08:40 / 03.05.2020
51479

Tramp Xitoyni ayblashdan to‘xtamayapti. Uning gaplari qanchalik asosli?

AQSh prezidenti Donald Tramp unga koronavirus Xitoyning Uhan shahridagi virusologiya laboratoriyasidan tarqalgani to‘g‘risidagi dalillar taqdim etilganini aytar ekan, aftidan buni aniqlash uchun o‘z razvedka xizmatlarini ishga solgan ko‘rinadi.

Foto: AFP

Bungacha Amerika razvedka tuzilmalari faoliyatini nazorat qiluvchi AQSh Milliy razvedkasi idorasi direktori hali ham koronavirus qayerdan kelib chiqqanini tekshirayotgani haqida ma'lum qilgandi. Ushbu idora virus sun'iy tarqatilmagan yoki genetik modifikatsiya qilinmagan degan xulosa bergan.

O‘z navbatida Xitoy tomoni yangi koronavirusning sun'iy tarzda tarqatilgani haqidagi ayblovlarni rad etayotgan bir vaqtda Tramp virus dunyoga tarqalishiga Xitoy aybdorligini ta'kidlashdan charchamayapti. AQSh prezidenti koronavirusni «Xitoy virusi» deb atab keladi.

Xitoyning Uhan shahrida boshlangan pandemiya natijasida bugun koronavirus bilan dunyoda 3,4 milliondan ortiq odam kasallangan. Virusga chalinish holatlari hanuz davom etmoqda. Kasallanganlarning 245 mingga yaqini vafot etdi. Qurbonlarning eng ko‘pi AQShda (67,4 mingdan ortiq).

Tramp bu masalada nimalar demoqda?

Payshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlardan biri Trampga: «Siz Uhandagi virusologiya instituti koronavirus manbai bo‘lganligini isbotlaydigan biror dalilni ko‘rdingizmi?», deb savol berdi. Savolga javoban Tramp hech qanday tafsilotlarsiz, qisqagina qilib shunday dedi: «Ha, ha, ko‘rdim. Haqiqatan ham ko‘rdim. O‘ylashimcha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zini Xitoy hukumatining reklama targ‘ibotchisi kabi tutganidan uyalishi kerak».

Trampdan JSST sha'niga aytgan ayblovlarini izohlashni so‘rashganda u buni jurnalistlarga ayta olmasligi, o‘zida buni oshkor qilishga vakolat yo‘qligini aytdi. Tramp matbuot anjumani davomida Xitoy haqidagi gumonlarini davom ettirar ekan, «Balki barchasi xato tufayli yuz berib, so‘ng ular qasddan nimadir qilgandir?», deya qo‘shimcha qilgan.

«Xitoy hukumati nega odamlarga Uhan shahri va Xubey provinsiyasidan mamlakatning boshqa hududlariga borishni taqiqlab qo‘yganini, ammo o‘sha odamlarga dunyoning istalgan boshqa mamlakatiga chiqib ketishga ruxsat berganini tushunmayapman. Virusga chalingan odamlar Xitoyning boshqa hududlariga bormasin, ammo dunyoning istalgan davlatiga chiqib ketaversin, shunaqami? Xitoy ana shu jirkanch ishi uchun javob berishi kerak», degan Tramp.

New York Times gazetasi payshanba kuni xabar berishicha, Oq uyning yuqori lavozimli rasmiylari AQSh razvedka idoralariga koronavirus tarqalib ketishida Uhan tadqiqot laboratoriyasining aloqadorligini aniqlashni buyurgan.

AQSh hukumatning ismi oshkor qilinmagan vakili NBC News telekanaliga ma'lum qilishicha, hukumat tomonidan razvedka tuzilmalariga Xitoy va JSST koronavirus tarqalishining dastlabki bosqichlarida uni yashirganmi yoki yo‘qligini aniqlash buyurilgan.

Maxsus xizmatlar nima dedi?

Omma oldida kamdan kam chiqish qiladigan Milliy razvedka idorasi direktori payshanba kuni razvedka tuzilmalari ko‘plab olimlar bilan gaplashib virusning tabiiy holda tarqalgani haqiqatga yaqin ekanini aytdi. Bu AQSh razvedkasining yangi virus biologik qurol bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga berilgan ilk aniq javobi bo‘ldi.

