20:41 / 09.05.2020
13616

Toshkentda veteranlarga prezident tabrigi va mukofotlar yetkazildi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush va mehnat faxriylariga yo‘llagan tabrigini egalariga yetkazishdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

8 may kuni Toshkent shahrida Ikki Jahon urushi qatnashchilarining bir guruhi ishtirokida bayram dasturxoni tashkil etildi. Unda faxriylar uchun maxsus ishlangan esdalik soat, ko‘krak nishoni, 10 million so‘m mukofot puli hamda Ikki Jahon urushida jasorat ko‘rsatgan qahramonlar haqida chop etilgan kitob taqdim etildi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimi prezident tabrigini o‘qib eshittirdi. 

“Aziz va muhtaram otaxonlar! Sizni fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi hamda xotira va qadrlash umumxalq bayrami munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Ushbu buyuk g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, Vatanimizning haqiqiy qahramoni bo‘lgan Siz, qadrli va mo‘tabar yurtdoshimizga o‘zimning cheksiz hurmat-ehtiromimni va eng ezgu tilaklarni izhor etishdan g‘oyatda mamnunman. Bashariyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in hisoblangan Ikkinchi jahon urishida Sizning ona zaminimizga munosib himoya qilish, insoniyatni halokatdan asrab qolish yo‘lida ko‘rsatgan tengsiz mardlik va mislsiz jasoratingizni butun xalqimiz, bugungi minnatdor avlodlar hech qachon unutmaydilar. Siz kabi fidoyi, jonkuyar va olijanob insonlar oldida biz hamisha ta'zimdamiz.

G‘olib va muzaffar jangchi sifatida Siz urushdan keyingi og‘ir va mashaqqatli tiklanish yillarida ham mehnat frontining eng oldingi saflarida turib, mamlakatimizda tinch, ozod va obod hayot qurish borasida ham hammaga chinakam ibrat va namuna bo‘ldingiz. Barchamiz Sizdan sabot va matonatni, jonajon Vatanga sadoqatli farzand bo‘lishni, uning shon-sharafi va ravnaqi uchun o‘zini ayamasdan fidokorona xizmat qilishini o‘rganganmiz. Bugungi erkin hayotimiz, musaffo osmonimiz, yorug‘ kelajagimiz uchun ko‘p millatli xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan Sizga yana bir bora chuqur tashakkur bildiraman. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson manfaatlarini ta'minlash, el-yurtimizni rozi qilishga qaratilgan qat'iy va sa'y-harakatlarimiz amaliy va ishlarimizdagi nuroniy maslahatchi, mehribon duogo‘y va kamarbasta bo‘lib turganingiz biz uchun katta baxt, katta davlatdir.

Siz xalqimiz, Vatanimiz uchun hamisha aziz va qadrlisiz! Siz kabi faxriylarimizga yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bundan keyin ham diqqat markazimizda bo‘ladi. Yaratgandan Sizga sog‘lik-salomatlik, doim farzandlar, nevaralar, chevaralar, el-yurtimizning mehri va ardog‘ida bo‘lishni tilab qolaman. Qutlug‘ g‘alaba bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!

Sizga cheksiz hurmat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev!”, – deya tabrik so‘zini yetkazdi hokim Ortiqxo‘jayev.

Toshkent shahar hokimligining ma'lum qilishicha, urush faxriylarining bir guruhi poytaxtda joylashgan AkfaMedline shifoxonasida salomatligini mustahkamlagan. Bundan tashqari, shaharda istiqomat qiluvchi yuzlab mehnat faxriylari hamda fronorti ishtirokchilarini bayram bilan qutlash, davlat rahbari tabrigini yetkazish davom etadi.

Mavzuga oid
Top