15:52 / 15.05.2020
56601

«Til masalasi tartibga solinishi suveren davlatning ichki siyosati» – Akmal Burxanov Mariya Zaxarovaning so‘zlariga javob qaytardi

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda rasmiy doiralarda davlat tili ustuvor bo‘lishini belgilovchi qonun loyihasi atrofidagi muhokamalarga munosabatiga javob qaytardi.

Foto: Rossiya TIV

14 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi saytida Mariya Zaxarova ishtirokidagi brifing chog‘ida berilgan javoblar keltirildi. Savollardan birida O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo‘yicha munosabat so‘ralgan.

Mariya Zaxarova esa go‘yoki O‘zbekistonda rus tilini ko‘pchilik o‘zbeklar xohlayotgani, bu qonun loyihasi tarafdorlari esa kamchilikni tashkil qilishi haqida gapirgan.

«Biz ushbu qonun loyihasi bo‘yicha OAVda davom etayotgan munozaralarga e'tibor qaratdik. Shunday taassurot uyg‘onyaptiki, hozircha ushbu qonun loyihasi tarafdorlari yaqqol ozchilikni tashkil etadi. Bildirilayotgan fikrlarning aksariyati rus tilining rasmiy muloqotda saqlanib qolishi munosabatlarimizning tarixiy ruhi va zamonaviy sifatiga, eng asosiysi — ko‘pincha Rossiyada o‘qish yoki ishlash uchun tanlov qilayotgan ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga to‘la mos kelishini ko‘rsatmoqda», degan u.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov telegramdagi sahifasida rossiyalik rasmiyning bu javobiga munosabat bildirdi.

  1. Suveren davlat hududida til masalasi tartibga solinishi uning ichki siyosati masalalariga kiradi. 
  2. Rus tili bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikda dasturlarning amalga oshirilishi bu yurtimizda boshqa millat vakillariga bo‘lgan hurmatimiz darajasini bildiradi. Lekin O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili hisoblanadi va davlat organlarida ish davlat tilida yuritilishi qonunning talabidir. 
  3. Zaxarova qaysi asosga ko‘ra qonun loyihasining tarafdorlari kamchilikni tashkil qilishi va rasmiy ish yurituvida rus tili to‘liq saqlanib qolgan, degan xulosaga keldi?  
  4. Davlat idoralarida o‘zbek tilida ish yuritish O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarimiz dinamikasiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmasligi kerak. Rossiya rasmiy vakili bu masalaning O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga zid yoki zid emasligi bo‘yicha fikr bildirishga haqlimi?

Bloger Muhrim A'zamxo‘jayev O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining zamonaviy sifati umuman til masalasi bilan o‘lchanmasligi lozimligini qayd etib, deputatlar va senatorlar davlat tilining ustuvorligini mustahkamlaydigan qonun loyihasini xuddi YeOIIga qo‘shilish tashabbusini olqishlagandek qabul qilishga chaqirgan.

Blogerlar Xushnudbek Xudayberdiyev va Nozim Safari O‘zbekistonda rus tili tarafdorlari ko‘pchilik ekanini aytgan Mariya Zaxarovani yolg‘on gapirishda ayblagan.

Hozircha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi RF rasmiy vakilining so‘zlariga munosabat bildirmadi. 

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi. 

Vazirlik ba'zi davlat organlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilmayotgani va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga e'tibor qaratib, MJtKning 42-moddasiga «Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi» degan to‘ldirish kiritishni taklif etgandi.

Bu taklif ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan, keyinroq vazirlik davlat organlarida davlat tilida ish yuritish fuqarolar huquqini poymol qilmasligini ta'kidlagan holda rasmiy munosabat bildirgandi.

  • «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi qonunning yangi tahriri 1995 yili 21 dekabrda qabul qilingan. Amaldagi qonunga muvofiq, mamlakatda davlat tili — o‘zbek tili. Qonunning 10-moddasiga muvofiq, «korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin».
Top