18:45 / 09.05.2020
19533

Seulda koronavirusning yangi to‘lqini bois klub va barlar yopildi

29 apreldan 6 maygacha bo‘lgan muddat oralig‘ida Itxevondagi klublarda bo‘lganlardan uyda qolish va shifokorlarga xabar berish so‘ralmoqda.  

Foto: AP Photo / Ahn Young-joon

Seul meri Pak Von Sun shahardagi barcha barlar va klublarni yopishni buyurdi, deb yozmoqda The New York Times. Janubiy Koreya poytaxtida klublar sababli koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan.

Chorshanba kuni Yon'in shahrida yashovchi 29 yoshli shaxsda koronavirus aniqlandi, deyiladi gazeta xabarida. Epidemiologlar uning o‘tgan haftada poytaxtning Itxevon rayonidagi uchta klubda bo‘lganligini aniqlashdi. Merning so‘zlariga ko‘ra, kamida 40 nafar yangi bemor u va klublar bilan bog‘liq.  

Ushbu voqeadan so‘ng hokimiyat barcha klub va barlarga bir oyga faoliyatini to‘xtatishni tavsiya qildi, deb xabar berdi Janubiy Koreya favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik choralari bo‘yicha markaziy shtabi. 

Shuningdek, 29 apreldan 6 maygacha bo‘lgan muddat oralig‘ida Itxevondagi klublarda bo‘lganlardan uyda qolish va shifokorlarga xabar berish so‘ralmoqda.  

Mart oyi boshlarida Janubiy Koreya koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda edi. Ammo hukumat keskin cheklov choralari kiritmasdan kasallik tarqalishini to‘xtata oldi. Ushbu haftadan mamlakatda odatiy hayot tarziga qaytish boshlangandi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 10800dan ortgan, 256 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top