01:55 / 12.05.2020
51699

Dunyodagi vaziyat: Uhanda yangi holatlar va karantindan chiqayotgan Fransiya

Xitoyda virus o‘chog‘i bo‘lgan Uhanda va mamlakat shimoli-g‘arbida joylashgan Girin provinsiyada yangi zararlanish holatlari qayd etilishi davom etmoqda.

Foto: AFP

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 4,2 milliondan ortgan, 285 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboniga aylangan.

Uhanda 5 kishida Covid-19 uchun test ijobiy natija bergan. Bu shaharda 3 apreldan buyon ilk marta yangi zararlanish holatlari qayd etilgan.

Hukumat ma'lumotiga ko‘ra, virusga chalinganlar bir turar joy kompleksida yashashgan.

Ekspertlar erkin harakatlanishga yo‘l qo‘yilishi virus tarqalishini yana qaytarishi mumkinligidan ogohlantirgan bo‘lsa-da, Xitoy hukumati aprel oyida yangi zararlanish holatlari deyarli yo‘qolgach qat'iy karantin choralarini yumshatishni boshlagandi

Yakshanba kuni Girin provinsiyasidagi Shulan shahrida 11 kishida virus aniqlandi. Shimoliy Koreya va Rossiya bilan chegara hududida joylashgan ushbu shaharda karantin joriy etildi. Ushbu shahar ayni vaqtda xavf darajasi eng yuqori darajaga ko‘tarilgan yagona shahar bo‘lib turibdi.

Shahar aholisiga uydan chiqmaslik buyurilgan. Faqat oziq-ovqat mahsulotlari xaridi uchun do‘konga borish mumkin. Jamoat transporti harakati to‘xtatilgan, taksilarga shahar hududidan chiqish taqiqlangan.

Hozircha yangi kasallanish holatlari manbasi aniq emas, ammo Girin provinsiyasining geografik joylashuvi, Shulan shahri Rossiya va Shimoliy Koreya bilan chegaradosh hududda joylashganidan kelib chiqib, xitoylik mutaxassislar infeksiya mamlakatga qaytgan migrantlar orqali olib kelinganini istisno qilmayapti.

Janubiy Koreyada virus tarqalishining yangi o‘chog‘i paydo bo‘lgan / REUTERS

Janubiy Koreyada yana 35ta yangi holat qayd etildi. Bu so‘nggi bir oydan ko‘proq vaqt ichida kunlik zararlanish holati bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir (10 may kuni 34 holat aniqlangan va bu ham so‘nggi vaqtlardagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgandi).

Zararlanganlarning 29 nafari Seuldagi tungi klubda (noan'anaviy jinsiy oriyentatsiyaga ega erkaklar yig‘iladigan klub) bo‘lishgan. Ularning barchasi 29 yoshli yigitdan virus yuqtirib olishgan.

O‘tgan haftaning dam olish kunlarida shahardagi tungi klublarga 3 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan. Ularning barchasi koronavirus uchun anonim test topshirishi mumkin.

Hukumat vakillari ular bilan aloqaga chiqish oson bo‘lmagan - klub va barlarda qoldirilgan shaxsiy ma'lumotlarda asosan o‘ylab topilgan ismlar qayd etilgan. 

Karantin qanday yumshatilmoqda?
Fransiyada millionlab kishilar sakkiz haftalik karantinni yakunlab o‘z ish joylariga qaytishdi. Mamlakatning ayrim hududlarida nooziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar faoliyatiga ham ruxsat berildi, boshlang‘ich maktablar ochildi, endi fuqarolardan uydan chiqish uchun maxsus sertifikatlar so‘ralmaydi.

Parij metrosi vagonlarining yarmi bo‘sh qoldirilmoqda / GETTY IMAGES

Shu bilan birgalikda, yirik shaharlarda, shu jumladan poytaxt Parijda qat'iy cheklovlar saqlanib qolmoqda. Mamlakat virus tarqalishi xavfi mavjudligiga qarab «yashil» va «qizil» hududlarga ajratilgan. Bundan tashqari, Fransiyada jamoat transportida va katta yoshli bolalar maktablarida tibbiy niqobda yurish majburiy qilib qo‘yilgan. Parijga borishni istaganlar o‘z ish beruvchisining ruxsatini olishi kerak bo‘ladi.

