09:30 / 03.05.2020
20577

Koronavirus: Global kuchlar kurashi

Global kuchlar bir tomondan epidemiyaga qarshi kurashmoqda, boshqa tomondan esa azaliy jangni davom ettirmoqda. Chunki inqirozlar har qancha dahshatli muammolar bilan yuzma-yuz qilmasin, yangi imkoniyatlar tug‘dirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Foto: Reuters

So‘nggi paytlarda dunyo ommaviy axborot vositalarida yangi turdagi koronavirus inqirozining dunyo siyosatiga ta'siri haqida ko‘plab maqolalar e'lon qilinmoqda. Ushbu maqolalarning ba'zilari joriy inqirozning oqibatlariga bag‘ishlangan bo‘lsa, ba'zilari bugungi kungacha ro‘y bergan voqealar asosidagi kelajak tahlillarini o‘z ichiga oladi.

Albatta, Covid-19 epidemiyasi davrida yuz bergan inqirozning jahon iqtisodiyoti va siyosatiga qanday ta'sir qilishi masalasi juda ko‘p omillar bilan bog‘liq. Ushbu parametrlar sirasiga esa AQSh, Xitoy va Yevropa Ittifoqi (YeI) kabi global kuchlar tomonidan tibbiy va iqtisodiy muammolarni hal etish uchun amalga oshiriladigan ishlar ham kiradi. Bunda epidemiyaning qancha vaqt davom etishi, qachon uni nazoratga olish mumkinligini aniqlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun inqiroz oqibatlari eng avvalo sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va siyosiy tizimda bo‘rtib ko‘zga tashlanmoqda. Albatta, inqirozning ijtimoiy tuzilmalar va odamlarning psixologiyasiga o‘tkazayotgan ta'sirini ham bunga ilova qilish mumkin.

Ta'kidlash joizki, inqirozning barcha bosqichlarida sovuqqon bo‘lish, aql bilan ish tutish xalqaro siyosiy va iqtisodiy tizimga ta'sir ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi. Boshqacha aytganda, idrok bilan inqirozni boshqara oladiganlar boshqalarga qaraganda ko‘proq ustunlikka ega bo‘ladi.

Tarixga qaytamiz. Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari, «sovuq urush»ning tugashi, 11 sentabr teraktlari va 2008/2009 yilgi jahon iqtisodiy inqirozi o‘rganilganda, ularning har biri dunyo siyosatiga turli darajada ta'sir qilganini ko‘rish mumkin. Ya'ni Birinchi jahon urushi, 11 sentabr voqealari va 11 yil oldin ro‘y bergan iqtisodiy inqiroz o‘sha paytdagi mavjud siyosiy tizimga u qadar katta ta'sir ko‘rsatmadi. Ammo Ikkinchi jahon urushi avvalida ko‘p qutbli bo‘lgan xalqaro siyosiy tizim urushdan so‘ng ikki qutbli ko‘rinish oldi – jahon siyosatining markazida bo‘lgan G‘arbiy Yevropa, xususan, Angliya urush yakunlangach, o‘z o‘rnini AQSh va Sovet Ittifoqiga bo‘shatib berdi. Natijada, Ikkinchi jahon urushi xalqaro siyosiy tizimni tubdan o‘zgartirib yubordi. Xuddi shunday, sovuq urushning tugashiga olib kelgan o‘zgarishlar (Gorbachyovning qayta qurish va Glasnost siyosati, Sharqiy Yevropa inqiloblari va Berlin devorining qulashi) xalqaro siyosiy tizimni ikki qutbli tuzilmadan yagona katta kuchga aylantirdi. Keyin esa asta-sekin ko‘p qutblilikka zamin hozirladi.

Albatta, Covid-19 epidemiyasini yuqorida qayd etilgan voqealar bilan qiyoslash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zotan, u tom ma'nodagi total inqirozdir. Tabiiyki, iqtisodiyotning g‘ildiraklari aylanishdan to‘xtasa, har qanday energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj va talab yo‘qoladi. Shu ma'noda, neft narxlarining qulashi hayratlanarli holat emas.

