushirib berishlari mumkin.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top