17:58 / 09.05.2020
25905

Shavkat Mirziyoyev: «Yuqumli kasalliklar tarqalmasligi uchun ogoh, hushyor, tayyor bo‘lishimiz kerak»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Toshkent shahri Chilonzor tumanida barpo etilgan Ikkinchi perinatal markazni borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bildirilishicha, perinatal markazda ilg‘or klinikalar tajribasi asosida eng zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Uning birinchi qavatida ko‘p tarmoqli poliklinika, yuqori qavatlarida bemorlar xonasi va umumiy amaliyot xonalari, jumladan, chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limi joylashgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 140 ta bemorni davolash mumkin.

Prezident tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Askdoctor.uz onlayn poliklinika dasturi orqali shifokorlar bilan muloqot qildi.

- Koronavirus pandemiyasi ko‘zimizni ochdi. Tibbiyotda axborot texnologiyalari qanchalik muhimligini ko‘rsatdi. Lekin bu bo‘yicha sharoitlar ham, xodimlarning malakasi ham hali yetarli emas. Shu bois rivojlangan davlatlar tajribasi asosida dastur ishlab chiqib, telemeditsinani jadal rivojlantirish kerak. Bu vaqt va xarajatni tejaydi, epidemiologik xavfsizlikni ham ta'minlaydi. Yana yuqumli kasalliklar tarqalmasligi uchun ogoh, hushyor, tayyor bo‘lishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Masofaviy texnologiyalarni tuman shifoxonalari, qishloq poliklinikalarida ham bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiyot xodimlari va aholini undan foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Perinatal markazning 100 o‘rinli majlislar zalida yurtimiz va xorijdagi mutaxassislar bilan videokonferensiyalar o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Davlat rahbari mazkur zalni ko‘zdan kechirdi. Har bir klinikaning chet elda hamkori bo‘lishi kerakligini ta'kidladi.

Markaz binosi innovatsion qurilish materiallari asosida sifatli va energiya tejamkor qilib barpo etilgan. Shoshilinch tibbiy yordam holatlari uchun barcha qulayliklar inobatga olingan, deyiladi xabarda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top