2008-2009 jahon iqtisodiy inqirozdan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a'zo ko‘plab davlatlar, xususan, Gretsiya, Italiya va Ispaniya tashqi moliyaviy yordamlarsiz oyoqqa tura olmaydigan darajada mushkul ahvolga tushib qolishdi. Har uch mamlakat turizm mablag‘lariga qaramligi hisobga olinsa, Covid-19 epidemiyasidan so‘ng ular yana yangi muammolar bilan yuzma-yuz kelishi aniq. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimi tamoman izdan chiqqan Italiya va Ispaniyaga Germaniyaning yordam berish-bermasligi nafaqat Yevropa Ittifoqining kelajagini, balki Rossiya va Xitoy kabi davlatlarning ham Yevropadagi ta'sir kuchini belgilab beradi.

Qayd etish joizki, epidemiyani nazorat qilish jarayonining cho‘zilishi iqtisodiy xarajatlarning o‘sishiga, iqtisodiy xarajatlarning o‘sishi esa dunyo siyosatiga ta'sir o‘tkazadi. Ayni paytda u AQSh-Xitoy raqobatida yangi sahna ochadi. To‘g‘ri, AQSh so‘nggi uch yirik tanazzul («sovuq urush», 11 sentabr voqealari va 2008/2009 yilgi iqtisodiy inqiroz)dan muvaffaqiyatli o‘ta oldi. Xo‘sh, bu safar-chi? AQSh bu gal ham tegirmondan butun chiqa oladimi?

Hokimiyat tepasiga «First America» («Amerika birinchi») shiori bilan kelgan va salaflaridan farqli o‘laroq, boshqa davlatlar bilan birga harakat qilishni istamagan Tramp ma'muriyati epidemiya davrida ko‘p «qon yo‘qotdi». Ayrim siyosatchilarning fikricha, Trampning epidemiyaga qarshi kurashda eng muhim xalqaro tashkilot bo‘lgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mablag‘larini qisqartirishga qaror bergani to‘g‘ri qaror bo‘lmadi. Aksincha, AQSh bunday paytda JSSTdagi o‘z mavqeyini oshirishi va yetakchilikni o‘z qo‘liga olishi kerak edi.

Agar AQSh epidemiya tufayli mamlakatda yuzaga kelgan inqirozni ham sog‘liqni saqlash, ham iqtisodiy nuqtayi nazardan bartaraf eta olsa, Covid-19 inqirozi xalqaro siyosiy tizimda tub o‘zgarishlarga olib kelmaydi. Ammo agar Vashington ma'muriyati buni uddalay olmasa va epidemiya uzoq vaqt davom etadigan bo‘lsa, u holda butun dunyo jiddiy tanazzulga yuz tutishi mumkin. Ayni paytda AQSh bilib turibdi – Xitoy yagona gegemon bo‘lishga, uning o‘rini egallashga chog‘lanmoqda. Bu esa, shubhasiz, Amerikani tezroq oyoqqa turishga undaydi.

Inqirozni boshqarish masalasida Xitoy hozir aksariyat Yevropa mamlakatlari va AQShga qaraganda ustun mavqega ega bo‘lib turibdi. Tan olish kerak, epidemiya allaqachon propaganda quroliga aylanib ulgurdi: bir tarafda Tramp «Xitoy virusi» iborasini tez-tez tilga olib, sodir bo‘layotgan barcha voqealarda Pekin ma'muriyatini ayblamoqda. Xitoy esa dunyo mamlakatlari, xususan, Yevropa davlatlariga yordam berish orqali obro‘sini tiklashga, G‘arbga so‘zi o‘tadigan figuraga aylanishga urinmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, epidemiya davrida Xitoy xalqaro tizimda AQShning o‘rnini egallashga, AQSh esa Xitoyga qarshi turishga, Rossiya YeIni bo‘lishga, Germaniya esa Yepropa lideriga aylanishga harakat qilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top