01:41 / 14.05.2020
14825

Xitoydan Kiprga tibbiy yuk bilan uchgan samolyot Turkiya sababli Moskvaga uchishiga to‘g‘ri keldi

13 may kuni Xitoydan Kiprga tibbiy yuk bilan uchgan samolyot Turkiya o‘z havo hududi orqali uni o‘tkazishga ruxsat bermagach, Moskva tomon uchishiga to‘g‘ri keldi.

Foto: Globallookpress

Bu haqda Kipr transport vaziri Yannis Karusosga tayanib Kipr yangiliklar agentligi (CNA) xabar qildi.

Reysni Rossiyaning Azur Air aviakompaniyasi amalga oshirgan. 

Vazirning ta'kidlashicha, Anqara samolyotga o‘z havo hududi orqali uchib o‘tishga ruxsat bermagach, laynerning Turkiyani aylanib o‘tib, Kiprga yetib olishi uchun yonilg‘isi yetmasligi ma'lum bo‘lgan. 

“Uchuvchi parvoz yo‘nalishini o‘zgartirib, yonilg‘i quyib olish uchun Moskvadagi aeroport tomon yo‘l olgan”, deb aytilgan xabarda. 

Ta'kidlanishicha, samolyot Vnukovo aeroportiga yo‘nalgan.

Karusosning ta'kidlashicha, Kipr tashqi ishlar vazirligi bu hodisa haqida xabardor qilingan va bunga nisbatan tegishli choralar ko‘radi. 

Samolyot Kiprga koronavirusga qarshi kurash uchun zarur bo‘lgan tibbiy vositalar, jumladan, himoya kiyimi, baxila, bir marotabalik jarrohlik kiyimi va himoya niqoblaridan iborat 36 tonna yukni yetkazishi kerak bo‘lgan. Samolyot Xitoyning Binxay aeroportidan uchgan va Larnaki aeroportida qo‘nishi kerak bo‘lgan.   

Turkiyaning samolyotni o‘tkazmaganiga koronavirusga qarshi kurash doirasida barcha davlatlar bilan aviaaloqani to‘xtatgani sabab bo‘lishi mumkin.

Turkiya OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Anqara xalqaro aviaaloqani 12 iyundan tiklamoqchi.  

Mavzuga oid
Top