08:36 / 07.05.2020
15279

Venesuela prezidentini AQShga olib chiqib ketmoqchi bo‘lishgan

Venesuelaga bostirib kirib, prezident Nikolas Maduroni o‘ldirishga urinish vaqtida qo‘lga olingan ikki amerikalikdan biri diversantlarning rejasi haqida so‘zlab berdi, Uning ta'kidlashicha, jangarilar Maduroni AQShga olib chiqib ketishlari kerak bo‘lgan.

Foto: REUTERS

Qo‘lga olingan amerikalik, Floridada joylashgan Silvercopp xususiy qo‘riqlash kompaniyasi xodimi Lyuk Denmanning so‘roq qilinishi videosi Maduroning tvitterdagi sahifasida joylangan. 

“Biz Venesuelaga yetib borib, Karakasga tushishimiz va aeroportni bosib olishimiz kerak edi. Biz olgan ko‘rsatmalar prezident Maduroni samolyotga xavfsiz o‘tkazishni ta'minlash uchun aeroportni bosib olishni o‘z ichiga olgan”, deb aytgan amerikalik.

Shaharda taktik operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Denmanning aytishicha, hujumda ishtirok etganlik uchun gonorar 50 mingdan 100 ming dollargachani tashkil qilgan, jangarilar guruhi esa 20 kishidan iborat bo‘lgan. Hujumga tayyorgarlik 2019 yil dekabrda boshlangan.

Asirga olingan amerikalik jangarilar guruhi tarkibiga Silvercorp’ning yana 2 xodimi kirgani va bu xususiy kompaniya rahbariga buyruqlarni shaxsan AQSh prezidenti Donald Tramp berganini qo‘shimcha qilgan.

Venesuela ichki ishlar vaziri Nestor Reverol 3 may kuni dengiz tomondan kolumbiyalik jangarilar hujumi qaytarilganini ma'lum qilgandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, jangarilar Venesuelaga tezyurar katerlarda bostirib kirmoqchi bo‘lgan. Keyinroq hujumni qaytarish vaqtida 8 kishi qo‘lga olingani, 2 kishi yo‘q qilingani ma'lum qilingan.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning ma'lum qilishicha, hujum ishtirokchilari orasida ikki amerikalik - AQSh prezidenti shaxsiy qo‘riqlash xizmati xodimlari bo‘lgan.

Vashington o‘z fuqarolari qo‘lga olinganini tasdiqlamagan. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh qo‘lga olinganlar haqiqatan ham amerikaliklar ekanini aniqlash bo‘yicha jarayon boshlashini ma'lum qilgan.

“Agar Maduro tuzumi ularni ushlab turishga qaror qilsa, biz ularni qaytarish uchun barcha vositalardan foydalanamiz”, deb aytgan Pompeo. 

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp va Pentagon rahbari Mark Esper Vashingtonning ushbu voqealarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma'lum qilishgan.

Mavzuga oid
Top