18:35 / 05.05.2020
44395

Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri ishdan ketdi. Mamlakatda virus yuqtirganlar soni 300ga yaqinlashgan

Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Nasim Olimzoda lavozimidan ozod etildi. Endi uning vazifasini «Istiqlol» klinikasi direktori Jamoliddin Abdullazoda bajarib turadi.

Nasim Olimzoda / Foto: president.tj

Tojikiston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vaziri Nasim Olimzoda Xo‘ja o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlikda o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilish chog‘ida Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda ma'lum qilgan. 

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon vazirni iste'foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonini imzolagan.

Endi vazirlikka «Istiqlol» klinikasi direktori Jamoliddin Abdullazoda vaqtinchalik rahbar etib tayinlangan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bugun Tojikistonda yana 63 kishida virus aniqlangan va jami zararlanish holatlari soni 293taga yetdi.

Shuningdek, o‘tgan bir kun davomida yana ikki kishi koronavirusdan vafot etdi va jami o‘lim holatlari soni beshtaga yetdi.

4 may kuni Tojikistonda birato‘la 102 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cho‘lponboyev lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top