18:57 / 09.05.2020
20752

Elektr, internet va ta'lim. O‘zbekistonda uydan turib pul ishlashga to‘sqinlik qilayotgan omillar ma'lum qilindi

Boshlang‘ich kapitalsiz, uydan turib pul ishlash uchun qulay yo‘l - bu frilansing. O‘zbekistonda mazkur sohada faoliyat yuritish istagini bildirayotganlar soni oshib bormoqda. MFactor loyihasining Yoshlar ittifoqi bilan tashkil etilgan navbatdagi soni “O‘zbekistonda freelance istiqboli” mavzusiga bag‘ishlandi.

 Unda tadbirkorlar Laziz Adhamov, Botir Arifjanov va Akmal Payziyev sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

 Dastur davomida tadbirkorlar O‘zbekistonda frilansing rivojlanishiga ta'sir qiladigan omillar haqidagi savolga javob berishdi.

 Akmal Payziyev:

- Birinchi o‘rinda, elektr toki bo‘lishi kerak. Mayli, quyosh panellarini qo‘yib, elektr tokini bir amallab hal qilsa bo‘lar. Eng asosiysi, internet. Internet bo‘lmasa, xuddi fermerlikni rivojlantirish to‘g‘risida gaplashyapmizu, ammo suv yo‘qdek gap. Suv bo‘lmasa, qanday qilib ekin o‘sadi? Urug‘ni olib kelish mumkin, yer bor, uni amallasa bo‘ladi, lekin suv bo‘lmasa, ekin o‘smaydi-da.

Frilans deganda G‘arb davlatlaridagi ishlashni misol tariqasida olaylik. Chunki rusiyzabon bozorda biz raqobat qila olmaymiz. Chunki u yerda Belarus, Ukraina va juda ko‘p boshqa davlatlar bor. Bozor kichkina. Asosiy katta bozor – Amerika va ingliz tilida so‘zlashiladigan Yevropa bozorlari.

 Laziz Adhamov:

- Bizda frilansga to‘sqinlik qilayotgan yana bir muhim narsa bor. Bu - ta'lim. Afsus, 10-15 yil ichida maktabni bitirayotgan bolalarning 90 foizini yo‘qotdik. Chunki ular mardikor qilib tayyorlangan. Frilans bo‘lganidan keyin Amerika bilan ishlash uchun ingliz tilini bilish kerak. Axborot texnologiyalari, dizayn sohalarini olsak, odam o‘z ustida ishlab, darslarini bajarishi kerak.Gap besh bahoda emas, o‘qish jarayonini o‘zgartirish kerak. G‘arbda erkin fikrlashni o‘rgatishadi va bozorda o‘z g‘oyalarini himoya qilib, yangilik yaratish qadriyatlari bor. Bizda maktab, institutlardagi o‘qish jarayonini olsak, ularda frilanser tayyorlanmaydi. Ular soat to‘qqizda kelib, oltida ketadigan, bajara olmasa ham “xo‘p xo‘jayin, bajaramiz” deydigan ishchi tayyorlashadi. Ta'lim madaniyatini maktablar, institutlarda o‘zgartirish kerak.

Botir Arifjanov:

- Bizdagi bor muammolar bo‘yicha gapirishni boshladik. Bizdagi internet muammosi. O‘zbekistonning internet bo‘yicha o‘tgan yilgi statistikasini ko‘rgan edim. Bizda aholining 20 milliondan ortiq qismida mobil internetdan foydalanish imkoniyati bor degan hisobot berilyapti. Bu statistika qanday va qaysi ko‘rinishda jamlanishini bilmayman. Lekin Toshkentdan tashqariga chiqqanimizdan keyin internetdan bemalol foydalanish juda qiyin, narxi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda internet hali ham 2-3 baravar qimmat. Internet hashamat bo‘lishi kerak emas. U xuddi kislorodga o‘xshagan narsa. Hozir frilans to‘g‘risida gapiryapmiz, qancha zo‘r mutaxassis bo‘lishingizdan qat'iy nazar o‘zingiz xohlagan narsani yetkazib berish uchun kanal kerak. Bu – internet. Agar biz bu narsani ta'minlab bermasak, hamma qilinayotgan ishlar, gapirilayotgan gaplar xom.

Ikkinchi masala bu – ta'lim. Frilansning turlari ko‘p deyilyapti. Lekin uning katta foyda keltiradigan yo‘nalishi – dasturlash. O‘rtacha dasturchi frilans orqali ishlaganida soatiga 15 dollardan ko‘p pul topish imkoniyati bor. Bir oyda kamida 500 yoki ming dollargacha topish imkoniyati bor. Shunday imkoniyat yaratilsa, unga dasturchilar bormi, degan savol bor. Afsuski, yo‘q. Bizda O‘zbekistonda hozirda ishlayotgan korxonalar uchun dasturchilar taqchilligi bor. Misol uchun, o‘zimizning bir loyihamizda IT`ni Moskvadan autsors qilyapmiz. Moskvadagi dasturchilardan biz istagan sifatni olish arzonroq tushyapti. Bu nima degani? Bu - bizda dasturchilar bilan bog‘liq juda katta muammo bor.

 Dastur davomida frilansning dunyodagi holati bo‘yicha ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, frilansing eng rivojlangan joylardan biri bu – Amerika Qo‘shma Shtatlari. AQShda bugungi kunga kelib, aholining 35 foizi frilansing asosida ish yurityapti. Ularning topgan daromadi 2019 yilda 1 trillion dollardan oshgan. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha frilanserning bir soatda ishlab topadigan daromadi 15-20 dollar atrofida.

 To‘liq suhbatni MFactor`ning Youtube`dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.

Top