01:11 / 07.05.2020
46666

Rossiyalik milliarder jonsiz holda topildi

Rossiyalik milliarder, “Alltek” guruhi direktorlar kengashi raisi va eng yirik aksiyadori Dmitriy Bosov Moskva viloyatining Usovo posyolkasidagi uyida jonsiz holda topildi. Ta'kidlanishicha, 52 yoshli biznesmen o‘z joniga qasd qilgan.

Dmitriy Bosov Foto: Aleksandr Ryumin/TASS

Bu haqda RBK nashriga uning uchta tanishi hamda biznesmenga tegishli kompaniyalardan birining top-menejyeri ma'lum qilgan.

Manbalardan birining ma'lum qilishicha, milliarder 6 mayga o‘tar kechasi o‘z joniga qasd qilgan.

Moskva viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasida politsiya kechasi Bosov yashagan Usovo posyolkasiga o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq chaqiruv bo‘yicha chiqqanini ma'lum qilgan. Tadbirkor boshidan olingan o‘qotar jarohat oqibatida jon bergan. Uning jasadi yonida Glock 19 gen 4 to‘pponchasi topilgan.

Tadbirkorning jasadini uning rafiqasi va uyidagi fitnes-zal qo‘riqchisi aniqlagan. Ta'kidlanishicha, Bosov rafiqasining qo‘ng‘iroqlariga javob bermagach, u xavotirlanib uyiga qaytgan. Ayol qo‘riqchi bilan kuzatuv kameralaridagi yozuvlar bo‘yicha turmush o‘rtog‘i fitnes-zalga kirganini ko‘rgan. Zal eshigi ichkaridan qulflangan bo‘lgan. U urib ochilganda ichkarida biznesmen jasadi aniqlangan.

Bosovning yaqin tanishlaridan birining ta'kidlashicha, u oxirgi vaqtda “asabiy holda” bo‘lgan hamda oilasida tez-tez mojarolar yuz berib turgan.

Bosov antratsit (eng yuqori sifatdagi toshko‘mir) qazib olish va uni eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi va Rossiyada metallurgik ko‘mir ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya “Sibantratsit”ni nazorat qiluvchi “Alltek” guruhi rahbari hisoblangan. U, shuningdek, yana bir nechta kompaniyalarga, jumladan “VostokUgol”ga egalik qilgan. Forbes nashri milliarderning boyligini 1,1 mlrd dollarga baholagan va rossiyalik milliarderlar ro‘yxatida 86-o‘ringa qo‘ygan. 

Aprel boshida Bosov “VostokUgol” bo‘yicha biznes-hamkori va “Sibantratsit” direktorlar kengashi a'zosi Aleksandr Isayevni bo‘shatib yuborgan. Isayevning bo‘shatilishi sababi sifatida o‘z vakolatini suiiste'mol qilish va u tomonidan o‘ziga ishonib topshirilgan hududlarda o‘g‘rilik qilish hamda yolg‘on ma'lumotlarni tarqatish kabilar ko‘rsatilgan.

Top