17:22 / 15.05.2020
17180

Mirzaobodda ham jabrlanuvchilarga sertifikat va pul mablag‘li bank kartochkalari tarqatildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzaobod tumanida ham bo‘lib, favqulodda holatdan talafot ko‘rgan joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Tumanning «Navbahor» mahallasi hududida 360 kvartirali 9ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, «Navbahor», «Haqiqat» va «Yangiovul» mahallalarida jami 616ta kottej ta'mirlanadi. Ushbu ishlarga Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari quruvchilari biriktirilgan.

Mutasaddilar bilan suhbatda qurilish-ta'mirlash ishlarini sifatli bajarish kerakligi, mahalliy, energiya tejamkor va zamonaviy materiallardan foydalanish muhimligi ta'kidlandi.

Davlat rahbari mirzaobodlik nuroniylar, mahalla faollari va xonadon egalari bilan uchrashdi.

Uy-joylar va infratuzilmani tiklash, elektr energiya, gaz, ichimlik suvi ta'minoti va yo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani aytildi.

Uchrashuvda aholini nafaqat uy-joy bilan ta'minlash, balki korxonalar tashkil etib, ish o‘rinlari yaratish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Shu maqsad bilan qisqa vaqtda qiymati 2 trillion 143 milliard so‘mlik 323ta katta-kichik loyihalar shakllantirildi. Ularni tatbiq etish hisobiga Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida joriy yilda 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Mirzaobod tumanida jami 1 trillion 12 milliard so‘mlik 143ta loyiha amalga oshirilib, 4,5 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etilishi mo‘ljallangan.

«GulistonGoldYarn» MChJ tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, «Mirzaobod Limonchilik klasteri» MChJ tomonidan zamonaviy tipdagi issiqxona tashkil etish, «Samoviy baxt quvonchi» MChJ tomonidan o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.

Mirzaobodlik jabrdiydalarga ham, Sardobada bo‘lgani kabi, tegishli sertifikat va pul mablag‘li bank kartochkalari tarqatildi.

  • Suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.

Davlat rahbari bu yerda ham qurilishi rejalashtirilgan turar joylarning poydevoriga tamal toshi qo‘ydi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top