08:58 / 07.05.2020
38026

Karantin davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi e'lon qilindi

Karantinga oid choralar amal qilishi davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi tasdiqlanadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Karantinga oid choralar amal qilishi davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Karantinga oid choralar amal qilishi davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, karantin davrida vaxta uslubida ishlash ish koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida xodimlarning yashash joyiga bormasdan, ishdan so‘ng yotoqxona, mehmonxona, konteynerlardan barpo etilgan maxsus turar joy va boshqa yashash joylarda yashashi hamda transportda qatnovi korxona tomonidan tashkillashtirilgan ishlar hisoblanadi.

Vaxta uslubida ishlashning davomiyligi bir oydan oshmasligi kerak. Ushbu muddat karantin davri tugagunga qadar uzaytirilishi mumkin.

Ishlarni vaxta uslubida tashkil qilish haqidagi qaror kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda korxona rahbari tomonidan qabul qilinadi.

Ishlarni vaxta uslubida tashkil etish bilan bog‘liq, lekin mazkur nizomda ko‘zda tutilmagan masalalar amaldagi qonunchilikka muvofiq hal qilinadi.

Vaxta uslubining tashkil etilishi obektlardagi ishlar bir maromda, uzluksiz va kompleks ravishda amalga oshirilishi bo‘yicha o‘zgaruvchan jadvalga binoan bajarilishini ta'minlashi lozim.

Ishlar, qoidaga ko‘ra, ishlarni tashkil etish va mehnatga haq to‘lash prinsiplarini qo‘llagan holda, shuningdek vaxta xodimlari ketma-ket almashinishi va moddiy boyliklar saqlanishini ta'minlash bilan bajarilishi zarur.

Vaxta uslubida bajariladigan ishlarga quyidagilar jalb qilinishi mumkin emas:

18 yoshga to‘lmaganlar;

homilador ayollar;

3 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lgan ayollar;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq vaxta uslubida ishlashga ruxsat etilmagan shaxslar.

Karantin davrida vaxta uslubida ishlashda ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi munosabati bilan xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday holda xodim sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emas.

Xodim vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilgan davrda unga bajarayotgan ishiga qarab, lekin avvalgi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanadi.

Xodimlarni korxona joylashgan joydan yotoqxonaga yetkazish va qayta olib kelish iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq hisoblangan transport turlari bilan, imkon qadar idoraviy transport vositalaridan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan “COVID-19 pandemiyasi davrida cheklash tadbirlarini qo‘llanishi sharoitida davlat idoralari va boshqa tashkilotlar, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi vaqtinchalik sanitariya qoida va me'yorlari” asosida korxona hisobidan amalga oshiriladi.

Ish beruvchi tomonidan vaxta uslubida ishlashga jalb qilinadigan xodimlar dam olish vaqtida hayot faoliyatini ta'minlash uchun kerakli jihozlar va maishiy texnikalar bilan ta'minlangan, tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatish tashkillashtirilgan yotoqxonalarda yashaydilar.

Xodimlarni yashash joylari maxsus moslashtirilmagan sanitariya-maishiy yoki boshqa binolarga joylashtirilishi qat'iyan man etiladi.

Vaxta uslubida ishlashda xodimlar ish beruvchi tomonidan uch mahal issiq ovqat bilan ta'minlaydi va ovqatlanishi uchun sanitariya qoidalari talablariga javob beradigan sharoit yaratadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top