23:04 / 03.05.2020
110590

Rasman: AI-80 markali benzin narxi arzonlashdi

Joriy yilning 3 may kunidan O‘zbekistonda AI-80 markali benzin narxi arzonladi. Energetika vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni paytda bunday markadagi benzin narxi 1 litri uchun 4000 so‘m sotilmoqda.

Ta'kidlanishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan  2020 yilning 4 aprel kuni “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolangan edi.

Mavzkur qarorga muvofiq 1 maydan e'tiboran AI-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi. Shuningdek, neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan AI-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali sotilishi belgilab qo‘yildi.

Neft narxi keskin quladi, endi O‘zbekistonda ham benzin arzonlashadimi?

Energetika vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bugun, 3 may kunidan e'tiboran 4000 so‘mdan sotuvga chiqarildi. Shuningdek, dizel yoqilg‘isining narxi ham arzonlashgan.

Avvalroq Kun.uz o‘z manbalariga tayanib, AI-80 markali benzin narxi arzonlashishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda 2019 yilning 15 avgust kuni AI-80 markali benzinning bir litri uchun 4 500 so‘m narxi belgilangan. O‘shanda bu markadagi yoqilg‘i 500 so‘mga oshirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 26 mart kunidan O‘zbekistonda AI-92 markali benzinning narxi 6200 so‘mdan 6000 so‘mga pasaytirilgan edi. 29 aprel kunidan boshlab bu mahsulotning narxi 5500 so‘m qilib belgilandi.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» yonilg‘i quyish shoxobchalarida 13 apreldan boshlab AI-91 markali benzinning 1 litri 200 so‘mga arzonlashib, 5600 so‘mdan sotila boshlanishi xabar qilingandi.

Top