11:00 / 09.05.2020
7194

«Buxoro hududiy elektr tarmoqlari»: Talafotlar bartaraf etilmoqda

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

27 aprel kuni mamlakatimizga kuchli shamol oqimining kirib kelishi oqibatida qator hududlarda, ayniqsa Buxoro viloyati elektr ta'minotida avariyali uzilish holatlari kuzatildi. Tabiiy ofat elektr tarmoqlariga jiddiy shikast yetkazdi.

Talafotlarni tez fursatlarda to‘la bartaraf etish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tomonidan barcha resurslar ishga solinib, zudlik bilan ta'mirlash, tiklash ishlariga kirishildi.

Ayni vaqtda viloyatning jiddiy talafot ko‘rgan Olot va Qorako‘l tumanlaridan tashqari barcha tuman, shahar hududlaridagi talafotlar to‘la bartaraf etilib, iste'molchilarning elektr energiyasi ta'minoti tiklangan.  Olot hamda Qorako‘l tumanlarida hal etilishi kerak bo‘lgan talaygina ishlar mavjud. Biroq bu xalq tili bilan aytganda «svetchi»larni aslo cho‘chitayotgani yo‘q.

Xodimlarimiz birdamlik, dadillik, shijoat, matonat va mardlik kabi fazilatlarni namoyon kilgan holda tinimsiz ravishda mehnat olib bormoqdalar. Hozirda Olot tumani bo‘yicha 500dan ziyod yangi temir beton tayanchlar o‘rnatilib, havo liniyalari yangilanib, 168ta transformator punktlari ta'mirlandi va yaroqsizlari o‘rniga yangilari o‘rnatilib, 8 992ta xonadonning elektr ta'minoti tiklandi.

Qorako‘l tumani bo‘yicha 400ga yaqin yangi temir beton tayanchlar o‘rnatildi. Havo liniyalari yangilanib, 148ta transformator punktlari ta'mirlandi va yaroqsizlari o‘rniga yangilari o‘rnatildi. Shu tariqa Qorako‘lda 11 402ta xonadonning elektr energiyasi ta'minoti tiklandi.

«Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmati

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top