22:16 / 16.05.2020
38426

Hamon optika internet deyishmoqda: Boysundagi bozor mojarosi bo‘yicha 9 kishiga jazo tayinlandi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumani bozoridagi mojaro ishtirokchilari uch kun muqaddam vazirlik darajasida rad etilgan asos bilan qamaldi.

Foto: KUN.UZ

12 may kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida «Tuzbozor» mahallasi hududida joylashgan dehqon bozoriga kirish qismi ekskavator bilan qazilishiga aholi keskin qarshilik ko‘rsatgani haqida video tarqalgandi. 16 may kuni Kun.uz saytida ushbu mavzu bo‘yicha o‘rganishlar asosida «Boysundagi bozor mojarosi. Hokimlik nega tadbirkorlarni kuch bilan ko‘chirmoqda?» sarlavhali material e'lon qilindi.

Boysunliklar tomonidan Kun.uz’ga xabar berilishicha, bozor ko‘chirilishiga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolardan bir guruhi 15 may kuni IIBga olib borilgan va ular ustidan sud hukmi o‘qilgan.

Ushbu xabarni Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati ham tasdiqladi.

«Joriy yilning 12 may kuni soat taxminan 14:30lar atrofida «O‘zbektelekom» AK viloyat filiali Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan Alisher Navoiy va Istiqlol ko‘chalari bo‘ylab xalqaro optik tolali kabel yotqizish uchun shu yerga buldozer olib kelinadi. Shundan so‘ng bozorda savdo-sotiq qilib kelayotgan bir guruh shaxslar o‘zlariga yetarli sharoit yaratib olgani bois, buldozerning ishlashini noto‘g‘ri qabul qilib, jarayonni videotasvirga oladi. Shovqin ko‘tarib, odamlar o‘rtasida norozilik kayfiyatini uyg‘otishga urinadi.

Tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari mazkur holatni tinchitishga harakat qilgan vaqtda, ularning gap-so‘zlarini tinglamasdan, xizmat faoliyatini olib borishiga qarshilik ko‘rsatilgan. Xalq orasida ichki ishlar idoralari xodimlarini obro‘sizlantirishga harakat qilingan. Bu yerda to‘plangan odamlarga o‘zlarining noo‘rin fikrlarini aytib, ularni ham chalg‘itishga intilishgan. Karantin davrida harakat kamligidan foydalanib, o‘z ishlarini tez, sifatli bajarishga kirishgan aloqachilar xatti-harakatini noto‘g‘ri talqin etib, ijtimoiy tarmoqlarga, saytlarga xabar joylashtirilgan.

Natijada ushbu holat yuzasidan Boysun tumani IIB XPB profilaktika inspektori tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga asosan tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ish qonuniy tartibda ko‘rib chiqilib, jazo qo‘llash uchun ma'muriy ishlar bo‘yicha Boysun tuman sudiga taqdim etildi. Shu yilning 15 may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisi qaroriga asosan fuqaro B.N.ga besh sutka, S.V., A.O., F.M., Sh.Q., M.Q., S.M., F.S.larning har biriga 15 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. X.B. ismli ayolga nisbatan eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarima jazosi qo‘llandi.

Bu qilmishlaridan ular endi qanchalik pushaymon bo‘lmasin, foydasi yo‘q. Dono xalqimiz «So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman», deya bejiz aytmaydi. Har qalay bir gapni aytishdan oldin ko‘p o‘ylab, haqiqatni so‘zlagan inson hech qachon kam bo‘lmaydi», deyiladi Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

***

Aslida bu xabar mazmunan shu joyda tugashi kerak edi. Chunki sud hukmi o‘qilgan, fuqarolar jazosini olishga kirishgan...

Endi bir holatga e'tibor qilaylik. IIB axborot xizmati xabarida aybdorlar «O‘zbektelekom» AK viloyat filiali Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan xalqaro optik tolali kabel yotqizish uchun buldozer olib kelinganida qarshilik ko‘rsatgani, holatni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgani va soha xodimlarini obro‘sizlantirishga uringani uchun jazolangani aytilyapti.

Vaholanki, buldozer kiritish, kabel tortish haqidagi gaplarning mutlaqo cho‘pchak ekanligini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi allaqachon tasdiqlagan va bu xabar bo‘yicha raddiya bergandi.

Bundan avvalroq Kun.uz muxbiriga intervyu bergan bozor xodimlaridan biri Faxriddin Mavlonov o‘sha kuni IIB tomonidan aholiga nisbatan kuch ishlatilgani haqida gapirgandi.

«Ayollarni urib-so‘kib bozordan chiqarib tashlashdi. «Nachalnik melisa» (tuman IIB boshlig‘i – tahr.) bularni peshonasidan ot, deb aytdi. Hokim esa hushidan ketganlarni ukol qilinglar, qaytib turmasin, dedi. Ramazon kunlarida xalqni xo‘rlashdi», degandi u.

Juda og‘ir savol paydo bo‘lyapti: Ma'muriy ishlar bo‘yicha Boysun tuman sudi vaziyatni o‘rgandimi o‘zi? Bir kunda «sahnalashtirilgan» sud qanchalik shaffof o‘tdi? Hukm o‘qilayotganda qanday dalillarga tayanildi? Kimlar eshitildi? Eshitildimi? 

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top