Uhandagi laboratoriya nimani anglatadi?

Uhandagi 4-darajali virusologiya laboratoriyasi paydo bo‘lishi - XXR uchun obro‘ edi
Foto: AFP

1950 yilda tashkil etilgan Uhan virusologiya instituti xalqaro BSL-4 darajali klassifikatsiyaga ega bo‘lgan Xitoydagi ilk laboratoriya hisoblanadi. Bunday laboratoriyalarda eng xavfli patogenlar tekshiriladi. Ularga qarshi vaksinalar va antivirus vositalar hanuz mavjud emas yoki juda kam aniqlangan.

44 million dollar evaziga fransuz mutaxassislari yordamida qurilgan va 2015 yilda ochilgan Uhan institutida joylashgan ushbu laboratoriyaning bo‘limlaridan birida ko‘rshapalaklarni o‘rganish uchun alohida laboratoriya ham bor.

Nature jurnaliga ko‘ra, Uhandagi laboratoriyaning ko‘plab xitoylik xodimlari Fransiyaning Lion shahridagi shunga o‘xshash laboratoriyada amaliyot o‘tashgan. Bunday yuqori darajadagi laboratoriyani ochish bir tarafdan Xitoy uchun obro‘ hisoblansa, ikkinchi tarafdan ushbu laboratoriyani tashkil etish bilan Xitoy dunyodagi ko‘plab shu toifadagi laboratoriyalar bilan aloqa o‘rnatgan holda muhim tadqiqotlarni o‘tkazmoqda.

Tramp Xitoyni nimalarda ayblamoqda?

AQShning so‘nggi yillardagi prezidentlari orasida Tramp turli masalalarda Xitoyni eng ko‘p ayblayotgan prezidentdir. Ayniqsa, 2018 yilda AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo urushi boshlanganidan beri (bu savdo urushini AQSh prezidenti boshlagan) Tramp Xitoyni tinimsiz ayblab keldi. Har ikki davlat o‘sha mojaro yuzasidan joriy yil boshida kelishuvga erishganidan so‘ng Tramp Xitoyni ayblashni to‘xtatgan edi. Koronavirus tarqala boshlagach, Tramp Xitoyni virusni qasddan dunyoga tarqatib yuborishda ayblab chiqdi. So‘nggi kunlarda AQShda bu virus bilan kasallanganlar va vafot etganlar soni rekord darajada ko‘payganidan so‘ng Tramp pandemiyaning dunyoga tarqab ketishida Xitoyni yanada ko‘proq va keskinroq ayblay boshladi.

O‘tgan chorshanba kuni Tramp Xitoy uning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishini xohlamayotganini aytib, Chin o‘lkasiga yangi ayblovlarni to‘nkadi. Shuningdek, u Xitoy hukumatini virus tarqalishining oldini olish imkoniyati bo‘laturib virus tarqalishining dastlabki bosqichlarini yashirganlikda aybladi.

Tramp koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketishida nafaqat Xitoy hukumatini, balki bu mamlakatga virusni tarqatib yubormaslik talabini qo‘ymagan JSSTni ham ayblamoqda. Tramp JSSTni ayblash barobarida AQShning ushbu xalqaro tashkilot budjetiga muntazam ravishda o‘tkazib kelgan mablag‘ini to‘xtatib qo‘yish bayonoti bilan chiqdi.

Trampning ayblovlariga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh prezidenti ma'muriyatini o‘z mamlakatida epidemiya tarqalishiga befarq bo‘lganlikda, pandemiyaning oldini olish uchun tezroq va qat'iyroq harakat qilmaganlikda ayblab chiqdi. Xitoy TIV vakili Trampning Xitoyga nisbatan bildirayotgan ayblovlariga munosabat bildirar ekan, Covid-19 virusini har qanday davlatda ishlab chiqarishi mumkinligini, shu uchun uning tarqalishida birgina Xitoyni ayblash nohaqlik bo‘layotanini aytgan.

