01:14 / 13.05.2020
17036

Bank tizimini isloh qilishning 5 yillik strategiyasi tasdiqlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni «2020–2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

Foto: Shutterstock

Farmon bilan tegishli strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Hujjat asosida kelgusi 5 yil davomida bank sohasini o‘zgartirishning konseptual asoslari, tamoyillari va yo‘nalishlari belgilandi.

Unga ko‘ra, bank sohasida o‘rta muddatli islohotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:

  • sektorni qayta qurish – banklarni o‘zgartirish va xususiylashtirish;
  • bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi standartlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini va boshqalarni joriy etgan holda qonunchilik bazasini takomillashtirish;
  • mijozlarga yo‘naltirilgan xizmatlar, kreditlash mexanizmlari va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va kengaytirish;
  • kadrlar malakasini oshirish.

2025 yilga borib quyidagi maqsadlarga erishish ko‘zda tutilgan:

  • bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025 yilga kelib 60 foizgacha oshirish;
  • banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025 yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;
  • 2025 yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;
  • umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025 yilga kelib 4 foizgacha oshirish.

Strategiya Jahon banki ekspertlari yordamida Moliya vazirligi va Markaziy bank mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bunda xalqaro amaliyot va yondashuvlar, jumladan, MDH va Sharqiy Yevropa tajribasi hisobga olingan.

Top