23:50 / 15.05.2020
5863

Qatarda niqob taqmaganlik uchun 3 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin

Qatarda 17 may kunidan niqoblarni taqib yurish shart qilib qo‘yildi. Himoya niqoblarini barcha taqishi kerak bo‘ladi, yo‘qsa buning uchun 55 ming dollar jarima solinishi yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. 

Foto: Anadolu agency

Qatarda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun kiritilgan choralarga rioya qilinishini kafolatlash maqsadida hukumat qoidabuzarlarga nisbatan jiddiy sanksiyalar joriy qilishga qaror qildi. Niqoblarni taqmaydiganlar 200 ming Qatar riyoli (55 ming dollar) jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Ba'zi holatlarda niqob taqish rejimi qoidabuzarlariga yanada qat'iyroq chora – 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Qoidabuzarlarni oqlash uchun hech qanday vaj asos bo‘la olmaydi: barcha fuqarolar uydan chiqqanda niqob taqishlari shart bo‘ladi. Faqatgina avtomobilni boshqarayotganda kishi bir o‘zi bo‘lgandagina niqob taqmaslikka ruxsat beriladi.

Qatarda so‘nggi sutkada koronavirusdan 1733 ta kasallanish holati qayd etilib, kasallanganlar umumiy soni 29 mingdan oshib ketgan. Vafot etganlar soni 14 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top