Washington Post gazetasining xabariga ko‘ra, Donald Tramp ma'muriyati qanday qilib bo‘lsa-da Xitoyni moliyaviy tomondan jazolash yo‘llarini izlamoqda. Nashrga ko‘ra, koronavirus oqibatida yetkazilgan zarar uchun tovon puli undirish yoki qarz majburiyatlarini bekor qilish uchun Xitoy hukumatiga da'vo qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda.

Tramp va AQSh razvedkasi

2020 yil yanvar oyida Tramp AQSh razvedka tuzilmalarini Eronning yolg‘onlariga ishonishda ayblab chiqdi. U shuningdek, razvedka tuzilmalarining Shimoliy Koreya tomonidan qilinishi mumkin bo‘lgan tahdid darajasi ko‘rsatilgan xulosasini baholashni rad etdi.

Tramp AQSh razvedkasining xulosasini rad etishi ilk marta yuz bermayapti. Rossiya 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashgani haqidagi razvedka ma'lumotlari ham Tramp tomonidan rad etilgandi. Ayniqsa bu ma'lumotlar Vladimir Putin bilan uchrashuv vaqtida inkor qilingani Trampning obro‘siga salbiy ta'sir qilgandi.

O‘shanda xavfsizlik tuzilmalari tergov davomida rossiyaliklar AQSh demokratlar partiyasining serverlarini buzib kirganlikda va soxta yangiliklar tarqatganlikda ayblaganiga qaramay, Tramp Rossiyani ovoz berish jarayonida o‘ziga yordam berganini rad etib keladi.

Hozir jang qilish mavridimi?

BBC muxbiri Jonatan Markus bu vaziyat haqida shunday deydi: «Bugun ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, prezident Trampning Xitoyni ayblashlari asosan ichki siyosiy muammolar, shuningdek, uning kuzda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida qayta saylanish kampaniyasi bilan bog‘liq. So‘nggi paytlarda Tramp ma'muriyati rasmiy Pekinga Xitoyga nisbatan paydo bo‘lgan adovatni yanada kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda.

Hozirgi nisbatan keskinlik har ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda bir necha oy yoki uzog‘i bilan bir yilga cho‘zilishi mumkin. Albatta, Xitoyni tanqid qilish uchun ham asoslar yetarli: Xitoy hukumati Covid-19 virusi tarqala boshlagan dastlabki bosqichlarda sust harakat qildi. Shuningdek, sodir bo‘lgan inqirozdan o‘z siyosiy maqsadlarida foydalandi.

Hatto Trampning raqibi, demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lishi kutilayotgan Jo Bayden ham joriy yilda o‘tkazgan saylovoldi chiqishlarida Xitoy haqida ko‘proq gapira boshladi. Aftidan u ham Xitoydan «muhim dushman» yasab, bundan saylovoldi kampaniyasida foydalanmoqchi.

Hammasi o‘z yo‘liga, ammo dunyoda koronavirus tufayli yuzaga kelgan qaltis vaziyatda ikki yirik davlatning o‘zaro yovlashib yurishi to‘g‘rimi?

G‘arbning taxmini xato chiqib, Xitoy koronavirus sabab «sinmadi». Bugun Xitoy dunyoda har tomonlama AQSh bilan taqqoslanadigan harbiy qudratga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Uning 5G texnologiyasi yoki sun'iy intellekt kabi strategik muhim sohalardagi texnologik imkoniyatlari hammani hayratga solmoqda.

Xitoy yanada kengroq imkoniyatlarga keng savdo aloqalari, dunyo bo‘ylab moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy harakatlar orqali erishdi. Bu Xitoyning xalqaro «o‘yin qoidalari»ga tobora ko‘proq ta'sir ko‘rsatadigan va boshqalar u bilan hisoblashishi kerak bo‘lgan kuchga aylanib borayotganini anglatadi.

Pekinning kundan kunga ortib borayotgan ta'sir doirasiga qarshi tura olish va shu bilan birga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash kabi global loyihalarda birgalikda ishlash AQShning bo‘lajak prezidenti uchun asosiy tashqi siyosiy vazifa bo‘ladi».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top