BBC nashrining Fransiyadagi muxbiri Xyu Skofildning so‘zlariga ko‘ra, karantin choralari yengillashtirilgan ilk kundanoq ko‘chalar odamlar bilan to‘lgan. Hozircha Parij transport tizimiga bosim bo‘lmayapti, poyezd metrolari yarim to‘lgan holda harakatlanmoqda. Shu tufayli ijtimoiy masofa saqlash tartibiga amal qilinishi ta'minlanmoqda. Do‘konlar mijozlar uchun ochiq, ammo xaridorlar ichkariga ma'lum miqdorda kiritilmoqda.

Fransiyaning barcha hududlarida do‘konlar, sport markazlari va qabristonlar ochilgan, ammo Parijda savdo majmualari yopiqligicha qolmoqda. Shuningdek, hozircha kafelar, restoranlar va plyajlar faoliyatiga ruxsat berilmadi.

Germaniyada ham yangi holatlar soni o‘sa boshlagan bo‘lsa-da, 11 may kuni sportzallar va kafelar ochildi. Mamlakatdagi har bir federal yer qaysi choralarni yumshatishni mustaqil hal qiladi.

Mamlakat aholisining katta qismi endilikda o‘z oila a'zolari bo‘lmaganlar bilan ham uchrasha olishi mumkin. Maktablarga yanada ko‘proq o‘quvchilar qaytishiga ruxsat berilgan.

Eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerida kafe va restoranlar ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya etgan holda mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Niderlandiyada keksalar uylariga (Covid-19 asosan yoshi keksalar o‘limiga sabab bo‘lmoqda) qarindoshlar va do‘stlar tashrif buyurishi muammosi hal etildi - keluvchilar o‘rtasidan oyna bilan ajratilgan maxsus xonada uchrashishlari mumkin.

Claris Healthcare rahbari BBC nashriga so‘zlab berishicha, keksa yoshli kishilarning ko‘pchiligi nima uchun o‘z yaqinlari bilan ko‘rishishi mumkin emasligini tushunishmaydi.

«Bu yerda yashovchilarning aksari Alsgeymer yoki demensiyadan aziyat chekishadi va ularning ko‘pchiligi uchun iPad orqali Zoom’da gaplashish qiyinchilik tug‘diradi. Ular hamisha ham bu muloqot real hayotda bo‘layotganiga ishonishmaydi, ular ikkinchi tomonda faqat surat turibdi va ovozlar oldindan yozib qo‘yilgan deb o‘ylashadi. Shu tufayli ular ikkinchi tomonning so‘zlariga javob qaytarishmaydi», - deydi u.

AQSh: jonivorlar uchun masofa saqlash va Nyu-Yorkda jonlanish
Koronavirusdan eng jiddiy zarar ko‘rgan Nyu-York shtatida ayrim karantin cheklovlari yumshatilmoqda, bu haqda gubernator Endryu Kuomo ma'lum qildi. Juma kunidan faoliyati virus tarqalishi xavfini tug‘dirmaydigan korxonalar va xizmatlarga ishlashga ruxsat berildi. Jumladan, tennis kortlari va kinoteatrlar ochildi, bog‘chalar faoliyati tiklandi.

AFP

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, butun mamlakatda bo‘lgani kabi shtatda ham o‘lim darajasi pasaygandan pasaymoqda. So‘nggi bir kunda Covid-19dan 207 kishi o‘limi qayd etildi; so‘nggi marta bunday quyi ko‘rsatkich 20 mart kuni kuzatilgandi.

AQSh butun dunyo bo‘yicha koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatdir: 1,38 milliondan ortiq zararlanish holati va 81,4 mingdan ortiq o‘lim.

Bu vaqtda Amerika oziq-ovqat va dori-darmonlar bo‘yicha sanitar nazorat boshqarmasi uy jonivorlari egalariga o‘z sevimli jonivorlari bilan masofa saqlashni tavsiya qildi.

Tashkilot uy jonivorlari begona odamlar va boshqa jonivorlar bilan aloqa qilmasligi kerakligini qayd etgan. Mushuklarni uydan tashqariga chiqarmaslik, kuchuklarni esa boshqalardan ikki metr masofani saqlagan holda sayr qildirish so‘ralgan.

Boshqarma jonivorlar egalaridan jonivorlar uchun mo‘ljallangan maydonlar va boshqa ko‘plab kishilar o‘z jonivorlari bilan keladigan hududlarga bormaslikni so‘ragan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top